30-iyun – Yoshlar kuni
Bundan yetti yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 30-iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi. Birgina shu dalilning o‘zi ham keyingi davrda yurtimizda yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Yoshlar kuni bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbarining navqiron avlod peshqadam vakillarini taqdirlashga oid farmon va qarorlari e’lon qilinishi yaxshi an’anaga aylandi. Bunda asosan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan yurtimiz taraqqiyotini yuksaltirish, jonajon Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yigit-qizlar mukofotlanayotgani tahsinga sazovor.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 28-iyunda Yoshlar kuni munosabati bilan bir guruh yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi va yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Yig‘ilishda ayni mavzuga oid bir qator dalil va raqamlar keltirildi.
Birinchidan, mamlakatimizda so‘nggi yetti yil yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishda “katta sakrash davri” bo‘ldi. Shu yetti yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz berildi.
Ikkinchidan, birgina ta’lim kreditidan 151 ming yoshlar foydalandi. Ehtiyojmand oiladan bo‘lgan yana 110 ming talabaning kontraktini to‘lashga 332 milliard so‘m ajratildi. Natijada oliy ta’limda qamrov 9 foizdan 42 foizga, oliygohlar soni esa 77 tadan 212 taga yetdi.
Uchinchidan, bugungi kunda Vatanimizning 110 ming nafar o‘g‘il-qizi xorijda tahsil olmoqda.
To‘rtinchidan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yetti yilda AQSHning “Pechak ligasi”ga kiruvchi Garvard, Yel, Kolumbiya, Stenford kabi top-8 ta, Buyuk Britaniyanining “Rassell guruhi”dagi Oksford, Kembridj, Birmingem kabi 24 ta oliygohni 50 nafar yoshlarimiz bitirdi. Bu nufuzli oliygohlarda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik yoshlar soni 200 dan oshdi.
Beshinchidan, 2024-yilda maktablarni 14 mingdan ziyod o‘quvchi oltin va kumush medallar bilan bitirdi. Maktab o‘quvchilari “Katta beshlik” fan olimpiadalarida qo‘lga kiritgan medallar oxirgi to‘rt yilda 2 karra ko‘paydi.
O‘z navbatida, davlatimiz rahbari O‘zbekiston yoshlariga qaratilayotgan e’tibor va sharoitlarni karra-karra ko‘paytirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, mamlakatimiz jadal rivojlanishi uchun “to‘rtinchi sanoat inqilobi” kasblari juda muhimligini inobatga olgan holda, yoshlarning fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) bilan bog‘liq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim joriy qilinadi.
Shuningdek, yangi – 2024/2025 o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy etiladi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.
Yurtimiz yoshlari xorijiy oliygohlarda o‘qish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash bo‘yicha “AST” imtihonini topshirayapti va ushbu testlarda 75 foizdan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar chet elning eng nufuzli oliygohlariga grant yutayapti. Endi bunday yoshlarni o‘zimizning oliygohlarga ham grantga qabul qilamiz, dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Haqiqatan ham, yoshlar masalasi har doim davlatimiz siyosati darajasidagi muhim masala bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda yosh yigit-qizlarimiz uchun yaratilayotgan keng ko‘lamdagi imkoniyatlar, ularning o‘qib-o‘rganishlari, qizg‘in faoliyat ko‘rsatishlari uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo hamjamiyatini ham o‘ziga jalb etmoqda.
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish uchun har bir hududda zarur shart-sharoitlar muhayyo qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.
BMT Bosh Assambleyasi 1999-yil 17-dekabrdagi 54/120-sonli rezolyutsiya bilan Xalqaro yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi vazirlar konferensiyasining 12-avgustni Xalqaro yoshlar kuni deb e’lon qilish haqidagi tavsiyasini ma’qullagan. Ushbu kunda jahon hamjamiyatining diqqat-e’tibori yoshlarga oid masalalarga yana bir bor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, milliy qonunchiligimizga ko‘ra 30-iyun –O‘zbekistonda Yoshlar kuni etib belgilangan. Shuningdek, 2020-yil 30-iyunda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.
Agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Agentlik, jumladan, yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqadi. Shuningdek, yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Farmon bilan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturda, jumladan, O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish belgilangan.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar Agentlik tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalar taqsimlash orqali moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 27-iyunda “Yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklandi:
- yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori bo‘lgan chet tillarini mukammal o‘zlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish;
- xorijiy tillarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi YATTlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari (xususiy o‘quv markazlari), ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, sohadagi muammolarni muntazam ravishda tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish hamda reytingda yuqori o‘rinni egallaganlarni rag‘batlantirish;
- yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalar, ko‘rik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish.
Shuni ham qayd etish kerakki, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzilgani, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etilgani yurtimizda soha rivoji sari qo‘yilgan yirik amaliy qadamlar bo‘ldi. Yanada muhimi, ikki yillik konstitutsiyaviy islohot natijalaridir.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 2024-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 36 million 963 ming kishidan oshgan bo‘lib, 14-30 yoshgacha bo‘lganlar soni 9 million 600 ming nafarni tashkil etgan. Ya’ni, mamlakatimiz boshqa sohalar qatori nufus jihatidan ham, mehnatga layoqatli yoshlarning ko‘pligi nuqtayi nazardan ham katta davlatga aylanmoqda. Yurtimiz aholisi 2040-yilga borib 50 millionga yetishi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qilishi kutilmoqda.
Yoshlarimizga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim. Shu ma’noda, ayni masalaning yechimi ham mustahkam huquqiy poydevor – O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qabul qilishni taqozo etdi.
Shu o‘rinda, avvalo, Asosiy qonunimizning alohida bobi – XIV bob “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanganiga hamda undan yoshlarga oid qator normalar o‘rin olganiga e’tibor qaratish darkor. Bunday yangicha yondashuv, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligidan yaqqol dalolatdir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat tomonidan yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag‘batlantirilishi kafolatlab qo‘yildi. Konstitutsiyamizning 79-moddasi birinchi bandida qayd etilganidek: “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi”.
Bosh qomusimizda, shuningdek, davlat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ulari shakllanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi. Bu haqda Konstitutsiyaning 78-moddasi to‘rtinchi bandida shunday deyilgan: “Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.
Yana bir muhim yangilik: yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida Asosiy qonunga kiritildi. Konstitutsiyaning 79-moddasi ikkinchi bandiga ko‘ra: “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”.
Shu o‘rinda yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifasi etib belgilanganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Ta’limga oid normalar 50,51 va 52-moddalarda o‘z aksini topdi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasi birinchi bandida: “Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi”, deb ta’kidlangan. Zero, intellektual salohiyatini yuqori, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat yoshlarga g‘amxo‘rlik masalaasida o‘z zimmasiga g‘oyat muhim majburiyatlarni olgani alohida diqqatni tortadi. Eng asosiysi, mazkur konstitutsiyaviy normalar nafaqat O‘zbekiston yoshlari manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Shunday ekan, navqiron avlodimiz vakillari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz «Yoshlar Konstitutsiyasi» deya e’tirof etilayotgani bejiz emas.
Xulosa qilib aytganda, yosh avlod haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilar ekan, avvalo ular bizning tayanchimiz va ertangi kelajagimizning davomchilari ekanligi, yoshlarga oid qonunchilik tizimini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish qulay huquqiy va tashkiliy iqtisodiy imkoniyatlar barpo qilish, ularning kasb-hunar o‘rganishlari, mehnat qilishlari, erkin ijod qilishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish ishlari diqqat markazimizda turadi.
Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etiluvchi kelajak avlodga, yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaralayotgani bejiz emas.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 28.06.2024
- Ko'rishlar: 1862
- Chop etish