28-iyun kuni Venada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari vakillari uchun mintaqaviy ekspertlar seminarida “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejalari muhokama qilindi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ekspertlari – jami 30 nafardan ortiq vakil ishtirok etdi.
Seminarning ochilishida YEXHTning Gender tenglik masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi doktor Lara Skarpitta va YEXHT amaldagi raisining Gender tenglik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Liliana Palixovich so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi.
Jumladan, L.Skarpitta O‘zbekistonni BMT Xavfsizlik kengashining “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” nomli 1325-rezolyutsiyasi bo‘yicha birinchi Milliy harakatlar rejasini qabul qilgani bilan tabrikladi.
O‘z navbatida, L.Palixovich O‘zbekiston va Qozog‘istonning xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklarga qarshi ko‘rayotgan qat’iy choralarini hamda Suriya, Iroq, Afg‘onistondagi mojaroli hududlardan ayollar va bolalarni qaytarib kelish borasidagi ishlarini yuqori baholadi. Uning alohida ta’kidlashicha, ushbu ibratli amaliyot YEXHTga a’zo mamlakatlar uchun o‘rnak olishga munosib namunadir.
Tadbirda gender tenglikni ta’minlash va tinchlik hamda xavfsizlik masalalarida xotin-qizlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bu borada o‘zaro tajriba almashildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Gulnora Marufova yurtimizning mazkur sohadagi yutuqlariga to‘xtaldi. Mamlakatimizning xavfsizlik va tinchlikparvarlik sohasidagi qarorlarni qabul qilish jarayonlariga gender jihatlarini integratsiyalashga qaratilgan muvaffaqiyatli tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova qayd etganidek, seminar Markaziy Osiyo mamlakatlariga YEXHTga a’zo boshqa davlatlarning milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va takomillashtirish borasida to‘plagan ibratli tajribasi hamda ilg‘or amaliyoti bilan yaqindan tanishish uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Tadbir davomida milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqishga oid shart-sharoit va muammolar o‘rganildi. Shuningdek, ayni rejalarni amalga oshirish uchun talab etiladigan qonunchilik hujjatlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur seminarda ishtirok etgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari jamiyatimizda xotin-qizlar o‘rni va mavqeini yuksaltirishga ulkan e’tibor qaratilayotgani, ayollar va qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va himoya qilishga, shuningdek, mamlakatimiz hayotining barcha sohalaridagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga taalluqli milliy qonunchilik hujjatlari va qonunni qo‘llash amaliyoti muntazam takomillashtirilayotgani xususida batafsil ma’lumot taqdim etdilar.
Bu o‘rinda, seminar ishtirokchilariga:
birinchidan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy qoidalari to‘g‘risida, Bosh Qomusimizda insonlar, shu jumladan, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga oid kafolatlar yanada kuchaytirilgani xususida;
ikkinchidan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy bandlari va gender tenglikni ta’minlashga, xususan, ayollarning davlat boshqaruvi, biznes va jamoat tashkilotlari faoliyatining barcha bosqichlarida faol ishtirokini izchil kengaytirishga qaratilgan islohotlar haqida;
uchinchidan, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda xotin-qizlar ishtiroki uchun teng imkoniyatlar yaratish borasidagi amaliy chora-tadbirlar to‘g‘risida;
to‘rtinchidan, xotin-qizlarning ta’lim olish darajasini oshirish, shu jumladan, oliy ta’lim va kasb-hunar ta’limi maskanlarida o‘qishi, mansab pog‘onalarida ko‘tarilishi va iqtisodiyotning turli sohalarida ishlashi uchun bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olishi borasida ko‘rilayotgan sa’y-harakatlar haqida atroflicha axborot berildi.
Seminar ishi ekspertlarning 3 ta munozara majlisi doirasida tashkil etildi. Munozaralarda 3 nafar moderator va 7 nafar ekspert ma’ruza qildi.
Xotin-qizlarni tinchlikparvar amaliyotlarda ishtirok etishga jalb qilish va nizolarni hal etish bo‘yicha tajriba almashish muhokamaning asosiy masalalaridan biri bo‘ldi. Bunda xotin-qizlar duch kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish usullari va ularni barcha darajadagi qarorlar qabul qilish jarayonlariga faol jalb etish yo‘llari tahlil qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan milliy harakatlar rejalarini rivojlantirishni davom ettirish va takomillashtirish, shuningdek, “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini amalga oshirishda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.07.2024
- Ko'rishlar: 1292
- Chop etish