Giyohvandlikka qarshi kurash: milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar ijobati

Giyohvandlikka nisbatan “asr vabosi” deya ta’rif berilgani bejiz emas. Chunki bugungi kunda aynan shu illat tufayli insoniyat salomatligi, taqdiri va kelajagiga rahna solinmoqda. Shuning uchun nafaqat illat, balki global ofat sifatida giyohvandlikka qarshi qat’iy kurashib kelinmoqda.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikni nazorat qilish boshqarmasi hisobotiga ko‘ra, dunyoda giyohvand moddalar iste’mol qiluvchilar soni 10-yil ichida 23 foiz o‘sgan. Ya’ni, 240 milliondan –  296 million nafarga yetgan.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning dunyodagi global muammolar yechimi borasida ilgari surgan bir necha tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligini ta’kidlash lozim. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2021-yil sentyabrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasidagi dolzarb takliflaridan biri – global muammoga aylangan giyohvandlikka qarshi kurash mavzusi bilan bevosita bog‘liq.

Bu tashabbusning mohiyati nimada? Gap shundaki, O‘zbekiston Prezidenti butun dunyo ahlini giyohvandlikka qarshi kurash borasida o‘zaro birdamlik va hamkorlikda ish olib borishga chorladi.

Prezidentimiz tashabbusi asosida tayyorlangan rezolyutsiya 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasida bir ovozdan ma’qullandi va qabul qilindi. Mazkur rezolyutsiya “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi” deb nomlangan.

Shu o‘rinda so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yurtdoshlarimizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga nisbatan qarshi immunitetni shakllantirish borasidagi ishlar tubdan kuchayganini ta’kidlash zarur. Bunda, shuningdek, inson salomatligini ta’minlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yurtimizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasining barvaqt oldini olish, aholida ularni iste’mol qilishga nisbatan immunitetni shakllantirish orqali genofondimizga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar bartaraf etilmoqda. Jahon tajribasi negizida giyohvandlikka chalingan bemorlar uchun tibbiy-davolanish tizimi tashkil etilmoqda.

Bunda, ayniqsa, 2024-yil 6-may kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani ulkan ahamiyat kasb etdi. Ushbu hujjatda ayni sohadagi davlat siyosatining istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berildi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya tasdiqlandi. Milliy strategiyada ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda.

E’tibor bering: BMT Bosh Assambleyasi 2024-yil 4-iyunda qabul qilgan Rezolyutsiya matnida – O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 6-maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan Milliy strategiya qoidalari o‘z aksini topgan. Bu, shubhasiz, O‘zbekiston giyohvandlikka qarshi kurash borasidagi milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarini uzviy bog‘liqlik va muntazamlik asosida ilgari surayotganidan dalolat beradi.

Yanada muhimi shuki, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurash borasida olib borayotgan izchil siyosati tufayli mintaqamizda bu borada ijobiy natijalarga erishilayotgani ham ayni haqiqatdir.

 

Otabek NORBOYEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech