Insonning  sha’ni  va qadr-qimmati – daxlsiz

26-iyun – Qiynoqlar qurbonlarini

qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni

 

“Insonning  sha’ni  va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa  ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”. Bu muhim normalar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 22-fevralda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir”.

Bu borada, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021-yil 26-iyunda imzolagan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror alohida o‘rin tutadi. Mazkur qaror aynan butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni nishonlanadigan sanada qabul qilingani bejiz emas.

Bu muhim voqelik O‘zbekiston inson huquqlari sohasida shiddatli va aniq tizimli islohotlarni amalga oshirish asnosida, qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi sinovdan o‘tgan xalqaro tajriba hamda dunyo andozalariga har tomonlama uyg‘unlashishga qat’iyat bilan intilayotganining yana bir yaqqol dalolatidir.

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1997-yilda  26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni, deb e’lon qilingan. Har yili ushbu xalqaro sanada dunyo miqyosida qiynoqlarga butunlay barham berish hamda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi yanada samarador ishlashini ta’minlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi.

Mamlakatimizda ham ushbu sana har yili nishonlanadi. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti bundan uch yil oldin bu boradagi Qarorini aynan Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kunida qabul qilgani mazkur sananing o‘zbekistonliklar uchun milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatini tubdan oshirdi.

Yana bir muhim masala: Nyu-Yorkda 2002 yil 18 dekabrda qabul qilingan Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini o‘tgan davrda dunyoning 91 ta davlati ratifikatsiya qilgan. Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilishi haqida bayonot bergandi.

Prezidentimizning “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bu borada bir qator muhim vazifalar ko‘zda tutilgan. Ayni chora-tadbirlarning to‘liq bajarilishi O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy tizimni umume’tirof etilgan xalqaro-huquqiy standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, islohotlarning amaldagi bosqichi qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish ishlarini davom ettirish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Natijada mazkur dolzarb masalalar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida ham o‘z aksini topdi.

Ayni vaqtda tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan doimiy ravishda tashkil etilmoqda. Jumladan, 2023 yil davomida 10 ta viloyatda o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ichki ishlar va prokuratura tizimlarida faoliyat yurituvchi 690 nafar xodim bilim va tajribasini boyitdi.

Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent viloyati (30-aprel – 1-may), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (21-22-may) va Xorazm (23-24-may) viloyatida milliy hamda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba”  mavzusida onlayn va oflayn tarzda o‘quv kurslari tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda har bir hududdan ichki ishlar  va prokuratura  tizimlaridagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 180 nafar xodimi o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.

Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi asosida o‘tkazib kelinmoqda. Bu mashg‘ulotlar BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi qabul qilinganining 40-yilligiga bag‘ishlanganini alohida ta’kidlash lozim.

Shuningdek, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi ham izchil o‘qitilmoqda. Ayni mavzudagi mashg‘ulotlarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi, akademik litseylari va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talaba-o‘quvchilari qatnashmoqda.

Bundan tashqari,  2024-yilning birinchi yarmida jazoni ijro etish muassasalarida sud hukmi bilan tayinlangan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga, tergov hibsxonalari hamda maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga yaratilgan shart-sharoitlar va O‘zbekiston Konstitutsiyasida ko‘rsatilgan inson huquqlariga rioya etilishi ahvoli yuzasidan monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tadbirlarini o‘tkazish maqsadida Milliy markaz tomonidan Sog‘liqni saqlash, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Barqaror rivojlanish markazi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti vakillaridan iborat monitoring guruhi tuzildi. Shu vaqtgacha 21 ta jazoni ijro etish muassasasida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha faoliyat amaliyoti o‘rganildi.

Ishchi guruhning asosiy e’tibori mahkumlar, sudlanuvchi, ayblanuvchi, gumondor sifatida ushlangan hamda ma’muriy jazolarni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning Konstitutsiyada belgilangan huquqlariga rioya etilishi, ularga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganishga qaratildi. Jazoni ijro etish muassasalari monitoringiga oid ma’lumot va lavhalar Milliy markazning rasmiy veb-saytida muntazam yoritib borilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi joriy yil 30-aprel – 3-may kunlari Toshkent viloyatida jazoni ijro etish muassasalarining hududlar bo‘yicha 40 ga yaqin xodimi uchun to‘rt kunlik trening o‘tkazganini ham qayd etish o‘rinlidir. YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlari “Nelson Mandela qoidalari” xalqaro o‘quv dasturi bilan tanishish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmasi asosida qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish” mavzusiga bag‘ishlandi.

Savollar tug‘ilishi tabiiy: jamiyatimizda qiynoqlarning oldini olish va ularga butunlay barham berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ushbu ishlar yetarlimi? Bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar to‘liq samaralarini berayaptimi?

Afsuski, ushbu savollarga hozircha qat’iy ijobiy javob yo‘q. Nega deganda, jamiyatimizda qiynoqqa solish holatlari hali ham uchrab turibdi. Bunday achinarli hol fuqarolarda jiddiy e’tirozlarni keltirib chiqarayotgani va mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi va qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday yo‘l qo‘yilmaydi.

Muqaddas kitoblarimizda “Inson – mukarram zot”, deya uqtirilgan. Shu ma’noda, insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlash ekanligini har birimiz chuqur anglab yetishimiz farz va qarzdir.

Shuning uchun BMT va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalariga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi. Binobarin, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligini ta’minlash barchamizning burchimizdir.

Shu nuqtayi nazardan, qiynoqlarning oldini olish, qiynoqlarni bartaraf etish, qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik, shunday nomaqbul holat sodir bo‘lgan taqdirda esa qiynoqlar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni nafaqat izchil davom ettirish, balki yanada samarali darajaga ko‘tarish – dolzarb vazifa hisoblanadi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech