Doim baland bo‘lsin yurt qo‘rg‘onlari,
Nurga to‘lsin bag‘ri, uy-ayvonlari.
Sizga, ey yurtimning mard o‘g‘lonlari,
Sharaf-shon gullari dasta-dastadir.
Sirojiddin Sayyid,
O‘zbekiston xalq shoiri.
Mamlakatimiz davlat mustaqilligiga, istiqlol in’om etgan bugungi tinch, osoyishta va farovon kunlarga o‘z-o‘zidan osonlikcha erishmagan. Xalqimizning xohish-istagi va elimizning asl vatanparvar farzandlari sa’y-harakatlari bilan ota-bobolarimizning asriy orzulari amalga oshib, mustabid zanjirlari parchalangan – O‘zbekiston tenglar ichra teng, hur va ozod davlatga aylangan. Ayniqsa, istiqlolning dastlabki yillarida eng ulug‘ va eng aziz ne’mat – mustaqilligimizni mustahkamlash va asrab-avaylash uchun Ona Vatanimizning qanchadan-qancha fidoyi farzandlari yuksak jasorat va matonat ko‘rsatganlar. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining birinchi Ichki ishlar vaziri, general-polkovnik Zokirjon Almatovning «Unutilmas xotiralarim» avtobiografik asarini mutolaa qilgan har bir inson bunga yana bir bor amin bo‘ladi.
Kitobxon ko‘z oldida mustaqillikka erishish arafasi hamda istiqlolning dastlabki yillarida sodir bo‘lgan suronli voqealar davrida ichki ishlar organlari va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘rsatgan qahramonliklar gavdalanar ekan, u erkinlikning oliy ne’mat ekanini teran anglab, bugungi tinch va farovon kunlarga chin qalbdan shukronalik keltiradi.
Kitob sifat jihatidan xalqaro andozalarga muvofiq tarzda nihoyatda yuksak did bilan nashr etilgan. Uning muqovasi o‘quvchi e’tiborini bir qarashda o‘ziga jalb qiladi. Qog‘oz sifati va sahifalarda ishlatilgan bezaklar esa kitobxon uchun mutolaa jarayonini osonlashtiradi. Kitobni mazmunan va shaklan yanada boyitish maqsadida sahifalar orasida rangli suratlar ham berilgan. E’tiborlisi, har bir surat ostida qisqa izoh yozilgan va bu ularning qiymatini yanada oshirgan.
«Unutilmas xotiralarim» kitobi tuzilishiga ko‘ra tarixiy ocherklar va voqealar tafsilotidan iborat bo‘lib, unda general-polkovnik Zokirjon Almatovning ibratli umr yo‘li va hayotiy xulosalari yoritilgan.
Zokirjon aka 1949-yil 10-oktyabrda Toshkent shahrining «Yuzrabot» mahallasida tavallud topgan. Ota-onasi dehqonchilik bilan shug‘ullanib, uni bolaligidanoq halol mehnatga o‘rgatishgan. Taqdirning achchiq sinovlari Zokirjon akaning yelkasiga juda erta tushib, sakkiz yoshida otasidan ayrilgan. Otasi yurak xurujidan vafot etgan.
Shundan so‘ng, tirikchilik aravasini tortish onasi va to‘ng‘ich farzand – Zokirjon akaning zimmasida qolgan. Hayot sinovlarida toblanar ekan, unda metin iroda, har qanday murakkab vaziyatda ham tushkunlikka tushmasdan oqilona qaror chiqarish qobiliyati bolaligidanoq shakllangan.
1966-yilda maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan Zokirjon aka uch yil armiya safida Qozog‘istonning Olmaota shahrida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. Ichki qo‘shinlarga qarashli harbiy qismda xizmat qilar ekan, jinoiy guruhlarni qo‘lga olish bo‘yicha tezkor tadbirlarda ham qatnashgan. Kelgusida ichki ishlar idoralarida xizmat qilish orzusi unda aynan muddatli harbiy xizmat paytida aniq maqsadga aylangan.
Zokirjon Almatov 1970-yilda Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti kechki bo‘limiga o‘qishga kirgan. Moddiy yetishmovchiliklar sababli ham o‘qib, ham ishlashga majbur bo‘lgan. Kunduzi Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi 6-trestida mehnat qilgan.
O‘sha yillarni Zokirjon aka «Unutilmas xotiralarim» kitobida quyidagicha yodga oladi: «Bu yerda kechgan davrim men uchun katta hayot maktabi vazifasini o‘tadi. Turli millat vakillari mehnat qiladigan jamoada turfa xarakterdagi odamlarga duch keldim. Jamiyatda inson sodda va samimiy munosabat, halollik va rostgo‘ylik bilangina hurmat qozonishi mumkinligini teran anglab yetdim. Anglaganlarimni o‘zim uchun mezon qilib oldim».
Oliy yuridik o‘quv yurtida olgan bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash maqsadida Zokirjon aka qurilish tashkilotidagi faoliyatini to‘xtatib, talabalik davridayoq Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi pasport bo‘limiga ishga kiradi. Shu tariqa uning ichki ishlar tizimidagi uzoq yillik sharafli kasbiy faoliyati boshlanadi.
Universitetning yuridik fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagach, Toshkent viloyatining Toshkent tumani IIB pasport bo‘linmasi boshlig‘i lavozimida mehnat faoliyatini davom ettiradi. Keng dunyoqarashi va zakovati, metin irodasi va qat’iyati bilan hamkasblari orasida hurmat va ehtirom qozongan Zokirjon aka ichki ishlar tizimida birin-ketin mas’ul lavozimlarga tayinlanib boradi. O‘tgan asrning saksoninchi yillarida sovet davlati inqirozga yuz tutayotgan, aholi orasida norozilik ortib borayotgan nihoyatda murakkab sharoitda Zokirjon aka ichki ishlar organi mas’ul rahbari sifatida g‘alayon va tartibbuzarliklarni tinch yo‘l bilan hal etish, jamiyatda osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlashda yuksak jasorat ko‘rsatadi.
Mamlakatimiz davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan 1991-yilda Zokirjon Almatov O‘zbekiston Respublikasining birinchi Ichki ishlar vaziri etib tayinlanadi va ushbu mas’uliyatli lavozimda 15-yil davomida sadoqat va fidoyilik bilan xalqimizga xizmat qiladi.
Davlat va jamiyatda hukmron mafkura hamda boshqaruv tizimi o‘zgarganda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ta’limiy sohalarda bo‘shliqlar paydo bo‘lishi tabiiy holat. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda ana shunday bo‘shliqlarni o‘zlarining buzg‘unchi yot g‘oyalari bilan to‘ldirishga, g‘arazli maqsadlari yo‘lida yurtimizda notinchlik, fitna va terror urug‘larini tarqatishga intilgan diniy-ekstremistik guruhlar, giyohvandlik moddalari va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy to‘dalar jamiyatimizga suqilib kirishga harakat qilgan, bir qancha terror xurujlarini sodir etgan. Quyidagi fojiali voqealar:
• 1991-yildagi Namangan voqealari;
• 1992-yilda Toshkent shahrining Talabalar shaharchasida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar;
• 1999-yil 16-fevralda poytaxtimizda terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan portlashlar;
• 2000-yilda Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlari orqali yurtimizga bostirib kirmoqchi bo‘lgan terrorchilar bilan to‘qnashuvlar;
• 2004-yildagi Qoramurt fojiasi;
• 2005-yilda Andijonda sodir etgan xunrezliklar mustaqil mamlakatimiz tarixida qonli harflar bilan bitilgan.
Kitobning ushbu fojialarga oid bo‘limini o‘qigan har bir inson yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini Zokirjon aka kabi xalqimizning qanchadan-qancha mard va jasur o‘g‘lonlari aziz jonlarini xatarga qo‘yib, mardonavor himoya qilganlarini teran anglaydi. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Zokirjon akaga bag‘ishlab yozgan «Ulug‘roq ish bormi elning tinchidan» nomli she’rida ta’kidlaganidek:
Yomonlik – yomonda,
Mehr – do‘stdadir.
Olam mehr ila tinch, payvastadir.
Adolatning qo‘li baland kelsa gar,
Razolat doimo tuban, pastdadir.
Xalqimizning haqiqiy qahramoni, yirik davlat arbobi Zokirjon Almatovning «Unutilmas xotiralarim» kitobi yaqin tariximizdagi voqealarni xolis yoritish orqali kitobxonda vatanparvarlik, elga muhabbat va davlatga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov kitobga yozgan kirish so‘zida ta’kidlaganidek, «Unutilmas xotiralarim» asari ilgari nashr qilingan «Zokirjon Almatov – bir umrlik jasorat» kitobining mantiqiy davomidir.
Shuningdek, 2022-yilda Zokirjon Almatov hamda Abdug‘ofur Sattorov hammuallifligida nashr etilgan «Ortda qolgan tahlikali kunlar» kitobida bayon etilgan voqealar ushbu yangi nashrda yanada batafsil yoritilgan.
«Unutilmas xotiralarim» kitobi tuzilishiga ko‘ra uch bo‘limdan iborat.
Birinchi bo‘lim «Ajdodlarimiz tarixiga bir nazar» deb nomlanadi. Unda Zokirjon Almatovning ota-bobolari tarixi, bolalik yillari, uning dunyoqarashiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan ibratli voqealar yoritilgan. Muallif bolalik davridayoq mutolaani yoqtirganini, kitoblardan o‘zi uchun kerakli fikrlarni saralab, ularga umri davomida rioya qilganini qayd etgan.
«Xitoy faylasufi Konfutsiy o‘z davrida yozib qoldirganidek, komil inson to‘qqiz narsaga erishish to‘g‘risida o‘ylaydi: ravshan ko‘rishni, aniq eshitishni, istarasi issiq bo‘lishni, ishiga boshqalar havas qilishini, so‘zlari samimiy bo‘lishini, harakatlarida ehtiyot bo‘lishni, gumon paydo bo‘lganda boshqalardan so‘rashni, qahrining oqibatlarini, foyda olish imkoniyati paydo bo‘lganida halol bo‘lishni. Ana shu tamoyillarga asoslangan va rioya etgan har qanday inson komillikka erishadi. Men o‘z hayot yo‘limda aynan ana shu qoidalarga ustozlarimning maslahatlariga qat’iy rioya qildim», – deb yozadi muallif.
«Qismatimdagi tahlikali kunlarim» nomli ikkinchi bo‘limda mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida xalqimiz tinchligi va davlatimiz ravnaqiga tahdid solgan buzg‘unchi kuchlarga qarshi huquq-tartibot idoralari xodimlari olib borgan mardonavor kurash voqealari tasvirlangan. Muallif o‘sha paytda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri sifatida voqea-jarayonlarning «qaynoq markazi»da turgani, jinoyatchilarga qarshi ko‘plab tezkor tadbirlarga shaxsan boshchilik qilgani mamlakatimizning yaqin o‘tmishini xolis tahlil qilish, ayniqsa, yosh avlodda to‘g‘ri tasavvur hosil qilishda muhim ahamiyatga ega.
Uchinchi bo‘lim «Zamondoshlarim haqida» deb nomlangan. Unda muallifning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov, shuningdek, Po‘lat Bobojonov, Ismoil Jo‘rabekov, Ubaydulla Mingboyev, G‘afur Rahimov, Yodgor Sa’diyev, Bo‘ritosh Mustafoyev kabi davlat va jamiyat, fan va madaniyat arboblari to‘g‘risidagi xotiralari bayon etilgan. Jumladan, «Shukronalik» nomli ocherkda 2018-yilda davlatimiz rahbarining tavsiyalari bilan Zokirjon Almatov Ichki ishlar vazirining maslahatchisi etib tayinlangani mamnuniyat bilan ta’kidlangan.
Zokirjon Almatovning Vatan oldidagi fidokorona xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan – u 1995-yilda II darajali «Shon-sharaf», 1999-yilda I darajali «Shon-sharaf», 2005-yilda «Buyuk xizmatlari uchun», 2021-yilda «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlariga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, 2018-yilda Tojikiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
Zokir akaning ibratli va unutilmas xotiralari bilan tanishar ekanmiz, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning quyidagi misralari yodimizga tushadi:
Elning Sizdek generali
bisyor bo‘lsin,
Shogirdlar ham ustozidek
sarkor bo‘lsin.
Ezgu niyat, ezgu ishlar
takror bo‘lsin,
Yaxshi bo‘lish yaxshi ekan,
Zokir aka.
Xulosa qilib aytganda, ushbu kitob Vatanga muhabbat, xalqqa va davlatga sadoqat bilan xizmat qilgan mard, dono va jasur insonning ibratli umr yo‘li haqida hikoya qiladi. Mutolaa asnosida bilimingiz ham, qalbingizdagi odamiylik tuyg‘ulari ham yuksalib borayotganini sezasiz. Kitob xotimasida keltirilgan muallifning quyidagi xulosasiga chin qalbdan iqror bo‘lasiz: «Balki hayotda yillar, zamonlar o‘tib, ko‘p qadriyatlar o‘z qadrini yo‘qotar. Lekin halollik, adolatparvarlik, jasorat, qahramonlik, fidoyilik, sadoqat kabi qadriyatlar hech qachon o‘z qadrini yo‘qotmaydi. Umrim kitobini varaqlab, o‘zim ko‘rgan, boshimdan o‘tkazgan turfa voqealarni tahlil qilib, ana shunday xulosaga keldim».
Akmal Saidov,
akademik.
«Postda-Na postu» gazetasining 2024-yil 27-iyun, 26-soni
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi
- Qo'shildi: 27.06.2024
- Ko'rishlar: 1467
- Chop etish