5-iyul – Ishparastlar kuni

5-iyul – Ishparastlar kuni

(Bayram hazili)

  

Bu kun – o‘zini mehnatga to‘liq bag‘ishlagan, ishga mukkasidan ketgan va uy-joyi, qarindosh-urug‘i hamda oshna-og‘aynilarini butunlay esdan chiqargan ishchanu kamsuqum insonlarning kasb bayrami.

Ishparastlar kuni (Workaholics Day), deb atalmish ushbu sanani ishqparast, mayparast yo pulparastlar emas, balki aynan ishparastlar nishonlaydi.

Dunyoning turli mamlakatlarida an’anaviy tarzda bayram qilinadigan bu kunning tarixi AQSHga borib taqaladi. To‘g‘ri, bayram sanasi qachon va nima munosabat bilan ta’sis etilgani haqida aniq ma’lumot topolmadik.

Ammo, ishparastlik – taqdim, ishparastlik – taqdir, ishparastlik – tashxis kabi o‘xshashu qofiyadosh ta’riflarga ko‘p bora duch keldik. Asosiysi, “ishparastlik” atamasining kashshofi haqida muxtasar ma’lumotga egamiz.

Bu ham bo‘lsa, amerikalik ruhshunos Ueyn Edvard Outs hisoblanadi. Uning 1971-yili nashr etilgan “Ishparast tazarrusi” nomli kitobi tufayli shu so‘z jahon bo‘ylab keng ommalashgan.

Ishparast o‘zi kim?

Insoniyatning ishchan va ishbilarmon, mehnatkash va mehnatsevar degan tushunchalarga sig‘maydigan alohida bir toifasini ko‘z oldimizga keltiraylik. Ularning fazilati ham nuqsoni ham bitta –  o‘z ishiga tamomila qaramligi, tobeligi, muteligi...

Bu qaramlik qulning quldorga majburiy – nafrat va alamzadalik, qasos va gina-kuduratni o‘zida jamlagan ashaddiy g‘animlarga xos tobeligi emas. Aksincha, bu tobelik – “jonini jabborga berib” ishlaydigan va bundan bemisl ma’naviy-ruhiy farog‘at topadigan telba oshiqning “ish” atalmish ma’shuqasiga sof va pokiza, emin va erkin sevgisidir.  

 Ishparast degani, bu – barcha ishni bajonudil bajaradigan, hech bir topshiriq yo ko‘rsatmadan bo‘yin tovlamaydigan, har qachon, o‘z majburiyat va mas’uliyatini shaxsiy manfaatlaridan chandon ortiq qo‘yadigan, rahbarlarning qo‘lidagi “sehrli tayoqchasi”ga aylangan mute bir xodim, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Chunki, ishparastlar – nafaqat ijrochi, ayni chog‘da, fidoyi va tashabbuskor shaxslar hamdir.

Albatta, bunday alohida zehniyatli insonlarga ish bilan hordiq orasida jismoniy va ma’naviy mashg‘ulotlar uchun ham qulay imkoniyat yaratib berish farzu qarz. Shu ma’noda, ayni toifadagi shaxslar uchun “Ish kuni – bayram” va “Bayram kuni – ish” sanalishini yaxshi bilgan holda, yilning birgina kunini bo‘lsa ham ularga bag‘ishlaganimiz eng maqbul va ezgu amaldir.

Keyingi davrda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, yangilangan Mehnat kodeksi, shuningdek, O‘zbekiston qo‘shilgan tegishli xalqaro shartnomalarda insonning mehnat qilishi bilan bog‘liq huquqlari va majburiyatlari, imtiyozlari va imkoniyatlari ochiq-oydin kafolatlab qo‘yilgan. Bugungi kunda kam ishlash mumkindiru, ammo hargiz ortiqcha ishlab, kam daromad olishga aslo yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu ma’noda, butun dunyoda 8 soatlik ish kunini yanada qisqartirish, 5 kunlik ish haftasini 4 kunlikka aylantirish yo‘lida nafaqat bahs-munozaralar qizg‘in davom etayotgan, hatto allaqachon amaliy qadamlar ham qo‘yilgan hozirgi insonparvar hamda insonsevar davrda ishparastlarga oson emasligini o‘zimizga bir tasavvur qilaylik. Ajab emaski, erta-indin:

  • ishlaydiganlar va ishlamaydiganlarning o‘rnini ham “sun’iy intellekt” to‘liq egallab olsa;
  • insoniyatning “ishparast” deyilgan ajabtovur qavmi tag-tugi bilan barham topsa;
  • shu munosabat bilan 5-iyul – Ishparastlar kuni bayram sifatida nishonlanmaydigan ham bo‘lsa...

Xayriyatki, bunga qadar bir oz muddat bor. Buguncha ayni bayramni nishonlash imkoni o‘z ixtiyorimizda.

Binobarin, safimizdagi barcha ishparastlarni bayram bilan tabriklaymiz. Ularning ish stolidagi chorlov misoli yangraydigan “Ishparastning izhori” nomli she’rimizni armug‘on etamiz:

Ishxonam – mening jonim,

ko‘rmasam, o‘tmas onim.

Kelgum hatto shanbada,

albatta, yakshanbada.

 

Ishxonam – bayramxonam,

Yangi yilu Navro‘zda,

tug‘ilgan kunlarda ham –

har kuni shundamiz-da.

 

Bemor bo‘lib qolmasam,

xumor bo‘lib qolmasam,

torim bir-bir uzilib,

betor bo‘lib qolmasam,

 

Ko‘rasiz bu turishda

yotib qolib ishlayman.

Yozda duv terlab, qishda

qotib qolib ishlayman.

 

Yaxshi ham “ish” deganlar,

netardim “ix” desalar.

Asli, ishdan qo‘rqqanlar –

kasal va dangasalar.

 

Ishdan o‘lsa – o‘lar ot,

boringki, o‘lar xachir.

Men ishga kelgan zahot,

ish ham ajaldek qochur!

 

Mendaylar ishni g‘ajir...

 

Qadrli ishparast do‘stlarim, bayramingiz yana bir bor muborak bo‘lsin!

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech