4-iyul — AQSH Mustaqilligi kuni

 

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 1776-yil 4-iyul kuni Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinib, Amerika Qo‘shma Shtatlari tashkil etilgan. Bugun ushbu voqeaga 248-yil to‘ldi.

Rivoyatlarga qaraganda, O‘rta asrlarning buyuk daholaridan biri, 973-1048-yillarda yashagan ulug‘ mutafakkir olim Abu Rayhon Beruniy Amerika qit’asini bundan qariyb 1000-yil ilgari ilmiy-nazariy asosda kashf etgan. 

Oradan salkam 500-yilcha vaqt o‘tib, 1492-yilda dengiz sayyohi Xristofor Kolumb Hindiston sari yo‘lga chiqqan va tasodifan Amerika qit’asiga borib qolgan. 

Atoqli o‘zbek shoiri Abdulla Oripov Amerikani, aslida, Kolumbdan ancha burun Beruniy bobomiz kashf qilganini o‘zining 1963-yilda yozilgan “O‘zbekiston” she’rida tarannum etgan. 

Xo‘sh, sizu biz bu sohir diyorni qachon kashf etganmiz?.. 

 

"Kolumbda bor alamim manim..."

 

Ustoz shoir Abdulla Oripovning ana shu o‘tli satrlarini ilk bor o‘qiganimda, hali 7-8 yashar bolakay edim. Maktab tahsilini tamomlab, xalq shoirining adabiy muhitidan bahra olish orzusida Qarshidan Toshkentga keldim. O‘shanda XX asr 80-yillarining avvali, kuz fasli edi... 

Abdulla aka bilan ilk marta yuzma-yuz suhbatlashib, yaqindan tanishganimizda, poytaxtda yashay boshlaganimga 12-yildan oshib qolgan edi. Ustozni yosh shoirlar, talabalar, muxlislar davrasida ko‘p qatori, ko‘pchilik ichida ko‘rib, ziyorat qilib yursam-da, yakkama-yakka suhbatga yuragim dov bermasdi. Buning bosh sababi – ulug‘ shoirning salobati bosgani bilan bog‘liq, albatta.

Abdulla aka bilan nihoyat yaqindan tanishdik. Dastlabki yuzma-yuz uchrashuvimizdayoq shuncha yildan buyon ota-onamni "Abdulla Oripov bilan ustozu shogirdmiz, o‘rtada salom-aligimiz, bordi-keldimiz bor", deb aldab yurganimni ochiq tan oldim. Allaqachon ustozni yo‘qlashim kerakligi, ammo jur’atsizlik qilganim, shuningdek, ota-onam oldidagi yolg‘onchiligim uchun ham uzr so‘radim.

Abdulla akaga dangalligim, samimiyatim ma’qul tushdi, chamamda. Astoydil mehmon qildilar, mehr-oqibat ko‘rsatdilar, yo‘l-yo‘riq berdilar. Birinchi ko‘rishganimizdayoq qadrdon aka-uka, ustozu shogird bo‘ldik. O‘shanda 1994-yilning Mustaqillik bayrami kunlari – kuz fasli edi...

Ustoz 2016-yil 5-noyabrga o‘tar kechasi AQSHning Texas shtatidagi Xyuston shahri kasalxonasida vafot etdi va 10-noyabrda Toshkentda, Chig‘atoy qabristonida dafn etildi. O‘shanda ham kuz fasli edi... 

Shoirlar qishloqda tug‘ilib, shaharda jon beradi, deyilgan naql yana bir bor amaliy tasdig‘ini topdi. Qashqadaryoning Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida 1941-yili tavallud topgan atoqli shoirni so‘nggi yo‘lga kuzatar ekan, Osiyo va Amerika qit’alarida bir yo‘la ikkita shahar azaga cho‘mdi.

Amerika – sehrli diyor, 

Uxlar edi Kolumb ham hali, 

Dengiz ortin yoritdi ilk bor 

Beruniyning aql mash’ali. 

Kolumbda bor alamim manim, 

O‘zbekiston – Vatanim manim. 

Gurunglarimizdan birida men ana shu satrlarning tarixi bilan qiziqdim. 

– Bu misralarni yozishni talabalik davrimda, ya’ni 1963-yillarda boshlagan edim, – dedi Ustoz. – Amerika o‘sha paytda jahonning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan, hozir ham shundoq. Shundan kelib chiqqan holda, "Ey, Amerika, aslida, seni mening bobolarim kashf qilgan", degim kelgan bo‘lsa kerak-da...

Endi ustozning o‘sha satrlarini takrorlasam, Kolumbga bo‘lgan alamim ikki karra ortgandek...

Mungli xotiralarga shu joyda nuqta qo‘ydim...

Tushimga Abdulla aka kirib, tonggacha, yana deng, she’riy lisonda o‘git berib chiqdilar:

 Men Vatanni umrbod sevdim, 

nega jonim chiqdi berun[1]da?

"Kolumbda bor alamim", devdim – 

Beruniy ham bo‘lay, dedim-da...

 O‘shanda ustoz kutubxonasi tokchasidan Abu Rayhon Beruniy qalamiga mansub «Hindiston» asarining eski nashrini olib, undan yer yuzining tuzilishi, dengiz va quruqlikning joylashishi tavsif etilgan quyidagi satrlarni o‘qib bergandi: «...Yerning choragi ma’muradir. Ma’murani g‘arb va sharq tomondan Muhit okeani (Atlantika va Tinch okeanlari) o‘rab turibdi. Bu Muhit okeani, yerning obod qismini dengizlarning narigi tomonida bo‘lishi mumkin bo‘lgan quruqlik yoki odam yashaydigan orollardan ikkala yoqdan (g‘arbdan va sharqdan) ajratib turadi...». 

 

Abu Rayhon Beruniy va Frederik Star

 

Atoqli o‘zbek shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning o‘sha nazmiy farazi oradan yarim asrcha vaqt o‘tib o‘z ilmiy isbotini topdi. Buni amerikalik taniqli olim, Vashingtondagi J.Xopkins universitetining Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr o‘zining bir qator ilmiy maqola va ma’ruzalarida, eng asosiysi, 2013-yili ingliz tilida nashrdan chiqqan «Unutilgan ma’rifat: Markaziy Osiyoning arab istilosidan to Amir Temur davrigacha bo‘lgan Oltin asri» nomli kitobida batafsil tahlil va talqin qilib berdi.

Amerikalik olim 2014-yili Samarqand shahrida O‘rta asrlar Sharq allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtiroki doirasida ham bu mavzuga alohida to‘xtaldi. O‘shanda Frederik Starr “O‘z hayotida hech qachon okeanni ko‘rmagan bo‘lsa-da, Beruniy ham “kashfiyotchi toji”ga munosib, deb baralla e’tirof etdi. Olimning fikricha, “Beruniyning asboblari yelkanli yog‘och qayiq va baquvvat, mohir eshkakchilardan iborat bo‘lgan emas, balki teran kuzatuvlar, yig‘ilgan ilmiy ma’lumotlar va qat’iy mantiq asosida u ayni shunday xulosaga kelgan”. 

Abu Rayhon Beruniy tomonidan Amerikaning “kashf etilishi”da ulug‘ alloma qiblani, ya’ni namoz vaqtida Makkaning joylashgan o‘rnini aniq belgilash maqsadida o‘z qadami yetgan har bir joyning koordinatalarini sinchkovlik bilan yozib borgani, shuningdek, boshqa manbalardan Yevroosiyoning minglab aholi yashaydigan joylari haqidagi ma’lumotlarni to‘plagani muhim o‘rin tutgan. Beruniy butun dunyoga mashhur bo‘lgan 5 metrli globusini yaratgach, u Yer sharining 3/5 qismi hali hisobga olinmaganini aniqlagan. 

“Bunday katta tafovutni shu bilan izohlash mumkinki, barcha qadimiy geograflar Yevroosiyo dunyo okeani bilan o‘ralgan, deb hisoblashgan”, deb yozadi F. Starr «Unutilgan ma’rifat» nomli kitobida. Beruniy esa ushbu farazni rad etdi. XX asrning 50-yillarida hindistonlik Sayyid Hasan Baraniy O‘rta asrlar olimining yondashuvi to‘g‘ri ekanini tasdiqladi. Abu Rayhon Beruniy, quruqlikni sayyoramizning 2/5 qismiga ko‘targan kuchlar Yerning boshqa qismida jamlangan bo‘lishi kerak, degan fikrni ilgari surgan. U Yevropa va Osiyo orasida bir yoki bir necha quruqlik hududlari joylashgan bo‘lishi kerak, degan xulosaga keladi va shunday yozadi: “Aholi yashamaydigan yerlar ham mavjudligini inkor qiladigan hech narsa yo‘q”. 

Albatta, Amerika qit’asining kashf etilishi borasida juda ko‘p qarama-qarshi, bahsli fikrlar mavjud. Masalan, uni Bering dengizi yoki Tinch okeanini kesib o‘tgan qadimiy xalqlar, taxminan minginchi yilda Nyufaundlend qirg‘oqlarigacha yetib borgan norvegiyalik dengizchilar, yo bo‘lmasa, XV asr tadqiqotchilari Xristofor Kolumb va Jon Kabot topgan, degan farazlar ilgari surilgan. 

Shunga qaramay, amerikalik olimlarning bu boradagi ilmiy xulosalari tobora qat’iylashmoqda. Ularning fikricha, Amerika qit’asini so‘zsiz Beruniy kashf etgan. Bu xulosani yaqinda yana bir amerikalik olim Richard Stoun ham tasdiqladi. Uning AQSHda chop etiladigan ommabop, akademik nashrlardan biri – “Science” (“Fan”) jurnalining 2014-yil 20-iyun sonida e’lon qilingan maqolasida shu haqda so‘z boradi. 

R.Stounning qayd etishicha, hali G‘arbda Renessans davri boshlanmasdan ancha oldin Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy Yer aylanasining uzunligini hayratlanarli tarzda aniq hisoblab chiqqan, solishtirma og‘irlik hamda moddaning suvga nisbatan zichligi kattaliklarini kashf etgan. Vaqtning ibtidosi ham, intihosi ham yo‘q, deb hisoblaydigan kreatsionizm ta’limotini rad etgan va Kopernikdan besh asr avval Quyosh sistemasining markazi Quyosh bo‘lishi mumkinligini isbotlagan. “Mashhur alloma o‘z kashfiyotlari qatoriga Amerikaning mavjudligi haqidagi bashoratni ham kiritgan”, deb e’tirof etadi amerikalik olim. 

 

AQSHga 24-yil avvalgi safar taassurotlari

 

O‘zbekistonlik olti nafar jurnalist, jumladan, kamina ham 1998-yil 8-28-sentyabr kunlari O‘zbekiston – AQSH Qo‘shma komissiyasi muzokaralarining natijasi sifatida tashkil etilgan "Milliy xavfsizlik va matbuot erkinligi" dasturi doirasida AQSHning Vashington, Nyu-York, San-Diyego, Springfild kabi bir qator katta-kichik shaharlarida bo‘lib qaytgandik. 

O‘sha safarimizning asosiy yo‘nalishi jurnalistlar faoliyati va matbuot erkinligi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun, avvalambor, ana shu mavzuga bevosita taalluqli ba’zi bir qiyosiy kuzatuvlarimga to‘xtalmoqchiman. 

Bundan 24-yil avval: Safarning dastlabki kuni tong chog‘i Vashingtondagi mehmonxonaning men joylashgan xonasi eshigi tagida bir taxlam gazeta qoldirib ketishdi. Ular juda ko‘p, boz ustiga sifatli qog‘ozda, rangli uslubda, yorqin jilolarda chop etilgan.

Avvalboshda bu gazeta nusxalari menga tegishli ekaniga andak shubhalandim. So‘ng esa ularni obdan varaqladim, ingliz tilida bo‘lishiga qaramasdan hijjalab o‘qidim, hatto bir nechtasini safardan yurtimizga olib ham qaytdim. Zamonaviy gazetachilikning amerikacha maktabidan xabardor bo‘lishsin, degan niyatda o‘sha rangin ro‘znomalarni tanish bosh muharrirlarga tarqatdim. 

Bugun gazetalarni oppoq qog‘ozlarda, rangli uslubda chop etish amaliyotini biz ham yaxshigina o‘zlashtirib oldik. Endi gazetalarimiz hatto Internetda o‘z saytlariga ham ega. Samolyot va poyezdlarda gazetalarimiz yo‘lovchilarga bepul taqdim etiladi. Mehmonxonalarda-chi? Bu masalada va gazetalarimizning chinakam muxlislariga yetib borishi hamda shu orqali adadi tubdan ortishi borasida, chamamda, hali ko‘p ishlashimiz kerak. 

Bundan 24-yil avval: AQSHda do‘konlardan biridan diktofon xarid qildim. Sotuvchi o‘sha davrdagi yangi texnologiyaga asoslangan, ya’ni “MP-3” tizimda ishlaydigan mo‘jaz ovoz yozish uskunasini tavsiya qilganida rad etdim. Sodda qilib aytsam, o‘shanda kassetasiz diktofonda ovoz yozish mumkinligiga ishonmagandim. 

Oradan ikki yilcha vaqt o‘tar-o‘tmas, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari o‘zimizga ham shiddat bilan kirib keldi. Bugun Qo‘shma Shtatlardan xarid qilingan o‘sha diktofon shaxsiy arxivimda saqlanmoqda. Negaki, bir tomondan, mahsulot sifatli va chidamli bo‘lsa, ikkinchi tomondan, texnika taraqqiyotidan biroz bexabarligim tufayli kassetali "matoh"im juda tez urfdan qoldi. 

Bundan 24-yil avval: Vashingtonda SI-SPEN (Jamiyat muammolariga doir voqealarni yoritadigan sun’iy yo‘ldosh orqali kabelli aloqa) teletarmog‘i faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Kabelli televideniyening bir tarmog‘i sifatida 1977-yilda tashkil etilgan ushbu teletarmoq xususiy asosda ishlaydi. Eng qizig‘i, SI-SPEN teletarmog‘i 1979-yildan boshlab AQSH Vakillar palatasi majlislar zalidan bevosita ko‘rsatuvlar namoyish etishga kirishgan bo‘lsa, 1986-yildan buyon AQSH Senati majlislarini to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatib kelar ekan. 

O‘sha davrda O‘zbekistondagi bir palatali parlament faoliyati asosan mamlakat Prezidenti nutq so‘zlaganda, ya’ni taxminan uch oyda bir marta televideniyeda ko‘rsatilardi, desam, xato bo‘lmas. Shu bois amerikaliklarning bu boradagi amaliy tajribasi biz, o‘zbekistonlik jurnalistlarni qiziqtirib qolgandi.

Shukrki, hozirgi kunda milliy parlamentimizning har ikki palatasi, tegishli qo‘mitalar, Qonunchilik palatasi huzuridagi siyosiy partiyalar fraksiyalari faoliyati, qonun loyihalarini ishlab chiqish va taqdim etish, o‘qish va muhokama qilish, maromiga yetkazish va qabul qilish jarayonlari – barcha-barchasi oynayi jahon orqali muntazam va onlayn ko‘rsatib borilmoqda. 

Bundan 24-yil avval: AQSH ommaviy axborot vositalari nodavlat asosda, ya’ni mustaqil faoliyat yuritishiga havas qilgandik. O‘sha paytda yurtimizda bittagina mustaqil davriy nashr – "Hurriyat" gazetasi chop etilardi. 

Keyinchalik O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari tarkibida nodavlat, mustaqil bosma va elektron OAV soni ortdi. O‘zim ham turli yillarda "Turkiston-press" nodavlat axborot agentligi va "Mohiyat" mustaqil gazetasi tahririyatida ishladim. 

Bundan 24-yil avval: Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasidagi uchrashuvda ushbu tashkilot vakilasi Kristina Lapichak xonimdan mamlakatimizda so‘z erkinligi va jurnalistlarga nisbatan munosabat bo‘yicha anchayin e’tirozli gaplarni eshitishimizga to‘g‘ri kelgan.

O‘shanda biz ham voqelikni tushunishga va tushuntirishga harakat qilganmiz, rosa bahslashib-tortishganmiz. Goh o‘zimiz ranjigan, goh mezbonlarni ranjitgan hollarimiz ham bo‘lgan...

Mamlakatimizda, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda”. 

 

AQSHda adabiyot va san’atga e’tibor

 

Qo‘shma Shtatlarga safarimiz boshida AQSHni va amerikaliklarni yaqindan bilib olishimiz uchun mezbonlar bizga hamrohlaru tarjimonlarsiz tomoshaga chiqishni, ya’ni imkon qadar ko‘proq yakka holda piyoda sayr qilishni tavsiya etishdi. Shu bois dastlabki kundayoq Vashington ko‘chalarini rosa kezdim, hatto adashib ham qoldim. 

Amerikaliklar ochiqko‘ngil va xushmuomala, bag‘rikeng va sabr-toqatli insonlar ekan. Murojaat qilganimda, bafurja to‘xtab, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish maqsadida qaysi mehmonxonaga joylashganimni so‘raydilar. Ne qilayki, Vashingtonning Shimoli-G‘arbidagi En-strit, 2000 manzilida joylashgan "Embassi-skveyr suits" mehmonxonasi, degan murakkab jumla sira esimga kelmaydi. Alqissa, har gal mehmonu mezbon tomon o‘zaro uzrxohlik bilan xayrlashamiz. 

Shu tariqa anchagina yo‘l yurganimdan so‘ng mahobatli bir haykalga duch keldim. Sinchiklab boqsam: tanish qiyofa – Genri Uodsuort Longfello, AQSH mumtoz shoirlaridan biri, ko‘plab dilbar she’rlar va mashhur «Gayavati haqida qo‘shiq» dostoni muallifi!

Axir, Longfelloning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganman-ku. Ustoz shoir o‘ng qo‘lini uzatgan tomonni mo‘ljal olib, “Ayo, tavakkal” deb, qadamimni tezlatdim. Buni qarangki, ikkinchi chorrahadan o‘tiboq, mehmonxonamiz oldidan chiqdim. 

Aytmoqchimanki, amerikaliklar adabiyot va san’atni juda qadrlaydi. Mashhur shoirlaru yozuvchilarga, olimlaru san’at ustalariga ko‘plab yodgorliklar tiklangani ham shundan.

AQSHda har yili dunyodagi boshqa har qanday mamlakatdagiga qaraganda ko‘p badiiy adabiyot nashr qilinadi va sotiladi. Hozirga qadar Sinkler Lyuis, Yudjin O’Nil, Perl Bak, Uilyam Folkner, Ernest Xeminguey, Jon Steynbek, Sol Bellou, Isaak Bashevis-Zinger, Cheslav Milosh, Iosif Brodskiy, Toni Morrison, Bob Dilan kabi amerikalik ijodkorlar adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. 

San-Diyego shahriga safarimiz chog‘ida amerikalik hamkasbimiz Sheron xonimning xonadonida mehmon bo‘ldik. Amerikalik oilaning shaxsiy kutubxonasi bilan tanishish asnosida o‘zimizga qadrdon bo‘lib qolgan mualliflarning asarlarini uchratdim. Binobarin, o‘zbek kitobxoniga AQSH adabiyoti buyuk hajvchi Mark Tven, sarguzasht janri asoschilaridan biri Edgar Allan Po, ilmiy fantastika janrining mumtoz namoyandasi Rey Bredberi, dunyoning eng mashhur romannavislari Jek London, Genri Jeyms, Teodor Drayzer kabi iste’dodli Amerika mumtoz adiblarining sara asarlari orqali ma’lum va manzur.

Shu bilan bir qatorda, o‘zim hali bilmagan ko‘plab yangi va zabardast nomlarga ham duch keldim. Xususan, 1947-yilda Nyu-Yorkda tavallud topgan Daniela Stilning badiiy asarlari jahondagi 47 mamlakatda 28 tilda chop etilgan bo‘lib, sotilgan kitoblari soni 600 million nusxadan ortgan. Adibaning romanlari asosida hozirgacha 23 ta badiiy film suratga olingan. Bunday mashhurlik kamdan kam yozuvchilarga nasib etgan. 

Amerika modern adabiyotining romannavis vakillari – Xolid Husayniy va Og Mandino hamda AQSHda XIX asrda yashab-ijod etgan O.Genri, U.Demil, shuningdek, XX asrga mansub E.Kuin, X.Ellson, M.Gilbert, E.Uolles, R.Deymo, J.Karr,  G.Ralston, J.Makdonald, G.Slizer, T.Xill, P.Bill, R.Xardvik, L.Blok, J.Skott singari novellanavis adiblarning asarlarini o‘zbek tilida mutolaa qilganimda, Sheron xonimning kitobga to‘la o‘sha javonlari ko‘z o‘ngimdan o‘tadi. 

AQSH shaharlarida "Makdonald" yemakxonalariga nisbatan kitob do‘konlari ko‘p ekan! Bizda-chi? Afsuski, hali-hozircha ko‘chalarimizda kitob do‘konlaridan ko‘ra gamburger va lavash markazlari bir necha barobar ko‘proq, nazarimda. 

San’atga e’tibor masalasiga kelsak, Nyu-York markazidagi Brodvey, ya’ni Sayilgoh ko‘chasining o‘zida 40 dan ortiq teatr binosi mavjud va hammasi hamisha tomoshabinlar bilan gavjum ekaniga guvoh bo‘lganmiz.

Shunday qilib, O‘zbekiston va AQSH hamkorligi hozir har qachongidan mustahkam ekanligi e’tirofga sazovor. AQSHning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenikning O‘zA muxbiri bilan intervyusida ta’kidlanganidek, “Bu jarayonda har kuni yangi natijaga guvoh bo‘lyapmiz. Xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, ta’lim sohasini rivojlantirishda dadil qadamlar tashlanyapti. Ikki tomonlama kun tartibining barcha jabhalarida o‘sish namoyon. Toshkent va Vashington kelgusida ham o‘zaro manfaatni ilgari surish va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida hamjihatlik bilan ish olib borishga intilmoqda”[2].

 

G‘ulom MIRZO

 

[1] Berun – eski o‘zbek tilida chekka hudud degan ma’noni beradi.

[2] https://uza.uz/uz/posts/jonatan-henik-ozbekiston-aqsh-hamkorligi-yildan-yilga-mustahkamlanmoqda_613260

Powered by GSpeech