Ekologik toza transport vositalaridan foydalanaylik!

26-iyun, chorshanba kuni poytaxtimizda navbatdagi «Avtomobilsiz kun» aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Bu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan. Endilikda jamoat transporti, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari barcha avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan mazkur loyiha poytaxtimizda har oyning bir ish kuni – oxirgi chorshanbasi davomida amalga oshiriladi.

Dunyoning 2 mingtadan ziyod yirik shaharida an’anaga aylangan muhim tashabbus – “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi yurtimizning barcha davlat tashkilotlari qatori Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi tomonidan ham qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Mamlakat miqyosida atmosferaga chiqayotgan zararli chiqindilarning 60 foizi va Toshkent shahrida 88 foizi avtomobillar hissasiga to‘g‘ri kelishi inobatga olinsa, ushbu ekologik aksiyaning dolzarbligi yanada yaqqol ayon bo‘ladi. 

Ma’lumki, joriy yil 13-14-iyun kunlari mamlakatimizda «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlangan Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur an’anaviy xalqaro anjuman minbarida, jumladan, quyidagi muhim ma’lumotlar yangradi:

Global muammoga aylanib borayotgan avtomobillar harakatlanishi va tirbandliklarning avj olib borayotgani ham havoning ifloslanishi sabablarini keltirib chiqarmoqda. Avtotransport vositalari atmosfera havosini azot oksidi bilan 45,7 foiz, uglevodorodlar bilan 42 foiz zararlantiradi. Yer yuzidagi jami bir yilda havoga chiqarib tashlanadigan 100 mln tonnaga yaqin is gazining 75,5 mln tonnasi yoki 78 foizi avtotransport vositalariga to‘g‘ri keladi. Shu bois bu global xavflar jarayonida inson huquqlarini himoya qilishning barqaror kelajagini belgilab olish, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash – Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifalaridan biridir.

O‘z navbatida, “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi poytaxtimiz havosi notozaligi bo‘yicha dunyo ko‘rsatkichlarida oldingi safga chiqqan hozirgi tashvishli davrda, ayniqsa, alohida ahamiyatga ega. Chunki ushbu ekologik aksiya natijasida, bir tomondan, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, ikkinchi tomondan, Toshkent shahrida transport vositalari tirbandligini kamaytirish va jamoat transporti tizimini rivojlantirish masalalariga jamoatchilikning faol e’tibori qaratiladi.

Shu munosabat bilan bugun Toshkent shahrida joylashgan barcha davlat idoralari rahbarlari va xodimlariga atmosferaga zarar keltirmaslik maqsadida shaxsiy transport vositalaridan voz kechib, jamoat transporti, velosiped va atrof-muhitni ifloslantirmaydigan boshqa transport turlaridan foydalanish tavsiya qilinadi.

"Hurmatli yurtdoshlar! Barchangizni «Avtomobilsiz kun» jamoat loyihasiga befarq bo‘lmaslikka, ekologik toza transport vositalaridan foydalanishga chorlab qolamiz", deya eslatadi Ekologiya vazirligi.

 

 Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech