SAYYORAMIZDA 20Z0 YILI KEKSALARNING SONI YOSHLARGA NISBATAN KO‘PROQ BO‘LADI

15 iyun – Butunjahon keksalarga nisbatan suiiste’molliklar haqidagi axborotlarni tarqatish kuni

 

Ushbu xalqaro sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2011 yildagi 66-127-rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan. Har yilning ayni shu kuni butun dunyoda keksa avlodga mansub ayrim yoshi ulug‘ insonlar iztirobli muammolarga duch kelayotganlari nomaqbul ekani haqidagi ma’lumotlarni keng yoyish an’anaga aylangan.

Gap shundaki, 2015 yili yer yuzi aholisining 900 mln nafarini 60 yoshli va undan katta yoshdagi insonlar tashkil etgan bo‘lsa, 2050 yilda bu raqam salkam ikki barobar ortishi kutilmoqda. Ya’ni, 26 yildan so‘ng zamindosh keksalarimizning  soni taxminan 2 mlrd nafarga yetadi.

BMT tahlillariga qaraganda, 2030 yilda sayyoramizdagi 60 yoshdan katta insonlar soni 38 foizga oshadi va qariyb 1,4 mlrd nafardan iborat bo‘ladi. Boshqacha aytganda, keksalar yoshlardan ko‘ra ko‘proqni tashkil etadi. O‘z navbatida, 2050 yilda dunyodagi har olti insonning bir nafari 65 yoshdan katta keksalardan iborat bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Keksalar sonining jadal sur’atlarda ortishi, o‘z navbatida, aholining ayni qatlami vakillariga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlarining ham ko‘payishiga olib kelishi sir emas. Shuning uchun BMT yoshi ulug‘ insonlar huquqlari himoyasiga qaratilgan global javob choralarini ko‘rish zarur, deb hisoblaydi.

Ekspertlarning fikricha, keksalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha yondashuvlar madaniy mezonlarga tayanishi va bunda har bir alohida holatga taalluqli tahdid omillari inobatga olinishi maqsadga muvofiqdir. Masalan, ba’zi an’anaviy jamiyatlarda beva keksa xotinlar yana turmush qurishga majburlansa, boshqa bir jamiyatlarda yakka-yolg‘iz kun kechirayotgan yoshi ulug‘ ayollarni ko‘pincha jodugarlikda ayblash hollari kuzatiladi.

Rivojlanayotgan  va rivojlangan mamlakatlarda ham keksalarga nisbatan shafqatsiz munosabat birdek kuzatilgani holda, afsuski, bu haqdagi ma’lumotlar global miqyosda juda kam tarqaladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu muammo bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar faqat ayrim rivojlangan mamlakatlardagina mavjud.

Shu taqchil ma’lumotlar asosidagi baholashlarga qaraganda, hozirgi vaqtda keksalarning 10 foizigacha bo‘lgan qismi turli zo‘ravonliklarga duchor bo‘lmoqda. Ayrim dalil va raqamlarga to‘xtalamiz:

  • 60 yoshdan katta insonlarning taxminan har oltitadan bittasi o‘tgan yil davomida jamoat joylarida o‘ziga nisbatan salbiy munosabatga duch kelgan;
  • yoshi ulug‘ insonlarga nisbatan suiiste’molliklar, ayniqsa, qariyalar uyi va keksalar uzoq muddat parvarishlanishi ko‘zda tutilgan muassasalarda ko‘proq kuzatiladi;
  • COVID-19 pandemiyasi davrida keksa insonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari keskin oshgan;
  • keksa insonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, o‘z navbatida, jiddiy jismoniy jarohatlarni va uzoq muddatlarga cho‘ziladigan ruhiy azob bilan bog‘liq oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Ayni muammoning global ko‘lami noaniq bo‘lib qolayotganiga qaramay, uning ijtimoiy va ma’naviy ziyoni kundek ravshan. Shu bois dunyo miqyosida keksalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha har tomonlama ta’sirchan choralar ko‘rishga jiddiy e’tibor berilmoqda.

Butunjahon keksalarga nisbatan suiiste’molliklar haqidagi axborotlarni tarqatish kuni 2024 yilda “Favqulodda vaziyatlarda keksa insonlarga g‘amxo‘rlik qilish” mavzusiga bag‘ishlandi. Bu, o‘z navbatida, global dunyoda iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar, qurolli nizolar bilan bog‘liq keskin o‘zgarishlar, turli bo‘hronlar yuz berayotgan hozirgi murakkab sharoitda yoshi ulug‘ insonlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash juda zarurligidan dalolatdir.

Ushbu xalqaro sana 2023 yilda “Keksa insonlarga qarshi gender zo‘ravonlik” mavzusiga bag‘ishlangani bejiz emas. Chunki, birinchidan, xotinlar erlariga nisbatan uzoqroq umr ko‘radi va hayotining so‘nggi davri ko‘pincha yolg‘izlikda o‘tadi; ikkinchidan, yoshi ulug‘ ayollar aksariyat hollarda moliyaviy hiyla va firibgarliklarning qurboniga aylanadi hamda qashshoqlik va nochorlikda kun kechirishga majbur bo‘ladi; uchinchidan, keksa ayollar hatto o‘z uyi va oilasi bag‘rida zo‘ravonliklarga duch kelishlari ham bor gap.

Shunday qilib, keksa ayollar keksa erkaklarga nisbatan ko‘proq gender zo‘ravonlik jabrdiydasiga aylanayotgan bo‘lsalar-da, hozircha bu haqda ham yetarli ma’lumot to‘plashning imkoni topilmayapti. Bu, o‘z navbatida, mavjud muammoning tub mohiyatini anglab yetish va gender zo‘ravonlik jabrdiydalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur amaliy choralarni ishlab chiqishni murakkablashtirmoqda.

Shu munosabat bilan Nyu-Yorkdagi BMT bosh qarorgohida o‘tkaziladigan tadbirda 2002 yili qabul qilingan “Keksalik muammolari bo‘yicha Madrid xalqaro harakatlar rejasi” doirasida bajarilgan ishlar ko‘rib chiqiladi. Uchrashuvda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) bu borada belgilab bergan ustuvor masalalarning yechimlari ham muhokama qilinadi.

 Butunjahon keksalarga nisbatan suiiste’molliklar haqidagi axborotlarni tarqatish kuni arafasida “Keksa insonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatga qarshi kurashish: BMTning 2021-2030 yillarga mo‘ljallangan sog‘lom keksayish o‘n yilligining besh ustuvor yo‘nalishi” mavzusidagi ma’ruza e’lon qilindi. Ma’ruza BMTning bir qator agentliklari va JSTning Keksa insonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatga barham berish bo‘yicha xalqaro tarmog‘i hamkorligida tayyorlangan.

Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritganda, birinchi navbatda, keksalarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidlash lozim. Xususan, Asosiy qonunimizning 46-moddasiga muvofiq:

“Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan  boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega.

Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas”.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbari 2023 yil 11 sentyabrda tasdiqlagan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish ko‘zda tutilgan. Nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar qamrovi kamida 30 foizgacha oshirilgani ham tahsinga loyiq.

Shuningdek, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da ayni yo‘nalishdagi muhim chora-tadbirlar belgilangan. Shu ma’noda, mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Albatta, bunga qadar Harakatlar strategiyasi doirasida davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishi – inson qadrini ulug‘lash, mehr va yordamga muhtoj aholini, xususan, keksalarni qo‘llab-quvvatlash borasida juda ko‘p xayrli ishlar qilindi. Pandemiya davrida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati keng tarqalib, ehtiyojmandlarga beg‘araz yordam berildi, qiyinchilik va sinovlar bahamjihat yengib o‘tildi.

Eng muhimi, 2023 yilda mazkur xalqaro sana bilan bog‘liq barcha tadbirlar yurtimizda ham, xalqaro miqyosda ham Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligini keng nishonlash kampaniyasi doirasida o‘tkazildi. Binobarin, aynan ushbu Deklaratsiya qabul qilingandan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklariga ustuvor e’tibor bera boshlagan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi – noyob hujjat bo‘lib, 1948 yili dunyo halokatli voqealarni boshdan kechirayotgan davrda, Deklaratsiya umuminsoniy huquqlarni belgilab berdi va har bir insonning teng qadr-qimmatini tan oldi. Shu nuqtai nazardan, 2023 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligi “Hamma uchun qadr-qimmat, erkinlik va adolat” shiori ostida butun dunyoda keng nishonlandi.

Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023 yil 5 may kuni “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkanini alohida ta’kidlash lozim. Bundan ko‘zlangan maqsad:

birinchidan, BMT Bosh kotibining «Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat» tashabbusini qo‘llab-quvvatlash;

ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini izchil va qat’iy bajarishni davom ettirish;

uchinchidan, fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillari va normalari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish;

to‘rtinchidan, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy, qonunchilikka oid chora-tadbirlar tizimini yanada takomillashtirishdir.

Farmonga muvofiq, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Dastur 30 ta banddan iborat bo‘lib, belgilangan muddatlarda izchillik bilan bajarilgani, jumladan, yurtimizda keksalar huquqlarini himoya qilish hamda yoshi ulug‘ insonlarga qarshi gender zo‘ravonliklarning oldini olish borasida katta ahamiyat kasb etdi.

Muxtasar aytganda, Prezident Farmonida ta’kidlanganidek, “So‘nggi yillarda mamlakatimizda «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, davlat organlari faoliyatiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, jamiyat va har bir fuqaro hayotiga ularni tatbiq etish Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida markaziy o‘rinni egallab kelmoqda”.

Dono xalqimiz: “Inson – g‘animat”, deydi. Darhaqiqat, biz uchun ota-bobolarimiz, faxriylarimizning hayoti ham g‘animat. Qariyalar qadr topgan yurtda mehr-oqibat, qut-baraka, tinchlik-xotirjamlik doim barqaror bo‘ladi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech