Muzraf Ikromov: Fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash – Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifasi (+video)

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha IV xalqaro forum tashkilotchilaridan biri Adliya vazirligi hisoblanadi.

Forumda so‘zga chiqqan Adliya vazirining o‘rinbosari Muzraf Ikromov Global xavflar ortgan bir sharoitda inson huquqlarini himoya qilishning barqaror kelajagini belgilab olish, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash – Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.  

O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqi kafolatlangan.  

Forum doirasida vazir o‘rinbosari bilan bevosita muloqot qilib, aholining ekologik huquqlarini ta’minlash uchun qanday ishlarni amalga oshirish zarurligi haqida suhbatlashdik.  

– Ekologik muammolar barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi, – dedi M.Ikromov. – Buning salbiy oqibatlari Markaziy Osiyoda jiddiy sezilmoqda. Global iqlim o‘zgarishi oqibatida yog‘ingarchilik miqdori ham keskin kamaydi. Bu esa, ekin maydonlarining keskin qisqarishi – cho‘llanishni kuchaytirmoqda.  

Shu bois, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida jahon hamjamiyati e’tiborini davrimizning o‘tkir muammolaridan biri – Orolbo‘yi hududidagi ekologik holatga qaratdi. Ekologik inqirozlar allaqachon bir davlat chegarasidan chiqib, tom ma’noda global ekologik muammoga aylanganini ta’kidladi.  

Shuningdek, avtomobillar ko‘paygani, tirbandliklarning avj olib borayotgani ham havoning ifloslanishi sabablarini keltirib chiqarmoqda.  

Bu kabi salbiy omillarni bartaraf etish bo‘yicha yurtimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari ilgari surgan «Yashil makon» tashabbusi chinakam umummilliy loyihaga aylandi. «Yashil makon» doirasida mamlakatimizda 1 milliard tup ko‘chat ekilmoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda muqobil energiya ulushi ikki baravarga ko‘paydi. «Yashil» vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha ilk amaliy qadamlar tashlandi. 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlandi, «2019-2030 yillar davrida mamlakatning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi» qabul qilindi.  

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish uchun har oyda «Avtomobilsiz kun» aksiyasi tashkil etilib, rahbarlar va boshqa davlat xizmatchilari ishga jamoat transportida yetib kelishi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, aholining piyoda yurishi ommaviy targ‘ib qilinib, ko‘plab «Salomatlik yo‘laklari» bunyod etildi.  

Davlatimiz rahbari tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish haqidagi tashabbusi bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu – Orolbo‘yi mintaqasida qulay muhitni ta’minlash, institutsional asoslarni rivojlantirish va «yashil» transformatsion o‘zgarishlarni rivojlantirish uchun zamin bo‘ldi.

Yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning transchegaraviy xususiyatini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasida «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik» rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Shu bilan birga, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan,  ichki resurslardan yanada samarali foydalanishimiz zarur. Insonning ekologik huquqi haqida gap ketar ekan, bu borada, avvalo, qonunchilikni yanada mustahkamlash, kerak bo‘lsa, qonun loyihalarini fuqarolar ekologik huquqlari himoyasi kuchaytirilishi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.  

Norgul Abduraimova,

Alisher Isroilov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA

Powered by GSpeech