17-iyun – Jahon cho‘llanish va
qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi yildan yilga, oydan oyga, kundan kunga ortib bormoqda. Bu fikrning tasdig‘i uchun eng yangi misollarni keltiramiz.
Birinchi misol: 2024-yil 29-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov 2025-2028-yillar uchun BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi. Shu tariqa BMTning mazkur organiga O‘zbekistondan birinchi marta vakil saylandi.
Ikkinchi misol: 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan "Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi to‘g‘risida"gi rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi. Ushbu hujjatda ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqada giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurash bilan chambarchas bog‘liq. Muhimi, rezolyutsiyada O‘zbekistonning yangi siyosati tufayli mintaqada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchinchi misol: 2024-yil 7-iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasida tarixda ilk marotaba O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Bu yutuq O‘zbekistonning global mehnat siyosatida, XMT tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda, mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g‘oyalarning ishlab chiqilishida bevosita faol ishtirok etishiga yangi imkoniyatlarni ochadi.
To‘rtinchi misol: BMT Bosh Assambleyasi 2024-yil iyun oyida O‘zbekiston va Xitoy taklif etgan va «Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni» deb nomlangan rezolyutsiyani ma’qulladi. Bu qarorda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan 2023-yilda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi va 2022-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida bildirilgan g‘oyalar o‘z ifodasini topgan. Bu g‘oyalar umumiy xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash uchun hamjihatlik ruhini rivojlantirish, konstruktiv hamkorlikka intilish, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini safarbar etishga qaratilgan.
Beshinchi misol: 2024 yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasida Iqtisodiy va ijtimoiy kengash – EKOSOSga bo‘lib o‘tgan saylovda 185 mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan O‘zbekiston ham 2025-yil 1-yanvardan boshlab Osiyo-Tinch okeani guruhida bo‘shagan to‘rt o‘rindan birini egalladi. Mamlakatimiz tarixda ilk bor ushbu tuzilmaga saylandi.
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash – BMT tizimidagi tashkilotlarning iqtisodiy-ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul asosiy organ. EKOSOS BMT doirasida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi – iqtisodiy va ijtimoiy sohalar, shuningdek, atrof-muhitni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda muhim o‘rin tutadi.
Oltinchi misol: mamlakatimizda 2024 yil 13-14 iyun kunlari “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusiga bag‘ishlangan Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Forum ishtirokchilariga murojaatida ta’kidlaganidek, “Ekologik inqiroz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi eng asosiy to‘siq va tahdidga aylandi, global miqyosda qashshoqlik bilan bog‘liq muammolar ko‘paymoqda, insonning sog‘liq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash xavf ostida qolmoqda. Bundan avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, ayollar va bolalar jiddiy aziyat chekmoqda”.
Bu salmoqli misollarning barchasi, shubhasiz, O‘zbekistonda avvalo inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, rag‘batlantirish hamda himoya qilish masalalariga ulkan e’tibor qaratilayotganini anglatadi. Shu bilan birga, Prezidentimizning Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaatidagi g‘oya va tashabbuslarning o‘ziyoq iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq inson huquqlari muammolariga yechim topish masalasi davlat rahbarining doimiy va alohida e’tibor markazida turganini tasdiqlaydi.
Bunga yana bir misol: Prezidentimiz 2022-yil 10-iyun kuni “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini imzolagan. Ushbu qarorning 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni arafasida qabul qilingani bejiz emas, Zero, ayni ezgu intilish yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari uyg‘unligidan dalolat beradi.
Bu haqda so‘z borganda, avvalo, 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni tarixi haqida muxtasar to‘xtalish lozim. Ushbu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1995-yil 30-yanvarda ta’sis etilgan bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tanlangan.
O‘zbekiston Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida birinchilar qatorida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasiga a’zo bo‘lgan. Ushbu Konvensiya 1995-yil 31-avgustda O‘zbekiston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinib, 1996-yildan kuchga kirgan. Bugungi kunda mazkur Konvensiyaga 196 ta davlat a’zo hisoblanadi.
Qurg‘oqchilik – ekinlarning hosildorligini yo‘qolishi, o‘rmon yong‘inlari va suv tanqisligi natijasida insonlar hayotining barbod bo‘lishi nuqtayi nazardan eng daxshatli tabiiy ofatlardan biridir. So‘nggi yillarda oziq-ovqat va suv tanqisligi, kuchli qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari kuchaygan.
Yerning tanazzulga uchrashi va iqlim o‘zgarishi natijasida kuchaygan qurg‘oqchilik ayniqsa shiddatli tus olmoqda. Bunday tashvishli holat 2000-yilga nisbatan 29 foiz ko‘p va har yili 55 mln. kishiga ta’sir qiladi. Eng achinarlisi, 2050-yilga borib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismiga ta’sir qilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumotlariga qaraganda, hozirgi kunda O‘zbekistonning 70 foiz yoki 31,4 mln gektar yeri qurg‘oqchil maydonlar bo‘lib, ular asosan tabiiy sho‘rlangan, ko‘chma barxan qumliklar va qumliklardan iborat cho‘l hamda issiq garmsel shamollari ta’siridagi hududlardir.
Orol dengizi suv sathining qurishi tufayli O‘zbekistonda yana qo‘shimcha 3 mln gektardan ortiq maydonda Orolqum paydo bo‘ldi. Natijada ushbu mintaqada ekologik muhit yomonlashib, cho‘llanish jarayonlari yanada kuchaydi va ko‘plab ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirdi.
Mamlakatimizda 2017-yildan buyon CADI — “Markaziy Osiyodagi cho‘llar bo‘yicha tashabbus” loyihasi amalga oshirilib kelmoqda. Loyiha Birlashgan Millatlar oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilib, Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Ekspertlarning fikricha, yerlarni qayta tiklash bioxilma-xillikni saqlashga hissa qo‘shadi. Yerning isishiga ta’sir etuvchi atmosfera uglerodining yerda saklanib kolishi tufayli iqlim o‘zgarishi jarayoni sekinlashadi. Shuningdek, bu iqlim o‘zgarishi oqibatlarining yumshashiga olib kelishi va COVID-19 pandemiyasi tugagach, “yashil” tiklanishga asos bo‘lishi mumkin.
Prezidentimizning 2019-yil 22-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada ulkan ahamiyat kasb etdi. Qaror mamlakatimizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur qaror bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga bir qator qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi. Ayniqsa, yurtimizda cho‘llanishning oldini olish, o‘rmonlarni qayta tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha halqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan samarali o‘zaro xamkorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida fikr yuritganda, xususan, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan 2019-2023-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani va amalga oshirilgani haqida to‘xtalish maqsadga muvofiq. Chunki yurtimiz uchun eng dolzarb qaynoq hududlar tanlab olingan mazkur “Yo‘l xaritasi” negizida qisqa muddat ichida bir qator ibratli ishlar bajarildi.
Misol uchun, Orol dengizining suvi qurigan hududida 2019-2022-yillarda qariyb 1,7 million gektar maydonda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Qizilqum cho‘llariga tutash hududlaridagi sug‘oriladigan vodiy yerlarni hamda infratuzilmalarni qum bosishidan saqlash maqsadida 200 ming gektardan ortiq maydonda Buxoro yashil qalqoni yaratilmoqda. Navoiy viloyatida esa 150 ming gektardan ortiq cho‘l yaylovlari holatini yaxshilash maqsadida saksovulzorlar barpo etilmoqda.
O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatilgani diqqatga molikdir. Vazirlik, jumladan:
- yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi;
- ushbu sohada davlat dasturlari va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalarni ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
- yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishi, shu jumladan yerlarni tiklash, rekultivatsiya va melioratsiya tadbirlari, yaylovlardan almashlab foydalanish, ularni saqlash va fitomelioratsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish, o‘rmonlar va ihotazorlar barpo qilish jarayonlari monitoringini yuritadi;
- yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ishlarini olib borishga mas’ul korxona, muassasa, tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar uchun bu bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish masalalari bo‘yicha departament va hududlarda Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘limlari tashkil etilgan.
Xulosa qilib aytganda, yer yuzida global miqyosda iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlari kuchayib borayotgan hozirgi zamonda, ayniqsa, bizning kam o‘rmonli mintaqamizda, asosan qumli cho‘l hududlarida o‘rmonzorlar maydonlarini kengaytirish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish juda ulkan ahamiyatga ega.
Bu muhim omil, shuningdek, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish, mahalliy aholining cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha xabardorligini oshirish, yerlardan barqaror foydalanish dasturlarini amaliyotda qo‘llashni ham taqozo etadi.
O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Parij bitimida ta’kidlanganidek, iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar ko‘rilayotganida, davlatlar inson huquqlarini hurmat qilishi, rag‘batlantirishi va himoya qilishi, asosiy diqqat-e’tiborini mazkur sohadagi majburiyatlarini bajarishga qaratishlari lozim”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 19.06.2024
- Ko'rishlar: 1493
- Chop etish