Hazrat Zangi ota va Maxtumquli Firog‘iy

Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga

 

Turkman xalqining ulug‘ farzandi Maxtumquli Firog‘iy nafaqat turkiy xalqlar, ayni paytda jahon adabiyoti va madaniyati tarixida alohida o‘rin egallagan atoqli shoir va mutafakkir hisoblanadi. Shu ma’noda, 2024 yilda nufuzli xalqaro tashkilot — YUNESKO rahnamoligida Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yillik qutlug‘ yubiley sanasi dunyo miqyosida keng nishonlanayotgani, o‘z navbatida, TURKSOY xalqaro tashkiloti joriy yilni – Maxtumquli yili, deb e’lon qilgani bejiz emas.

Bunday yuksak umumbashariy e’tibor, shubhasiz, ulug‘ shoir adabiy merosi jahon so‘z san’atining bebaho xazinasiga aylanib, insoniyatning ma’naviy olamini yuksaltirishga xizmat qilib kelayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, O‘zbekiston dunyoda Maxtumquli asarlari eng ko‘p nashr qilinadigan va o‘qiladigan mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etilishini ta’kidlash bizga cheksiz faxr-iftixor va mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Bunga birgina misol: Toshkentda 2017 yili Maxtumqulining “Elingga baxsh ayla”[1] nomli saylanmasi olim va tarjimon Ergash Ochilov tarjimasida chop etilgandi. Oradan atigi uch yil o‘tib, 2020 yilda shoir, tarjimon va alloma Mirzo Kenjabek tarjimasida buyuk turkman shoirining “Oshiqlar Haq ishqinda”[2]  hamda “Maxtumquli”[3]  nomli kitoblari nashrdan chiqdi.

 

Prezidentdan Prezidentga tuhfa – Maxtumquli kitobi

 

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida ilgari surayotgan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish g‘oyasi kishidan chinakam ma’naviyatli va ma’rifatli bo‘lishni talab qiladi. Shuning uchun ham bugun kitobga ehtiyojimiz, kitobxonlikka esa e’tiborimiz kuchli.

Eng muhimi, mamlakatimiz rahbari bu sohada ham barchamizga amalda o‘rnak va namuna bo‘lmoqda. Xususan, Prezidentimiz ushbu yuksak lavozimga saylanganidan so‘ng o‘zining ilk xorijiy tashrifini Turkmanistonga uyushtirgan va o‘shanda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga ulug‘ turkman shoiri Maxtumqulining she’riy saylanmasini tuhfa etgandi.

Keyingi davrda mamlakatimizda, shuningdek, Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning “Baxtli hayot sog‘liqdan boshlanar”, “Madaniyat – xalqning bebaho xazinasi”, “Barhayot afsona”, “Choy – shifo va ruhiy quvvat manbai” nomli asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, 1996 yil 28 noyabrda Xiva shahrida ulug‘ turkman shoiri Maxtumquliga yodgorlik haykali o‘rnatilgan bo‘lsa, 2017 yil 19 mayda Toshkent shahrida uning haykal-barelefi ochildi. Shu munosabat bilan poytaxtimizning ushbu yodgorlik joylashgan ko‘chasiga Maxtumquli nomi berildi.

  O‘z navbatida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yili Turkmanistonga tashrifi munosabati bilan Ashxoboddagi markaziy ko‘chalardan biriga Alisher Navoiy nomi berilgan. Mamlakat poytaxtidagi “Ilhom” xiyobonida Navoiy bobomizga haykal o‘rnatilgan.

Bularning barchasi bejiz emas. Chunki o‘zbek va turkman xalqlarining tarixi va qadriyatlari, madaniyati va adabiyoti mushtarakdir.

O‘zbek adiblaridan Oybekning “Navoiy”, Asqad Muxtorning “Opa-singillar”, Sharof Rashidovning “Bo‘rondan kuchli” romanlari, Abdulla Qahhorning “Sinchalak” qissasi, Zulfiya, G‘afur G‘ulom, Mirmuhsin, Odil Yoqubov kabi yozuvchi va shoirlarimizning asarlari turkman tiliga tarjima qilingani ham bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Ayniqsa, mumtoz adabiyotimiz namoyandalari Navoiy va Bobur ijodi turkman olimlari tomonidan izchil o‘rganilmoqda. Turkman olimi va adibi Raimmammed Ko‘runov “Boburnoma” asarini tarjima qilgani bu yo‘ldagi yorqin natijalardan biri bo‘ldi.

Turkmanistonlik shoir va tarjimonlar Ismoil Tog‘onov, Abduvohid Saidmatov, Olim To‘rayev zamonaviy o‘zbek she’riyati peshqadamlarining asarlarini turkman tiliga tarjima qilish va nashr ettirish ishlarida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Ularning izchil sa’y-harakatlari bilan keyingi yillarda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid kabi mashhur shoirlarimizning sara ijod namunalari turkmanistonlik she’riyat muxlislarining e’tiboriga havola etildi.

Yana bir muhim dalil: 2022 yilda chop etilgan “Turkiy adabiyot namunalari” 100 jildlik asarlar majmuasining 9 ta jildi turkman adabiyoti namunalarini o‘zida qamraydi. Bu salmoqli kitoblarda turkman mumtoz adabiyotidan tortib to bugungi kunda ijod qilayotgan qardosh va zamondosh shoir-yozuvchilar qalamiga mansub asarlarning o‘zbek tiliga tarjima qilingan matnlari jamlangan.

E’tiborli tomoni shundaki, Turkmaniston adabiyotiga ajratilgan jildlar Ozodiy g‘azallari bilan boshlanadi. Turkman mumtoz adabiyotidan Mullanafas, Maxtumquli, Andalib, Zaliliy, Kamina, Oshiqiy she’rlari, XX asr adabiyotidan Xidir Deryayev, Berdi Kerboboyev, Qayum Tangriquliyev, Oraz Yag‘mur, Otajon Tog‘on romanlari kiritilgan. Zamonaviy turkman she’riyati va nasri antologiyasi  esa qalami o‘tkir zamondosh shoir-yozuvchilar asarlarini o‘zida mujassam etgan.

Darvoqe, taniqli turkman adibi Oraz Yag‘murning “Maxtumqulinoma”[4] nomli roman-tadqiqoti ijodkorlar Muzaffar Ahmad va Rustam Jabbor tarjimasida 2016 yil o‘zbek tilida nashr etilgan. Kitob buyuk Maxtumquli asarlarini chuqur o‘rganish asosida yozilgani diqqatga loyiqdir.

 

Maxtumquli – O‘zbekistonda

 

Maxtumquli asrlar mobaynida xalqimizning o‘z shoiriga aylangan. Uning she’rlari o‘zining teran falsafiy ma’nosi, xalqona ruhi, yuksak badiiyati bilan baxshi va hofizlarimiz, shoirlarimizga ilhom bag‘ishlab, hamisha davralarda yangrab, el-yurtimiz qalbida yashab keladi.

Yurtimizda mumtoz shoirning she’rlari va ular asosida yaratilgan qo‘shiqlar kirib bormagan biror-bir xonadon, uning nomini bilmaydigan biror-bir o‘zbek topilmaydi. Prezidentimizning 2024 yil  19 fevralda imzolangan «Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorida bu xususda shunday deb ta’kidlangan:

«Maxtumqulining o‘z davrida Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgani, Alisher Navoiydek buyuk so‘z san’atkorini o‘ziga ustoz deb bilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi chinakam do‘stlikning ajoyib namunasidir. Maxtumquli Xivada juda ko‘p ustoz va maslakdoshlar, do‘st-yor va muxlislar orttirgan, bu yerda kechirgan yillarini minnatdorlik bilan eslab, go‘zal she’rlar bitganini o‘zbek kitobxonlari yaxshi biladi»[5].

Ushbu qarorga ko‘ra, birinchidan, Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi, ikkinchidan, shu qutlug‘ sanani yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Bunday muhim ma’naviy-ma’rifiy qadam, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda alohida o‘rin tutadi. Negaki, Maxtumquli Firog‘iyning o‘lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda ikki qardosh el uchun birdek ardoqli shoir bo‘lgan Maxtumqulining barkamol asarlari mamlakatimizda muntazam ravishda, yirik adadlarda nashr etilmoqda. Toshkent va Xiva shaharlarida shoir xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik majmualari tabarruk ziyoratgohlarga aylangan.

O‘zbekiston Prezidenti qarorida xalqimizning Maxtumquli Firog‘iy siymosida qardosh Turkmaniston xalqiga, uning boy tarixi va madaniyati, urf-odat va qadriyatlariga hurmat-ehtiromining yorqin namunasi sifatida hamda shoir tavalludining 300 yilligini munosib nishonlash maqsadida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi. Shu asosda, xususan:

  • Maxtumquli Firog‘iyning «Tanlangan asarlar»i hamda uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plami nashrga tayyorlanmoqda;
  • davlat buyurtmasi asosida O‘zbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida Maxtumquli Firog‘iyga bag‘ishlangan badiiy film tasvirga olinmoqda;
  • shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida spektakllar sahnalashtirilmoqda;
  • yosh xonandalar o‘rtasida «Maxtumquli she’rlari bilan aytiladigan eng yaxshi qo‘shiqlar ijrochisi» respublika tanloviga hozirlik ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yil oktyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Maxtumquli Firog‘iy xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tadi. Badiiy akademiyaning markaziy ko‘rgazmalar zalida esa o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stlik va qardoshlik aloqalarini tarannum etuvchi tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etilmoqda.

Xiva shahrida Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Xorazm viloyati hokimligi va tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda «Maxtumquli ijodining o‘zbek adabiyoti va san’atida tutgan o‘rni» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari hamda mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar o‘tkazilmoqda.

 

Maxtumquli va Ahmad Yassaviy ta’limoti

 

Markaziy Osiyo bo‘yicha olib borilgan ko‘p sonli tadqiqotlar natijalari mintaqamizning insoniyat rivojlanishidagi o‘rni nechog‘li muhim ekanidan dalolat beradi. YUNESKO shafeligida chop etilgan olti jildlik “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining tarixi” kitobida ayni masalaning qator xususiyatlari ochib berilgan.

Xususan, shu nufuzli manbada e’tirof etilganidek, Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari umumiy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga ega bo‘lgan. Bu o‘ziga xos uyg‘unlik ushbu mintaqalarning buyuk shoiru allomalari – Yusuf Xos Hojib, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Muhammad Haydar, Maxtumquli, Mirzo G‘olib, Rabindranat Tagor, Abay, Sadriddin Ayniy va boshqalarning ijodida o‘z ifodasini topgan.

Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarida keng tarqalgan yassaviya tariqati bilan Maxtumquli hayoti va ijodi o‘rtasida muayyan bog‘liqliklar mavjud. Bu haqda fikr yuritganda, avvalo, Ahmad Yassaviy ta’limotini davom ettirgan izdoshlarining quyidagi uch guruhi bilan tanishish o‘rinlidir.

Birinchi guruh – bevosita Yassaviy yo‘lida va undan ta’sirlanib hikmat yozgan shoirlar. Hakim ota Sulaymon Boqirg‘oniy, Toj Xoja, Bobo Mochin, Kamol Shayx Iqoniy, Shams O‘zgandiy, Shayboniy, Ubaydiy, Qul G‘aribiy, Darvesh Ali kabi so‘fiy ijodkorlar shular jumlasidandir.

Ikkinchi guruh – ulug‘ pirning fikr-qarashlaridan ta’sirlangan Maxtumquli, Mavlo Quli, Qul Ali, Mashrab, Sayqaliy, Majzub Namangoniy, Huvaydo Chimyoniy, So‘fi Olloyor singari mutasavvif adiblardir.

Uchinchi guruh – tasavvufda Yassaviy qarashlarini davom ettirgan Qutbiddin Haydar, Mansur ota, Sadr ota, Keshlig‘ ota, Sayyid ota, Bobo Husayn, Zangi ota, Said otaga o‘xshash mutasavvif ijodkorlardir[6].

Zangi ota Himmatiy yassaviya tariqatining yirik shayxi, Movarounnahr va Xurosondagi buyuk mutafakkir, atoqli mutasavvif donishmandlardan biri sifatida juda ko‘p turkiytilli va forsiyzabon shoirlarga tasavvufiy-irfoniy hamda ma’naviy jihatlardan katta ta’sir o‘tkazgan.

Zangi otaning karomat va fazilatlarini mashhur allomalardan Faxruddin Ali Safiy ibn Husayn Voiz Koshifiy, Ahmad Mahmud Haziniy, Xoja Ahror Valiy, shoirlardan Maxtumquli, Kamiy Toshkandiy va boshqalar tilga olib, she’r hamda xotiralar yozib qoldirganlar.

Jumladan, Maxtumquli Firog‘iy XVIII asr ma’rifiy she’riyatining buyuk darg‘alaridan bo‘lib, butun turkiy xalqlar uchun tushunarli va sevimli shoir, ma’rifatli siymo, orif oshiq, sohibi hikmat bo‘lgan valiy zotdir. Maxtumqulining insonparvarlik, vatanparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan she’riyatida pok islomiy ma’rifat ruhi gurkirab yashnab turadi.

Taniqli shoir, tarjimon va alloma Mirzo Kenjabek ta’biri bilan aytganda, “Maxtumquli – turkiy xalqlarning sayroqi tili, sahroning guli, gulning bulbuli, Haqning sodiq, oshiq va orif qulidir”[7]. Uning aksariyat she’rlari bugun ham badiiy tarovati va dolzarb mavzular tarannumi bilan she’rxonlarni maftun etib kelmoqda.

Ushbu fikrning tasdig‘i sifatida Maxtumqulining “Adolat yaxshi” nomli she’ridan bir parcha keltiramiz. She’rni Mirzo Kenjabek o‘zbek tiliga o‘girgan:

Aslo odamzotga achchiq so‘z qilmang,

Faqiru miskinga dalolat yaxshi.

Baxilga uchramang – kular yuz bo‘lmang,

Ishni bitirmoqqa kifoyat yaxshi.

 

Yetimni ko‘rganda kular yuz bo‘lgil,

Qo‘ldan kelsa, unga taom-tuz bergil,

G‘amginni ko‘rganda shirin so‘z bergil,

Chorasiz qullarga himoyat yaxshi[8]

 

 

Maxtumquli ijodida Zangi ota siymosining

badiiy talqini

 

Ulug‘ turkman shoiri Maxtumquli o‘zining ilk ma’naviy hollari ifoda etilgan “Turgil dedilar” degan she’rida ko‘plab aziz siymolar qatorida Zangi otani ham zikr qiladi:

 

Haydardan so‘radim barin otma-ot,

"Hazrati Payg‘ambar uldir, bo‘lma yot,

Bul Salim Xojadir, bul Bobo Zuryod,

Bul Vaysal-Qarandir, bilgil!" – dedilar.

 

"Ul Bahouddindir, ul ham bir erdir,

Ul Zangi Bobodir, ul ham nomdordir,

U yonma-yon turgan chahoriyordir,

Maqsading ne bo‘lsa, aytgil!" – dedilar[9].

Maxtumquli yana “Iymonim yo‘ldosh bo‘lsa” degan she’rida Zangi otani ko‘rish orzusini bayon etadi:

 

Dehistonning bayirinda

Bodi saboni ko‘rsam.

Bahouddin, Mir Kulol,

Zangi Boboni ko‘rsam[10].

 

Tarjimon va shoir Mirzo Kenjabek “Maxtumquli – valiy shoir” maqolasida (“Saylanma”ning so‘zboshisida ham) mazkur satrlarga tayanib: “Ijodidan ma’lum, Maxtumquli Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqning bir qancha diyorlarini kezgan, Buxoro, Xiva, Afg‘oniston, Ozarboyjonda bo‘lgan. "Zangi  Boboni ko‘rsam", deyishiga  ko‘ra, Toshkentga  ham  kelgan  bo‘lishi kerak”, deb taxmin qiladi[11].

Xullas, Maxtumquli ijodida Zangi ota siymosi olamning ma’naviy darg‘alaridan biri sifatida talqin etiladi.

Maxtumqulining “Devoni hikmat”ning Istanbul nashriga kiritilgan ushbu misrasi mazmunidan ham ko‘rinib turibdiki, Zangi otaning xalqlar oldidagi ulug‘ iftixoriy xizmatlari, insonlarga ko‘rsatgan yuksak va oliy himmati u buzrukvor shayxning taxallusi (Himmatiy) bilan uyg‘un va mutanosib ravishda tilga olingan.

Mazkur baytlar va shunga o‘xshash she’riy satrlar Turkiston shaharlarida, jumladan, Toshkent shahrida yaqin-yaqinlargacha, hatto XX asrning 50-yillariga qadar darveshlar tomonidan baland avjda qiroat etilgan.

Muxtasar aytganda, ulug‘ turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi YUNESKO va TURKSOY xalqaro tashkilotlari tashabbusi bilan butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda keng nishonlanayotgani har qancha tahsinga sazovor.

Negaki, hassos so‘z san’atkorining o‘z asarlarida mard va matonatli, mehnatkash turkman xalqi ezgu qadriyatlari va olijanob fazilatlarini tarannum etishi, hamisha xalq bilan hamdard bo‘lishga, turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati bilan bani bashar, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat namunasi sanaladi.

 

Akmal Saidov,

akademik

«Hurriyat» gazetasining 2024-yil 27-iyun kungi 26 (1401)-soni

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

[1] Maxtumquli. Elingga baxsh ayla: Saylanma. – T.: “Tasvir”, 2017. – 736 bet.

[2] Maxtumquli. Oshiqlar Haq ishqinda: saralangan she’rlar. – T.: “Zilol buloq”, 2020. – 352 bet.

[3] Maxtumquli. She’rlar. – T.: “Akademnashr”, 2020. – 128 bet.

[4] Oraz Yag‘mur. Maxtumqulinoma: roman-tadqiqot. – T.: “O‘zbekiston”, 2016. – 208 bet.

[5]Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.02.2024 y., 07/24/76/0138-son.

[6] Hasan N. Yassaviylikka doir manbalar va “Devoni hikmat”.– T.: “Akademnashr”, 2012. – 200-bet.

[7] O‘lmas she’riyat: Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 275 yilligi munosabati bilan: metodik-bibliografik qo‘llanma.  – T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 2008. – 31-bet.

[8] O‘lmas she’riyat: Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 275 yilligi munosabati bilan: metodik-bibliografik qo‘llanma.  – T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 2008. – 29-bet.

[9] Maxtumquli. Saylanma. Turkmanchadan Mirzo Kenjabek tarjimasi. – T.: “Fan”, 2004.- 25-bet.

[10] Maxtumquli. Saylanma. Turkmanchadan Mirzo Kenjabek tarjimasi. – T.: “Fan”, 2004. – 34-bet.

[11] Kenjabek M. Maxtumquli – valiy shoir // “Jahon adabiyoti”, 2008, 12-son, 96-bet.

Powered by GSpeech