Shu yil 13-14-iyun kunlari xalqaro hamjamiyat e’tiborini O‘zbekistonga qaratgan IV Samarqand forumi bu gal “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusiga bag‘ishlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ushbu forum har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi va unda davrning eng muhim muammolariga yechim izlanadi.
Qiziq jihati, forum mavzusi o‘zagi — ekologik tahdidlar va inson huquqlari. Bir qarashda bu ikkisining o‘zaro bog‘liqligi kamdek, hatto ba’zilar nuqtayi nazarida umuman yo‘qdek. Aslida-chi? Ekologik tahdidlarning inson huquqlariga bog‘liqligi, ta’siri qay darajada?
Inson hayoti, butun orzu-umidlari tabiat bilan uzviy bog‘liq. Oy yoki Marsdagi ilmiy o‘rganishlarni kuzata turib, hatto ilg‘or texnologiyalar ham insonga tabiiy yashash sharoitini yaratib berolmasligini ko‘rib turibmiz. Tabiatda muvozanat yo‘qolsa, hayotimiz izdan chiqishini ajdodlarimiz yaxshi bilgan. Shu bois, xalqimiz zakosidan guvohlik beradigan xalq og‘zaki ijodida, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan ta’lim-tarbiyamizda inson va tabiat mavzusi o‘z aksini topgan.
Masalan, “Alpomish” dostonida tabiat bilan bog‘liq holatlar juda ko‘p. Esingizda bo‘lsa, Ko‘galcha degan tuya Alpomish bilan bir vaqtda tug‘iladi. Ammo onasi o‘lib, bo‘taloq yetim qoladi. Shunda Kuntug‘mish (Alpomishning onasi) unga o‘z sutidan berib, katta qiladi. Bu — insonning doim tabiatni asrashi kerakligiga ishora!
Bu mehrga tuyaning javobi ham juda go‘zal tasvirlangan. Qo‘ng‘irot elining boshiga sinovli kunlar tushganda Ko‘galcha kasallanib yotib qoladi. U ayriliqni, el boshiga tushgan imtihonni ko‘tarolmaydi. Alpomish — elning najotkori qaytgach, Ko‘galcha uzoqdan uni tanib, istiqboliga yuguradi. Tuyaboqar bo‘lib qolgan Boybo‘ri kelayotgan otliq o‘g‘li bo‘lishi mumkinligini his etadi, ammo tanimaydi. Bu yerda nozik ishora bor: qaysi zaminda ezgulikning qo‘li baland kelishi, avvalo, tabiatda o‘z aksini ko‘rsatadi. Ko‘galcha — ana shu tabiat timsoli. Ha, adolat, tenglik va umuman, insoniy fazilatlar qaror topgan zaminda tabiiy muvozanatni saqlab qolishga intilish kuchli bo‘ladi. Shu ma’noda, Orol dengizining qurigan tubida bo‘y cho‘zayotgan yashillikni Alpomishning istiqboliga qarab yo‘l olgan Ko‘galchaga mengzash mumkin.
Darvoqe, Orol dengizi!
Jahon banki hisobotida qayd etilishicha, Orol dengizi qurishi oqibati O‘zbekistonga xavf solib turgan eng jiddiy ekologik xatardir. Hozir iqlim o‘zgarishining mamlakatdagi birgina mehnat samaradorligi, chorvachilik, irrigatsiya sohasiga ta’sirini yumshatish uchun 60 milliard dollar talab etilishi taxmin qilinmoqda.
Bugun Orolning qurigan tubida cheksiz sahro paydo bo‘lgan. Dunyodagi “eng yosh sahro” bo‘lgan bu hudud nomi — Orolqum. Sahro sathidan yiliga 150 million tonnagacha qum va tuz aralashmasi ko‘tarilib, Markaziy Osiyo davlatlari va undan naridagi hududlar havosi, tuprog‘ini ifloslantiradi. Orolqum nafaqat salomatlik va atrof-muhitga ziyon keltiradi, balki iqtisodiy zarari ham katta. Xususan, Jahon banki hisobotiga ko‘ra, Orolqum sabab birgina Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti yiliga 44 million dollar ziyon ko‘radi.
Mamlakatimiz sharoitida qishloq xo‘jaligi aholining asosiy tirikchilik manbai bo‘lgani uchun iqlim o‘zgarishi ta’sirini, eng avvalo, dehqon va chorvadorlar his etyapti. Dunyo bo‘ylab ham ayni ikki soha iqlim o‘zgarishining birlamchi qurboniga aylanib bormoqda. BMT ma’lumotlarida 2015-2019-yillarda dunyo bo‘ylab 400 million gektar yoki Markaziy Osiyo mintaqasi hududidan bir oz ko‘p yer maydoni yaroqsiz ahvolga kelib qolgani, sahrolashuv keskin kuchaygani qayd etilgan. Ma’lumotda mintaqamizning o‘zida ham vaziyat o‘ta xavotirli ekani ta’kidlanib, jumladan, “Markaziy Osiyoning 20 foizdan ortiq hududi yoki qariyb to‘rtta Qirg‘izistonga teng roppa-rosa 80 million gektar yer yaroqsiz holga kelib qolgan. Mintaqa umumiy aholisining taxminan 30 foizi buning salbiy ta’siriga uchramoqda”, deyiladi.
Albatta, bularning asosiy sababi — Orol fojiasi. Shu bois, keyingi yillarda Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, hududni imkon qadar yashillashtirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Gap Orol fojiasi asoratini yumshatish, qum-tuz uchishining oldini olish haqida borar ekan, bu borada taklif etilgan eng maqbul yechim dengiz tubini qurg‘oqchilik hamda tuzga chidamli daraxt, buta, o‘simliklar ekish orqali yashillashtirishdir. E’tiborli jihati, bunday ishlar yurtimizda 5-6-yil oldin boshlangan. Oxirgi yillarda Orol tubining 2 million gektardan ko‘proq qismiga saksovul va cho‘lga chidamli boshqa o‘simliklar ekildi. Natijada tuz va qum bo‘roni kamaydi. Ekilgan nihollar ko‘karib, bugun atrofni yashillikka burkayapti.
O‘tgan yili Orol hududiga ilk bor kelgan UNCCD ijrochi kotibi Ibrohim Tiav ham bu eng to‘g‘ri va samarali yo‘l ekanini ta’kidlagan: “Orolda turibman, ammo biror dengizni ko‘rmayapman. O‘rniga qum dengizini ko‘ryapman. Orol bugun tarixga aylandi. Bunday og‘ir sharoitga qaramay, olimlar o‘zgarish qilish mumkinligini isbotlay olishganini ko‘ryapmiz. Qarang, bular endi 3-4-yillik ko‘chatlar, ular allaqachon qum ko‘chishining oldini ololadigan darajaga yetgan”.
Orolning qurigan tubini yashillashtirish iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi ishlarning yaxlit darajasini anglatmaydi. Zero, bu ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning bir qismidir. Umuman olganda, taraqqiyotga ekologik muammolarni hal etish orqali erishish mumkinligini ayni vaqtida anglab yetdik. Bugun imkon qadar iqlim o‘zgarishining oldini olish va salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha zarur choralar ko‘ryapmiz. Maqsadimiz nafaqat O‘zbekiston, balki butun sayyoramizda tabiiy muvozanat saqlanishi, bu orqali insoniyatning o‘zi istaganiday farovon turmush kechirishiga erishish.
Bugunga kelib, global ekologik muammolar tobora kuchayib borayotir. Buning sabablari turlicha. Biroq bir haqiqat kundek ravshan: ekologik muammolar, asosan, inson aralashuvi tufayli sodir bo‘lyapti. Masalan, texnik taraqqiyot sababli havoga chiqarilayotgan zararli gaz, sanoat, shaharlashtirish uchun kesilayotgan daraxtlar, turfa ko‘rinishdagi urushlar... Bularning barchasi oxir-oqibat global isish, iqlim o‘zgarishiga olib kelmoqda. Oqibatda dunyo ahli iqlim o‘zgarishining turli shakli — cho‘llanish, sahrolanish, suv taqchilligi, yer degradatsiyasi, qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlar bilan yuzlashmoqda.
Global isish boshqa hududlar singari mamlakatimizda ham hozirgidan ko‘proq zararli oqibatini ko‘rsatishi mumkin. Masalan, jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha global yillik o‘rtacha havo harorati 1880-yildagidan 1 daraja ortgan. Yurtimiz sharoitida xuddi shu davr uchun o‘rtacha yillik havo harorati 1,6 daraja ko‘tarilgan. Isish jadalligi global miqyosda kuzatilayotgan o‘rtacha sur’atdan yuqori. Sababi, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi ta’siriga ko‘proq moyil mamlakatlar qatoriga kiradi.
Tabiatan issiqni yoqtiradigan, hatto saratonda ham qaynoq choy ichadigan xalqmiz, shunga nima bo‘libdi, deyishga shoshilmang. Biz uchun kichik miqdordek tuyulgan isish tabiat o‘zgarishiga olib keladi. Bug‘lanishning tezlashuvi, kuchli yomg‘ir va jala xavfi tufayli suv zaxirasiga ta’sir qiladi. Yer osti suvi pasayib, inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi, dehqonchilik va sanoatda xomashyo taqchilligiga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy barqarorlikka zarar yetkazadi. Shu bois, masalani bugun hal qilib, muammolarni bartaraf etib, imkon qadar tabiat muvozanatini saqlab qolish muhim vazifadir.
Davlatimiz rahbari ekologik muammolarni hal etish tashabbusi bilan takror-takror chiqayotgani bejiz emas. Ana shunday chiqishlardan biri o‘tgan yil 1-dekabrda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BAAda bo‘lib o‘tgan konferensiyasi (SOR28)da bo‘lgan. Prezidentimiz o‘sha nutqida “Iqlim muammolari barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi. Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda, ayniqsa, jiddiy sezilmoqda. Mintaqamizda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. Favqulodda issiq kunlar soni 2 marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi yo‘qoldi. Tuproq yemirilishi jarayonlari 30 million aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kuchli chang va qum bo‘ronlari odatiy holga aylandi.
Ichimlik suv taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligi hosildorligi pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda. Bu global xavflar keng mintaqamizda xatarli nuqtaga yetib kelmoqda”, degandi.
Hozir iqlim muammolari jahondagi barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi. Tuproq yemirilishi, muntazam chang va qum bo‘roni, ichimlik suv taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik qisqarishi, hosildorlikning keskin pasayishi va boshqa ko‘plab muammolar mintaqadagi millionlab odamlarning turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, 2030-yilga borib, iqlim o‘zgarishidan kamida 8 million yurtdoshimiz eng qattiq jabr ko‘rishi mumkinligiga doir taxminlar yanada xavotirli.
Nafaqat Yer sayyorasi, balki butun galaktikamiz xuddi inson tanasi kabi yaxlit jismga o‘xshaydi. Shu ma’noda, mintaqamiz uchun xatarli bo‘lgan ekologik muammo asta-sekin butun sayyoramizga ta’sir qiladi. Yerdagi o‘zgarishlar galaktikadagi muvozanat o‘zgarishiga olib keladi. Buni dunyo olimlari ilmiy asoslab bergan.
Masalan, super oy hodisasi ro‘y bersa, doim yerda to‘fon bo‘lishi kuzatilgan. Oy yerga juda yaqin kelsa, okean va dengizlardagi suv sathi ko‘tariladi. O‘z o‘rnida yerdagi iqlim o‘zgarishi bevosita oyga ta’sir qiladi. Yerning tortishish kuchi susayadi va oy zaminimizdan uzoqlasha boradi. Bu ham biz uchun falokatli.
Bularning barchasini tartibga keltirish, asliday asrash insoniyat gardaniga yuklangan. Shu bois, har qanday ko‘rinishdagi ekologik masalaga qaysidir hudud muammosi sifatida qarash xato. U doim global darajadagi masala. Shu ma’noda, mamlakatimizdagi insonparvarlik siyosati zamirida aynan ekologiyani asrashga ustuvor masala sifatida qaralayotgani alohida ahamiyatga ega.
Avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ekologik masalalar, shu jumladan, fuqarolarning ekologik huquqlari kafolatlanganini ta’kidlash o‘rinli. Bosh qonunimizning 49-moddasida har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lishi huquqi mustahkamlandi. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlashi hamda atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Ikkinchidan, mamlakatimizdagi keng ko‘lamli “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chati ekilmoqda. Bu, albatta, shahar va qishloqlarimizni yashillikka burkash, iqlim mo‘tadilligini saqlash, pirovardida aholi salomatligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qolaversa, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida “Yashil makon” umummilliy loyihasini kengaytirish uchun yil yakuniga qadar yashil bog‘lar sonini 444 taga yetkazish, 112 ta yirik sanoat korxonasi hududi va unga tutash joylarda 2,1 million tup ko‘chatdan iborat “yashil belbog‘” barpo etish vazifalari belgilangan.
Uchinchidan, suv resurslari taqchilligining oldini olish borasida ham tizimli ishlar qilinmoqda. Jumladan, birgina 2023-yilda 410 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Qariyb 223 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydoni lazer uskunasi yordamida tekislangan. Shuningdek, joriy yil davlat byudjetidan qo‘shimcha ajratilgan 500 milliard so‘m hisobidan 1,5 ming kilometr yirik kanallar betonlashtirilgan.
To‘rtinchidan, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishda ekologik toza transport vositalarini ko‘paytirish, yonilg‘i sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada ham salmoqli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, poytaxtimizda elektrobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida yuk tashuvchi avtotransport vositalari harakatini tig‘iz vaqt oralig‘ida taqiqlash, “Avtomobilsiz kun” kabi muhim choralar ham atmosfera havosining musaffoligini ta’minlashda muhim omil.
Beshinchidan, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘nalishida muqobil energetika tamoyillarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugun umumiy quvvati 24 ming megavattdan ortiq elektr stansiyalari hamda jami quvvati 3 ming 165 megavatt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish loyihalari bo‘yicha ishlanmoqda.
Keyingi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi hamda Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 183 megavattli 6 ta gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi.
2030-yilga borib, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 25 gigavattga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, tabiiy resurslarni tejash bilan bir qatorda atmosferaga issiqxona gazi chiqishining oldini olish imkonini beradi.
Eng muhimi, yaqin yillarda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushining umumiy energiya muvozanatida 40 foizga yetkazilishi aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyaga ehtiyojini ta’minlashga xizmat qiladi. Umuman, energiya tizimi mamlakatning har jihatdan qon tomiridir. Avvalo, barqaror energiyasiz iqtisodiy o‘sish mumkin emas. Unga erishish esa tabiatga zarar yetkazish orqali bo‘lmasligi kerak. Ana shu oltin oraliqni saqlab, jadal rivojlanish yo‘lini tanlayotgan O‘zbekiston xalqaro maydonda ekofaol mamlakatlar yetakchisi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Fikrimizga BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish va ilgari surish tashabbusi dalil bo‘la oladi.
Uzoq yillardan buyon dunyoning turli yirik mamlakatlari inson huquqlari haqida bong uradi. Qizig‘i, aynan o‘sha mamlakatlar qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lyapti. Shu orqali urush ketayotgan hududlarda odamlar, ayniqsa, bolalar, ayollar va keksalar ko‘p aziyat chekyapti. Boz ustiga, o‘q-dorilar zahri ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazadi. Ikki jihatdan ham inson huquqlari poymol bo‘ladi.
O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi oqibatida inson huquqlariga yetkaziladigan zararni kamaytirish uchun mamlakatlar birgalikda samarali choralar ko‘rishi kerak, degan ezgu tashabbusni ilgari suryapti. Shu bois, IV Samarqand forumida kelgusi avlodlar taqdiri uchun barchamiz ulkan mas’uliyatni o‘z zimmamizga oladigan vaqt keldi, degan xitob yangradi. Mamlakatimiz minbaridan turib aytilgan ushbu chaqiriq xalqaro maydonda aks sado berishiga shubha yo‘q. Chunki ekologiya, iqlim o‘zgarishlari barchamizga birdek daxldor masala.
Zero, global miqyosda qashshoqlik bilan bog‘liq muammolar ko‘paymoqda. Insonning sog‘liq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash qiyinlashib boryapti. Sababi, ekologik inqiroz tufayli barqaror rivojlanish murakkablashyapti.
Keling, endi ekologiya va inson huquqlarining bog‘liqlik jihati haqida aytsak. Agar ekologik muvozanat buzilsa, yer yuzi cho‘llashadi. Suv taqchilligi bor joyda inson o‘zi istagandek turmush kechira olmaydi. Yoki havoning ifloslanishi oqibatida salomatligimizga putur yetadi. Iqlim o‘zgarishini keltirib chiqarayotganlar xatosi tufayli toza havodan nafas olish imkoni cheklanadi. Umuman, ekologik muammolarning barchasi haqida xuddi shunday faktlarni keltirish mumkin. Bularning barchasi jamlanib, insonning emin-erkin, barcha orzusini ro‘yobga chiqarib, sog‘lom va uzoq umr ko‘rishiga to‘sqinlik qiladigan sabablardir. Shu orqali insonning eng oliy ne’mati — haq-huquqlari poymol etiladi.
Yangi O‘zbekistonda inson qadri uchun boshlangan islohotlar bilan bir paytda ekologik muammolarni hal etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Muhimi, masala mamlakat miqyosida cheklanib qolayotgani yo‘q. O‘zbekiston xalqaro minbarlarda inson huquqlarini himoya qilish borasida dadil chiqishlar qilyapti. Buning amaliy ifodasi o‘laroq, shaxs huquqlarining eng katta asoslaridan biri bo‘lgan ekologik masalalarni ham kun tartibiga qo‘ymoqda. Ayni paytda jadal rivojlanish yo‘lida ketayotgan mamlakatimizda mazkur masalalarning yechimi uchun ko‘plab amaliy ishlar bajarilyapti. IV Samarqand forumi bu gal “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusiga bag‘ishlangani ham buning yaqqol dalilidir.
Avazbek XUDOYQULOV,
Boboravshan G‘OZIDDINOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbirlari
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2024-yil 25-iyun kungi 124 (1185)-soni
- Qo'shildi: 25.06.2024
- Ko'rishlar: 1461
- Chop etish