INSON HUQUQLARI SOHASIDAGI XALQARO HAMKORLIKNING USTUVOR YO‘NALISHI

«Hech shubhasiz, insoniyat to‘qnash kelayotgan iqlim bilan bog‘liq keskin muammolar oqibatlarini yumshatish inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Shu bois, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish va ilgari surish bo‘yicha tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb ishonaman».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaatida aytilgan bu so‘zlar joriy yil 13-14 iyun kunlari “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan mazkur anjumanning ahamiyatini yanada oshirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha “Samarqand ruhi”

 

Davlatimiz rahbarining murojaatida, dastavval, yurtimizda ilk bor 2018-yilda o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirgani e’tirof etildi. Bu o‘rinda bundan 6-yil oldin noyabr oyida “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70-yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusida bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha I Samarqand forumi haqida so‘z bormoqda.

Shundan so‘ng Inson huquqlari bo‘yicha II Samarqand forumi “Yoshlar  ̶ 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” mavzusiga bag‘ishlab 2020 yil 12-13 avgust kunlari, o‘z navbatida, «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Inson huquqlari bo‘yicha III Samarqand forumi 2022-yil 5-6-dekabr kunlari tashkil etildi.

Shu tariqa inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish yaxshi an’ana tusini oldi. Binobarin, Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining kelib chiqish tarixi ushbu an’anaviy xalqaro anjuman tashabbuskori shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ekanligini yaqqol tasdiqlab turibdi.

Prezidentimiz Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaatida ta’kidlaganidek, “Ekologik inqiroz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi eng asosiy to‘siq va tahdidga aylandi, global miqyosda qashshoqlik bilan bog‘liq muammolar ko‘paymoqda, insonning sog‘liq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash xavf ostida qolmoqda. Bundan avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, ayollar va bolalar jiddiy aziyat chekmoqda”.

Samarqand forumi ishtirokchilari o‘z chiqishlarida iqlim o‘zgarishining muhim masalalariga muntazam ravishda qaratib kelayotgan yuksak e’tibori va bu borada ilgari surgan tashabbuslari uchun O‘zbekiston Prezidentiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar. O‘z navbatida, so‘zga chiqqanlarning barchasi xalqaro hamjamiyatni O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Boshqacha aytganda, Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumi davomida jahon amaliyotida o‘ziga xos o‘rin egallab ulgurgan “Samarqand ruhi” yana bir bor o‘zini baralla namoyon etdi. Binobarin, an’anaviy Samarqand forumi Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari kun tartibini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha sa’y-harakatlar butun jahonda davom etayotganining yana bir amaliy isboti bo‘ldi.

Qolaversa, Samarqand forumida BMT va uning tuzilmalari hamda boshqa xalqaro tashkilotlardan nufuzli vakillar ishtirok etgani, shubhasiz, ayni yo‘nalishda global hamkorlik muhimligi e’tirof etilayotganining yorqin ifodasidir.

Yana bir ahamiyatli jihati — forumda iqlim o‘zgarishining inson huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini yumshatish bo‘yicha turfa tamoyil va yondashuvlar, shuningdek, bu sohada turli mamlakatlardagi ilg‘or tajriba va amaliyotlar bilan o‘zaro almashinish asosida aniq tavsiya va yechimlar ishlab chiqishga e’tibor qaratildi. Bunday yondashuv O‘zbekiston Prezidentining: “Parij bitimida ta’kidlanganidek, iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar ko‘rilayotganida, davlatlar inson huquqlarini hurmat qilishi, rag‘batlantirishi va himoya qilishi, asosiy diqqat-e’tiborini mazkur sohadagi majburiyatlarini bajarishga qaratishlari lozim”, degan fikrlari bilan uyg‘un va hamohangdir.

 

“Kelajak avlodlar taqdiri uchun barchamiz ulkan mas’uliyatni o‘z zimmamizga oladigan vaqt keldi”

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu da’vati aynan Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumi ochilishida yangragani bejiz emas. Chunki ushbu Forum ishtirokchilariga hozirjavoblik bilan yo‘llangan murojaatning o‘ziyoq iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq inson huquqlari muammolariga yechim topish masalasi O‘zbekiston liderining alohida e’tibor markazida turganidan dalolatdir.

Bu galgi Samarqand forumi sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz — iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaygan keskin ekologik vaziyatda bo‘lib o‘tdi. Shu ma’noda, forumning asosiy maqsadi — iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdan iborat bo‘lgani tabiiy.

O‘zbekiston Prezidenti Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumiga ko‘plab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, turli davlatlar, ilmiy doiralar va biznes sohasi namoyandalari taklif qilinganini alohida ta’kidlagani mutlaqo asoslidir.  Haqiqatan ham, forumda jami 200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilotlar vakillari off-layn va on-layn tarzda ishtirok etdi. Ular orasida 4 nafar BMTning yuqori darajadagi mansabdor shaxsi, 7 ta xalqaro tashkilot, 8 ta mintaqaviy tashkilot, 14 ta xorijiy davlat vakillari va turli aloqador institutlarning 30 nafar eksperti, 7 ta davlatning ilmiy tadqiqot muassasasalari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 20 ga yaqin diplomatik korpus vakillari bor edi.

Shuningdek, forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari vakillari, vazirliklar rahbarlari hamda oliy ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashdi. Forum davomida atrof-muhit muammolari va global iqlim o‘zgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga ta’siri borasida 70 dan ziyod ekspert ma’ruzalari tinglandi.

Binobarin, bunday global muammolarga samarali yechimlar topishda o‘zaro jam bo‘lib va barcha bosqichlardagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirgan holda ish tutish juda muhimdir. Xuddi shu bois Samarqand forumida ekologiya muammolarining inson huquqlariga ta’sirini o‘rganish va ushbu salbiy holatlarga barham berish uchun global ko‘lamda maqbul yechimlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

 

Forum yakuni: Samarqand deklaratsiyasi

 

Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi ekologiya va inson huquqlari bilan chambarchas bog‘liq xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotgan murakkab va o‘ta mas’uliyatli sharoitda bo‘lib o‘tdi. Shuning uchun ishtirokchilar ekologik muammolarga faqat mintaqaviy darajada yondashish bilan cheklanmay, balki bu global tahdidlarning o‘ziga xos jihatlariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish istiqbollarini ham atroflicha muhokama qildilar.

Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk o‘zining videomurojaatida qayd etganidek, «agar biz qat’iyat bilan harakat qilmasak va aynan hozirdanoq istiqbolli sa’y-harakatlarga kirishmasak, atrof-muhit degradatsiyasining halokatli oqibatlari sayyoramizdagi obod hayotni chaqmoq tezligida barbod qilishda davom etadi. Bu borada faqat tenglik, adolat va qadr-qimmatni e’zozlashga tayanadigan inson huquqlari tizimiga asoslangan harakatlargina bizga juda zarur bo‘lgan yechimlarni taqdim etishi mumkin».

YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Direktori Matteo Mekachchining e’tirof etishicha, “Ekstremal ob-havo hodisalari allaqachon yashash, ishlash va o‘qish uchun xavfsiz joylarni izlayotgan millionlab odamlarning ko‘pincha o‘z uylaridan uzoqda bo‘lgan joylarga migratsiya qilishi va ko‘chishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun hayotni o‘zgartiruvchi bunday muammolarga javob berish barcha odamlarning huquqlari va ehtiyojlarini hurmat qilish yo‘lida juda muhimdir”.

YEXHT Iqtisodiy va ekologik faoliyati muvofiqlashtiruvchisi Elchi Bakit Jusupovning videomurojaatida ma’lum qilinishicha, «hozirgi kunda YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi mamlakatdagi iqlim bilan bog‘liq muammolar xaritasini tuzyapti. Shu asosda hukumat aholining, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning ehtiyojlarini qondiradigan axborot siyosatini ishlab chiqishi mumkin. Bunday loyihalar YEXHTning butun mintaqasidagi boshqa dala missiyalari bilan birgalikda amalga oshirilyapti».

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seitimov onlayn chiqishida qayd etganidek, «ekologiya sohasida ongli shaxsni tarbiyalash — sayyoramiz hayotini saqlab qolishning muhim shartlaridan biridir. Bunda ta’lim va madaniyat dasturlarida ekologik tarbiya muhim o‘rin egallashi lozim. Bu sohada to‘plangan tajribalarni hozirgi zamon ilm-faniga xos bilimlar bilan uyg‘unlashtirish, shubhasiz, jamiyatda tabiat va bioxilma-xillikni asrab-avaylashga oid qadriyatlar tizimini shakllantirish hamda atrof-muhit bilan hamjihatlikda yashash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradi».

Qatar Inson huquqlari milliy qo‘mitasi Bosh kotibi Sulton bin Hasan al-Jamoliy tobora global ko‘lam kasb etib borayotgan Samarqand forumida ekologik muammolar hal qilinishining ahamiyati, inson huquqiga ta’siri, yaxshi kelajak uchun barqaror yechim topish juda ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Zero, qatarlik ekspertning fikricha, «bu masalalar juda muhim va kelajak avlod uchun hozir yanada yaxshi kelajak qurish yo‘lida hech kim ortda qolishi kerak emas».

YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Missiya rahbari Elchi Antti Karttunen haqli ravishda e’tirof etganidek, «Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi ekologik muammolarni muhokama etish va hal qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Endilikda har bir insonning huquqlari ishonchli ta’minlangan, sayyoramizni kelgusi avlodlarimiz uchun asrab-avaylashga muvaffaq bo‘lingan istiqbolimizni ta’minlashimiz uchun barchamiz hamjihatlikda ish olib borishimiz zarur bo‘ladi».

Yana bir muhim masala forum ishining nihoyasida yakuniy hujjat — «Iqlim o‘zgarishlari sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak yo‘lidagi majburiyatlar va sa’y-harakatlar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi» loyihasi ishlab chiqilgani bo‘ldi. Ishtirokchilar ushbu loyihani O‘zbekiston Prezidenti murojaatida ilgari surilgan tashabbus va tavsiyalar hamda forum davomida kelib tushgun 150 dan ortiq amaliy taklif asosida maromiga yetkazilgan holda qabul qilish uchun ovoz berdilar.

Forum tavsiyalarini BMT Bosh kotibiga va boshqa xalqaro tashkilotlarga taqdim etishga kelishib olindi. Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqlarida mazkur forumni o‘tkazish tashabbusini ilgari surganligi uchun minnatdorchilik bildirdilar.

 

Samarqand zaminida “Inson huquqlari bog‘i” barpo etildi

 

Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi doirasida bir qator yondosh tadbirlar ham o‘tkazildi. Shulardan biri «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimidir.

Turkiya Respublikasi Bosh Ombudsmani Sheref Malkoch, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi Kotibiyati ijrochi direktori, professor Nura bint Zaid al-Rashud, Ummon sultonligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Rashid Hamad Humaid Albalushi, Qatar davlati Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi raisi Maryam bint Abdullah al-Attiya ushbu mukofot bilan taqdirlandilar. Ko‘krak nishoni o‘z sohiblariga tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, forum doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori bilan ayrim xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlar vakillari o‘rtasida yuzma-yuz uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu muzokaralar asnosida o‘zaro hamkorlikning joriy holati tahlil etildi va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Xulosa o‘rnida forumning ikkinchi kuni ishtirokchilar tomonidan Samarqand zaminida “Inson huquqlari bog‘i” barpo etilganini alohida qayd etishni istardim. Chunki, bir tomondan, ko‘chat ekish va bog‘ yaratish har bir inson uchun savobli amaldir. Ikkinchi tomondan, ekologik muammolar inson huquqlariga ko‘rsatayotgan tahdidlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan takliflar ishlab chiqish uchun dunyoning turli hududlaridan tashrif buyurgan hamkasblarimiz o‘zaro hamjihatlikda ko‘chatlar ekib, g‘amxo‘rlikka muhtoj sayyoramiz bag‘rida yangi va mo‘jaz bir bog‘ga asos soldilar. Bu sa’y-harakat zamirida ham o‘ziga xos ibratli ramz mujassam, deb o‘ylayman.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori

«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 20-iyun kungi soni

O‘zbekiston RespublikasiOliy MajlisiQonunchilik palatasi

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi

Powered by GSpeech