O‘zbekistonning XMT Ma’muriy kengashiga a’zoligi – global mehnat siyosatida yanada faollik uchun keng imkoniyat

Bugungi kunda fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha insonlarning huquqlarini ta’minlash, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jarayonlari xalqaro andozalar asosida izchil takomillashtirilmoqda.

Yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berildi. Xalqaro mehnat tamoyillariga mos ravishda ishlab chiqarish, texnik, ekologik standartlarni keng tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu kabi yutuqlarimiz xalqaro hamjamiyat, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Xalqaro anjumanlarda O‘zbekiston qisqa muddatda erishgan ana shu muhim natijalar boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishga munosibligi ta’kidlanmoqda.

Ma’lumki, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) 1919-yilda Versal shartnomasi asosida tashkil etilgan. U 1945-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining birinchi ixtisoslashgan agentligiga aylangan.

XMTning Mehnat sohasidagi asosiy tamoyillar va huquqlar bo‘yicha deklaratsiyasi 1998-yil qabul qilingan va 2022-yilda unga o‘zgartirish kiritilgan. Hozirgi kunda XMTga a’zo 187 ta davlatning  barchasi ana shu Deklaratsiyada belgilangan majburiyatlarni izchil amalga oshirib kelmoqda.

Ushbu majburiyatlar qatoriga, jumladan:

- kasaba uyushmalar erkinligini tan olish;

- majburiy mehnatning barcha shakllariga barham berish;

- bolalar mehnatini tugatish;

- kasbiy kamsitishlarga chek qo‘yish;

- xavfsiz va sog‘lom ish muhitini yaratish masalalari kiradi.

XMT mehnat qonunchiligi va mehnat sharoitlarini yaxshilash masalalari bo‘yicha konvensiya va tavsiyalar ishlab chiqish uchun xalqaro komissiya sifatida tuzilganini alohida qayd etish lozim. Shu nuqtayi nazardan, 1992-yili XMTga a’zo bo‘lgan O‘zbekiston hozirgi kungacha ushbu xalqaro tashkilotning 14 ta konvensiyasini ratifikatsiya qilgani diqqatga loyiq.

Mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan XMT konvensiyalari quyidagilardan iborat:

- Majburiy mehnat to‘g‘risidagi konvensiya;

- Qirq soatlik ish haftasi haqidagi konvensiya;

- Bayram kunlari haq to‘lash haqidagi konvensiya;

- Birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya;

- Birlashish erkinligi haqidagi konvensiya;

- Bajarilgan mehnat uchun bir xil maosh to‘lovi haqidagi konvensiya;

- Onalikni himoya qilish haqidagi konvensiya;

- Majburiy mehnatga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya;

- Diskriminatsiya haqidagi konvensiya;

- Bandlik siyosati haqidagi konvensiya;

- Mehnatkashlarning vakillari haqidagi konvensiya;

- Jamoaviy shartnomalar haqidagi konvensiya;

- Ishga olishda minimal yosh haqidagi konvensiya;

- Bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlash va zudlik bilan choralar ko‘rish haqidagi konvensiya.  

O‘zbekistonda, shuningdek, 2019-yildan boshlab Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda ushbu masalalar bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Milliy komissiya mehnat munosabatlarini takomillashtirish, majburiy mehnatga barham berish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish yuzasidan xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda, XMT bilan hamkorlikda tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Bu borada muhim natijalarga ham erishildi. Xususan, XMT bilan hamkorlikda 2021-yili O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan yangi milliy dastur ishlab chiqildi va qabul qilindi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorligi, jumladan, mehnat munosabatlari tizimi mustahkamlanishi va rivojlanishiga xizmat qildi. Bunda, avvalo, sohada mavjud muammolar belgilab olindi hamda keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatga ochiq e’lon qilindi. O‘z navbatida, ayni muammolarga maqbul yechimlar topish bo‘yicha tez fursatlarda muhim amaliy ishlar bajarildi.

Ayniqsa, mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlashning o‘ziga xos mutlaqo yangi tizimi yaratilganini ta’kidlash lozim. Qolaversa, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha uch bosqichli tizim shakllantirildi. Bu o‘rinda “Milliy komissiya – kichik komissiyalar – hududiy komissiyalar” zanjiri haqida so‘z bormoqda.

Shuningdek, xalqaro normalar asosida me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirildi. Fuqarolik jamiyati vakillari monitoring faoliyatini olib borishda asosiy yetakchi kuchga aylandi. Xalqaro nohukumat tashkilotlar vakillari bilan mehnat masalalari bo‘yicha muloqot va hamkorlik kengaytirildi va o‘zaro ishonch mustahkamlandi.

Bundan tashqari xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni tizimli qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Qishloq xo‘jaligi tizimi isloh qilindi, klaster tizimi yaratildi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham berildi.

O‘zbekistonning qisqa davrda shu kabi yorqin natijalarga erishganligi, shuningdek, XMTning bir qator muhim konvensiyalarini ratifikatsiya qilganligi, insonlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratayotganligi, muammolarni e’tiborsiz qoldirish siyosatidan – ularni muloqot orqali hal etish tamoyiliga o‘tganligi XMTga a’zo davlatlar tomonidan yuqori baholandi.

Joriy yil 7-iyun kuni XMTning Jenevadagi qarorgohida Xalqaro mehnat  konferensiyasining 112-sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya doirasida 2024−2027-yillar uchun XMT Ma’muriy kengashi a’zolari va ularning o‘rinbosarlari saylovi bo‘lib o‘tdi.

Bu saylovda O‘zbekiston Respublikasi 194 ta, ya’ni eng ko‘p ovoz oldi. Shu tariqa mamlakatimiz o‘z tarixida ilk marotaba XMTning Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi.

XMT Ma’muriy kengashi uch yil muddatga saylanadigan 56 nafar a’zo va ularning 66 nafar o‘rinbosaridan iborat. Ma’muriy kengash tomonidan har yili mart, iyun va noyabr oylarida uchta sessiya o‘tkaziladi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekistonning XMT Ma’muriy kengashi a’zosi etib saylanganligi, bir tomondan, mamlakatimiz global mehnat siyosatida yanada faollik ko‘rsatishiga keng sharoit yaratadi.

Ikkinchi tomondan, zabt etilgan bu marra XMT doirasida qarorlar qabul qilinishi jarayonlarida, mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g‘oyalar ishlab chiqilishida O‘zbekistoning to‘g‘ridan to‘g‘ri hamda faol ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi.

 

Navro‘zbek ASLONOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimi

Powered by GSpeech