Ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, ular farovonligini oshirib borish maqsadida barcha sohalar qatori atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda insonning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi alohida bobda mustahkamlandi. Davlatning atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish majburiyatlari belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan 30 dan ortiq qonunlar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini saqlashdagi islohotlarni samaradorligini yanada oshirish bilan bir qatorda mamlakatning ekologik barqarorligini ta’minlash imkonini bermoqda.

Sohaga oid 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Atrof muhitni muhofaza qilish, Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyalari, 2019-2030-yillar davrida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, 2019-2028-yillar davrida biologik xilma-xillikni saqlash, 2019-2028-yillar davrida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyalari esa mamlakatning ekologik barqarorligini, fuqarolarning qulay atrof muhitga bo‘lgan huquqini ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan konstruktiv takliflar hamda tashabbuslar xalqaro jamoatchilik tomonidan ham katta qiziqish bildirilib, e’tirof etilmoqda. Biz buni BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondining tashkil etilishi, “Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi, “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyalarining qabul qilinishi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Joriy yilning 13-14-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi an’anaviy Samarqand forumi ham iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Xususan, Prezidentimiz Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi an’anaviy Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladilar. Qayd etilishicha, yurtimizda ilk bor 2018-yilda o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirdi. Shu tariqa inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish yaxshi an’ana tusini oldi.

E’tiborlisi, forumda iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, sohada doimiy axborot almashish va hamkorlik qilish uchun platforma yaratishga kelishib olindi.

Shuningdek, forumdan keyingi davrda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga samarali javob berish uchun tavsiyalarni amalda qo‘llashga qaratilgan strategiya va harakat rejalari tasdiqlandi. “Iqlim o‘zgarishlari sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak yo‘lidagi majburiyatlar va sa’y-harakatlar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi” loyihasi ishlab chiqildi. Xorijiy mehmonlar, xalqaro tashkilot vakillari bilan Samarqand forumi bog‘iga asos solindi.

Umuman olganda, mamlakatimizning ekologik xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar aholining ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan qulay atrof muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, davlatimiz rahbari forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ta’kidlaganlaridek, iqlim o‘zgarishi oqibatida inson huquqlariga yetkaziladigan zararni keskin kamaytirish uchun jahon mamlakatlari birgalikda samarali choralar ko‘rishi kerak. Kelajak avlodlar taqdiri uchun barchamiz ulkan mas’uliyatni o‘z zimmamizga oladigan vaqt keldi.

 

Xayrullo G‘AFFOROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech