Joriy yil 7-iyunda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston va Xitoy tomonidan Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kunini belgilash bo‘yicha taklif qilingan rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi. Binobarin, 10-iyun – Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni, deb e’lon qilindi.
Ushbu rezolyutsiya xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in kutib olindi va keng qo‘llab-quvvatlandi. Rezolyutsiyani tayyorlovchi asosiy guruh ishida jami 15 davlat, imzolashda esa 83 davlat faol ishtirok etdi.
BMTning Sivilizatsiyalar Alyansi va YUNESKO kabi xalqaro tashkilotlar rezolyutsiyaning qabul qilinishini olqishladi. Zero, Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kunining ta’sis etilishi O‘zbekiston va Xitoy tomonidan xalqaro hamjamiyatga taqdim etilgan yana bir muhim hamda qulay ijtimoiy imkoniyatdir.
Ko‘plab inqiroz va sinovlar o‘zaro bog‘langan, dunyo yangi notinchlik va o‘zgarishlar davriga qadam qo‘yayotgan bir paytda Xalqaro sivilizatsiyalar muloqoti kunining o‘z vaqtida ta’sis etilgani ulkan ahamiyatga ega. Bu sana:
- sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot mavzusiga e’tibor qaratish;
- to‘qnashuvlarni bartaraf etish;
- o‘zaro ta’limga ko‘maklashish;
- global sivilizatsiya taraqqiyoti;
- sivilizatsiyalar o‘rtasidagi konsensusni mustahkamlash va rivojlantirishga keng ko‘lamda yordam beradi.
Ayni paytda dunyomiz asrlar mobaynida kuzatilmagan miqyos va ko‘lamlardagi bemisl o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar kundan kunga kuchayib, mintaqaviy ziddiyatlar birin-ketin yuzaga chiqmoqda.
Shu ma’noda, xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kamsitish va noto‘g‘ri qarashlarga barham beradi. Bu bani bashar aro o‘zaro tushunish va ishonchni yaxshilash, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, hamjihatlik va hamkorlikni mustahkamlashning samarali vositasi va yagona yo‘li hisoblanadi.
O‘zbekiston Xitoyning Global sivilizatsiya tashabbusini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. E’tiborlisi, O‘zbekiston Xitoyning taklifiga binoan "Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni" rezolyutsiyasini ishlab chiqishda asosiy guruh a’zosi sifatida faol ishtirok etdi va rezolyutsiyaning qabul qilinishiga salmoqli hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston doimo muloqot orqali tinch yo‘l bilan konsensusga erishishga faol intilib keladi. Mamlakatimiz hamisha sivilizatsiyalar o‘rtasidagi tarqoqlikni samimiy muloqot yo‘li bilan bartaraf etish, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni o‘zaro o‘rganish orqali yengish va sivilizatsiyalar uyg‘unligiga erishish tarafdoridir.
Muxtasar aytganda, jahon hamjamiyati tomonidan muhim xalqaro sana, ya’ni 10-iyun – Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kunining ta’sis etilgani:
birinchidan, sivilizatsiyalar xilma-xilligini hurmat qilishga chorlaydi;
ikkinchidan, turli sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro almashinuv, ta’lim, meros va innovatsiyalar uchun foydali muloqot maydoni yaratadi;
uchinchidan, butun dunyo mamlakatlari global muammolarga javob beradigan salohiyatli kuchlarni birlashtirishlari uchun noyob imkoniyatni yuzaga keltiradi.
Husniddin XOLMAMATOV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimi
- Qo'shildi: 05.07.2024
- Ko'rishlar: 1361
- Chop etish