Surxondaryoda “Qiynoqqa solishga qarshi kurash: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzuiga bag‘ishlangan sayyor o‘quv yig‘ini bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2023 yil 7 fervalda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi, jazoni ijro etish muassasasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari ishtirok etdi.
O‘quv yig‘ini ochilishida viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sh. Shadiyev inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan mamlakatimizda shaxs huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirib, unga rioya etilishini ta’minlash, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Bu jarayonda tashkil etilgan mazkur o‘quv yig‘ini ahamiyati xususida fikr almashdi. Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshevning onlayn murojaatini tingladi.
Ikki kunlik mashg‘ulotlarda tinglovchilar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofoza qilish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi davlat va huquq instituti, IIV Akademiyasi, IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari va mutasaddi xodimlarning mavzu yuzasidan ma’ruzalari bilan yaqindan tanishdi. “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”, “Qiynoqqa solish uchun javobgarlik masalalari”, “O‘zbekistonda jazoni ijro etish tizimini isloh qilish jarayonlari va mahkumlar huquqlari”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Nelson Mandella qoidalari” hamda “Yangilangan Nelson Mandella qoidalari”ning mazmun-mohiyati haqida yetarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Sayyor o‘quv yig‘in yakunida faol ishtirok etib, sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining belgilangan namunadagi sertifikati topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 04.07.2024
- Ko'rishlar: 1287
- Chop etish