3-4-iyul kunlari Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit doirasida SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi va “SHHT plyus” formatidagi yig‘ilish o‘tkazildi.
Sammit “Ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash – barqaror tinchlik va taraqqiyotga intilish” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Uning asosiy kun tartibi dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishda SHHTning rolini kuchaytirishga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammit ishida qatnashdi va nutq so‘zladi. O‘zbekiston rahbari tashrif dasturi doirasida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi.
Ma’lumki, Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001-yilda tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda unga to‘qqiz davlat, jumladan O‘zbekiston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Rossiya va Tojikiston a’zo.
Shuningdek, o‘n to‘rt davlat – Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Qatar, Kambodja, Quvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Shri Lanka, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) muloqot bo‘yicha hamkor hisoblanadi. Yana uch davlat – Afg‘oniston, Belarus va Mongoliya kuzatuvchilardir.
Ostona sammitida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Eron, Qatar, Qirg‘iziston, Mongoliya, BAA, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Sammitda, shuningdek, BMT Bosh kotibi, SHHT Bosh kotibi, MDH Bosh kotibi, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi hay’ati raisi qatnashdi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish sammitda nutq so‘zlab, BMT Nizomi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga asoslangan ko‘p tomonlama tamoyillarga sodiqlikni yana bir bor tasdiqlash zarurligini ta’kidladi. A.Guterrish uqtirganidek, ayni sa’y-harakatlarning markazida tinchlik turishi kerak.
BMT Bosh kotibi, shuningdek, bugungi kunda xalqaro hamjamiyatni umumiy tahdidlarga qarshi, jumladan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni samarali amalga oshirishga jahondagi geosiyosiy ziddiyatlar imkon bermasligi borasida ogohlantirdi.
Yig‘ilishda SHHTning 2023-2024-yillardagi faoliyati sarhisob qilindi. Tashkilotni yanada mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik, infratuzilma, energetika, iqtisodiyot, ekologiya, sog‘liqni saqlash, turizm, ta’lim, raqamlashtirish, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sammitda SHHTga a’zo davlatlar soni ko‘payganligi e’lon qilindi. Belarus SHHTga a’zo bo‘lganligi bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ishtirokchilar jahonda xavfsizlikni ta’minlash, tahdidlarga qarshi hamkorlikda kurashish maqsadida xalqaro hamjamiyatni halol va ochiq global muloqotga chaqirdilar.
SHHT Davlat rahbarlari kengashining Ostona deklaratsiyasi imzolandi. Mazkur hujjatda SHHTga a’zo davlatlarning dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolarga yaxlit yondashuvlari aks etgan.
Davlatlar rahbarlari “Adolatli tinchlik va hamjihatlik yo‘lida jahon birligi to‘g‘risida”gi tashabbusni ma’qullash to‘g‘risidagi qarorni imzoladilar. Unda jahonda adolatli ko‘p qutbli tartibni shakllantirishda BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli e’tirof etilgan.
Sammit ishtirokchilari SHHT faoliyatini kompleks modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflarni ma’qulladilar. Shuningdek, “SHHTning rivojlanish strategiyasi to‘g‘risida”gi hujjat qabul qilindi.
Davlatlar rahbarlari tomonidan yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik tamoyillari to‘g‘risidagi bayonot imzolandi.
Bundan tashqari, “2025-2027-yillarga mo‘ljallangan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi” va “SHHTning 2024-2029-yillarga mo‘ljallangan narkotiklarga qarshi kurash strategiyasi” muhokama qilindi.
SHHTga a’zo davlatlar 2030-yilgacha Energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini qabul qildilar. Strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri energiya xavfsizligini mustahkamlashdir.
Hujjatda energetika sohasida SHHTga a’zo davlatlar hamkorligining asosiy yo‘nalishlari qayd etilgan. Xususan, energiya resurslarining tranzit salohiyatini rivojlantirish va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari, yangi energetika tizimini shakllantirish yo‘nalishlari belgilangan.
Shunday qilib, Ostona sammiti yakunlari bo‘yicha 24 ta hujjat qabul qilindi. Bundan tashqari, SHHTni yanada rivojlantirish maqsadida uni tizimli modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
SHHT sammiti ishtirokchilari Afg‘onistondagi vaziyatni ham ko‘rib chiqdilar.
O‘tkir OCHILOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 05.07.2024
- Ko'rishlar: 1350
- Chop etish