Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi, ya’ni EKOSOS – BMTning oltita asosiy organidan biridir. U BMTning iqtisodiy va ijtimoiy, madaniyat, maorif, sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq faoliyat sohalarida xalqaro masalalar yuzasidan tadqiqotlar olib boradi, ma’ruzalar tayyorlaydi, konferensiyalar o‘tkazadi, tegishli konvensiyalar loyihasini ishlab chiqadi.
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash BMTning ixtisoslashtirilgan muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, barcha iqtisodiy va ijtimoiy masalalar yuzasidan Bosh Assambleya tavsiyalarini amalga oshirish bilan izchil shug‘ullanadi. Shu ma’noda, EKOSOS – BMTning eng yirik va murakkab yordamchi organidir.
BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi 1945-yili tashkil etilgan. BMT Nizomining X bobi, 61-72- moddalari aynan shu Kengashga tegishlidir. Dastlab Kengash a’zolari soni 18 ta bo‘lgan, keyinchalik 54 taga oshirilgan.
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash a’zoligi geografik vakillikka asoslangan. Bosh Assambleya tomonidan BMTning mazkur Kengashiga:
- 4 ta o‘ringa – Afrikadan;
- 11 ta o‘ringa – Osiyodan;
- 6 ta o‘ringa – Sharqiy Yevropadan;
- 10 ta o‘ringa – Lotin Amerikasi va Karib dengizi havzasidan;
- 13 ta o‘ringa – G‘arbiy Yevropa va boshqa hududlardan a’zolar 3-yil muddatga saylanadi. Iqtisodiy va ijtimoiy kengash raisi esa har yili saylanishi belgilangan.
Iqtisodiy va ijtimoiy kengashning faoliyati asosan inson huquqlari, giyohvandlik, aholi, ijtimoiy rivojlanish, statistika, ayollarning holati, fan va texnologiya kabi mavzular bo‘yicha komissiyalarda amalga oshiriladi. Kengash Yevropa, Osiyo va Tinch okeani, G‘arbiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika uchun mintaqaviy komissiyalar ishini ham nazorat qiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli demokratik islohotlar xalqaro darajada keng e’tirof etilmoqda. Buning yorqin misoli sifatida ayrim salmoqli dalillarga to‘xtalamiz.
Birinchidan, yaqinda BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga 2025–2028-yillar uchun 9 nafar mustaqil ekspert saylandi. Inson huquqlari qo‘mitasiga ekspertlik uchun 16 ta davlat o‘z nomzodlarini taqdim etdi va O‘zbekiston vakili – akademik Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo mamlakatlardan eng ko‘p ovoz oldi va saylandi.
Ikkinchidan, joriy yil 7-iyun kuni XMTning Jenevadagi qarorgohida Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya doirasida 2024−2027-yillar uchun XMT Ma’muriy kengashi a’zolari va ularning o‘rinbosarlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Bu saylovda O‘zbekiston Respublikasi 194 ta, ya’ni eng ko‘p ovoz oldi. Shu tariqa mamlakatimiz o‘z tarixida ilk marotaba XMTning Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi.
Uchinchidan, 2024-yil 7-iyunda BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida 2025-2027-yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zoligiga o‘tkazilgan saylovda O‘zbekiston g‘olib bo‘ldi. Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz BMTga a’zo davlatlarning 185 nafar ovozini oldi.
O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi bor BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zoligiga saylandi. Binobarin, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash BMTning o‘ta muhim vazifa-vakolatlarini bajaradigan nufuzli organlaridandir.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, joriy yil 30-iyun – 1-iyul kunlari mamlakatimizga rasmiy tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashga a’zo bo‘lganligi yuzasidan “Dunyo” axborot agnetligiga intervyu berdi. A.Guterrishning e’tirof etishicha, O‘zbekiston BMT va uning organlari bilan keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha yaqin hamkorlik qilib kelmoqda.
Xususan, 2017-yildan buyon BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan to‘qqizta, jumladan, 2024-yilda uchta rezolyutsiya qabul qilgan. Bu o‘rinda, jumladan, “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni” va “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi” rezolyutsiyalari haqida so‘z bormoqda.
Xulosa qilib aytganda, BMT Bosh kotibi e’tirof etganidek, O‘zbekistonning BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga a’zoligi ushbu tuzilma faoliyatiga mamlakatimiz o‘z munosib hissasini qo‘shishi uchun yana bir qulay imkoniyat yaratadi.
Eng asosiysi, mamlakatimiz BMTning bu muhim organiga saylangani Prezidentimiz rahbarligida Yangi O‘zbekiston hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlar xalqaro hamjamiyat va BMTga a’zo davlatlar tomonidan keng e’tirof etilganidan yaqqol dalolatdir.
Navro‘zbek ASLONOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimi
- Qo'shildi: 05.07.2024
- Ko'rishlar: 1496
- Chop etish