"Ro‘zg‘orida qozoni bo‘lsin yigitning"
"Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi", deydilar. Bu shunchaki maqol emas, balki aynan bor gap ekan. Endi yigirma beshga kirgan yigit to‘rt kishilik ro‘zg‘orimdagi bittayu-bitta qozonni o‘tda kuydirib–tozalash chog‘ida noxos eritib qo‘ydim-da. Sobiq mustamlaka tuzumning oxirgi yillari emasmi, bir tomondan, sovet pulining qadri qolmagan, boshqa tomondan, shu beqadr "payraha"ga ham xarid qilsa bo‘ladigan kerakli narsa-buyumning o‘zi qahat.
Bozoru do‘konlarning peshtaxtalarida ham, hamyonlardagi singari, nuqul shamolu to‘zonlar o‘ynaydi. Poytaxtning qaysi bir chetidagi do‘konchada topilgan qozonni sotib olish uchun katta laborant sifatida qo‘limga tegadigan 71 so‘m oylik maoshning naqd uchtasini hech narsaga sarflamay, tiyinma-tiyin yig‘ishimga to‘g‘ri kelar ekan. Qani, buning imkoni bo‘lsaydi.
Arzimni kimga aytaman. Ota-onam, aka-ukam, qo‘llab-quvvatlaydigan xesh-aqrabo uzoqda, Qashqadaryoda. Ular Toshkentda bo‘lganida ham, vaziyat o‘zgararmidi? Qayoqda, deysiz. Axir, qarindoshlarimning birontasida qozon zavodi bor edimiki, "dod" deyishim bilanoq, "Mana, G‘ulomboy, g‘am yema, osh yegin!", deb sexdan endigina nuqradek yaltirab chiqqan bir juftini keltirib berishsa o‘sha sabilning.
Shunday qilib, yaqin oylar, balki yaqin yillargacha xayr-xo‘sh deyman sizga, qadrdon qozonkabob, laziz palovxonto‘ra va qaynatma sho‘rva janoblari! Salom senga, tova, tovva, tovba...
Tovaning g‘arib va aldamchi taomlaridan allaqachon bezgan bo‘lsam-da, tevarak-atrofdagilarga o‘zimni qorni hamda ko‘ngli to‘q, xotirjam, hatto baxtiyor qilib ko‘rsatishga harakat qilaman, o‘zimcha. Hech kimga uyimizda qozon yo‘qligini bildirmay-sezdirmay ishga qatnayman.
Ilgari ishxonamga piyoda qatnash asnosida yo‘l-yo‘lakay she’rlar tug‘ilguvchi edi. Endi ilhom parisi ham mendan araz. Ulug‘ Ustozning mashhur satrini shu nobop holatimga moslab, har qadamda takrorlab yuraman: "Ro‘zg‘orida qozoni bo‘lsin yigitning"[1]...
Shunday kunlarning birida ustozimiz Tilak Jo‘ra zavq-shavq bilan kafedraga kirib keldi. Odatda, bu kezlarda Tilak aka bilan bir piyola choy ustida mazza qilib gurunglashguvchi edik. Bu gal ham choy damlashga kirishdim.
Ustoz olis o‘rmonlardan kelgan Qorbobo kabi qop-qop xushxabarlar ulashishga tushdi: ota yurtdan – Buxoroning Qorako‘lidan yuborilgan vagon-uy nihoyat Toshkandi azimga yetkazilibdi. Tilak akaning Chorvoq yaqinidagi (Yozuvchilar uyushmasidan berilgan) dala-hovlisiga o‘rnatib ham ulgurishibdi. Bitta keng xonali va chog‘roqqina dahlizli tuppa-tuzuk uydek emish. Bundan buyon ana shu shinam dala-hovlida dam olib, choy-poy ichib, she’rlar yozib kelish imkoni bo‘lar ekan. Shu maqsadda Ustoz kuni kecha katta o‘g‘li bilan eski-tuskilar bozoriga chiqib, qozon sotib olibdi...
Ana shu oxirgi yangilik yangragan chog‘i meni tuyqus yuqori quvvatli elektr toki urgandek bo‘ldi, chamamda. Birdan qalqib tushdim, ammo majhul holatimni sezdirmay, hazil-mutoyiba bilan so‘radim:
- Qozonni ham oldingizmi?
- Yo‘q, qozon sotib oldim. Orif bozordan uygacha ko‘tarib bordi.
- Sa-al shoshibsizlar-da! Necha pulga tushdi o‘zi?
- Ozroq muddat ishlatilgan ekan. Lekin pokizagina. Egasi ham onamga o‘xshagan mushtipar bir momo. Savdolashdik, ikki tomonga ham maqbul falon narxga kelishdik. Onaxon ortimizdan duo qilib qoldi. Qozon arzonga tushdi.
O‘yga toldim. Arzon qozon, narxi falon. Lekin qani o‘sha falon so‘m? Mashoyixlar aytganidek, "Ota, tuya - bir tanga; o‘g‘lim, qani bir tanga? Ota, tuya - ming tanga; oling, mana ming tanga".
Tilak aka g‘amginu parishon bo‘lib qolganimni darrov payqadi. Savolga tutdi. Indamadim. Sir bermaslikka harakat qildim. Nima ham derdim? Sizdek kamdaromad, kamxarj va kamsuqum akamning ham ro‘zg‘orida qozoni ikkitaga yetibdi, qulluq bo‘lsin. Men esa bitta qozonning ham boshini yeb o‘tiribman, deymanmi? Uyat-yey...
Ertasi kuni ishga kelsam, fakultet oldida Tilak aka o‘g‘li bilan birga meni kutib turgan ekan. Orifbekning qo‘lidagi yukxaltada... darrov fahmladim: qozon! Tilak Jo‘raning dala-hovlisida xizmat qilish peshonasiga bitmagan, G‘ulom Mirzoga esa rosa qadrini o‘tkazgan o‘sha bebaho matah.
- Yo‘q, - dedim. - Olmayman, tamom-vassalom. Majburlasangiz, xafa bo‘laman.
- Olmasangiz, men ham ranjiyman, - dedi qat’iy turib Tilak aka.
- Axir... bu... insofdan emas!
- "Ro‘zg‘orida qozoni bo‘lsin yigitning"...
Yarq etib Ustozning ko‘zlariga qaradim. O‘sha-o‘sha beg‘ubor tabassum bilan boqib turibdilar. Voajab, shunday sodda-samimiy insonning qo‘lidan ham quvlik kelar ekan-da, a! Hoynahoy, bu satrni kafedrada beixtiyor "xirgoyi" qilib o‘tirganimda eshitib qolgan chiqar. Balki "Navoiy, 30" - ijod ahli bilan gavjum ko‘chaning boshpanamga eng yaqin shu manzilidan o‘tib-qaytayotganimda bironta shoir jo‘rasi og‘zimdan ilib olib, aytib berganmikan. Yoki Ustoz bilan ko‘nglimizdan kechguvchi his-tuyg‘ularni so‘zsiz, hatto imosiz sezadigan piru murshid darajasidagi qalban va ruhan yaqin insonlarga aylanganimizning ishoratimikan bu?!.
Alqissa, o‘sha ajib voqeaga ham shu kunlarda roppa-rosa yigirma yetti yil bo‘ldi. Bu orada Tilak Jo‘ra u dunyoni afzal ko‘rdi. Tilak akaga ijodiy hamkor va safdosh, hamfikr va hammaslak bo‘lgan yaqin insonlaridan biri Boybo‘ta Do‘stqorayev domlamiz ta’biri bilan aytganda, "ayni navqiron pallasida u foniy dunyoga etak silkib ketdi"[2].
Men esa o‘tgan davrda ish joyimni ham, turar joyimni ham ko‘p bor o‘zgartirdim. Ammo, ro‘zg‘orimizda avliyosifat Ustozimdan meros bo‘lmish o‘sha muborak qozon rizqimizning butligi, hayotimiz to‘kisligi va umrimiz shirinligini hali-hanuz ta’minlab turibdi.
G‘ulom MIRZO
"Qorako‘l sadosi" gazetasining 2024-yil 26-iyun 10-11-soni
Izoh: Ushbu esse yurtimizdagi ko‘plab mashhur jurnalistlarning ustozi – taniqli shoir, tarjimon va adabiyotshunos olim Tilak Jo‘ra xotirasiga bag‘ishlangan. 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan shoir tug‘ilib-o‘sgan tumanda nashr etiladigan “Qorako‘l sadosi” gazetasining 2024-yil 26-iyun sonida e’lon qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
[1] Atoqli shoir Abdulla Oripovning "Ikki soniya" nomli she’ridagi "Uyda tinchi bo‘lsin yigitning avval" satri nazarda tutilmoqda.
[2] Boybo‘ta Do‘stqorayev. Serzavq inson edi // kh-davron.uz/17.04.2017.
- Qo'shildi: 27.06.2024
- Ko'rishlar: 1546
- Chop etish