O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish joriy yilning 30-iyun – 1-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Bu A.Guterrishning mamlakatimizga amalga oshirgan ikkinchi rasmiy tashrifidir. Nufuzli mehmon 2017-yilda ham yurtimizga tashrif buyurib, Samarqand shahrida davlatimiz rahbari bilan uchrashgan edi.
O‘sha uchrashuvda O‘zbekiston bilan BMT va uning tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan. Bunday muloqot O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi samarali hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etgan.
BMT Bosh kotibining bu galgi tashrifi ham amaliy muloqotlarga boy bo‘ldi. Tashrif doirasida A.Guterrish dastlab “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Shuningdek, mo‘tabar mehmon poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasini ziyorat qildi. Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati bilan tanishib, mamlakatimizda ekologik toza energiya resurslaridan foydalanishga katta e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘ldi.
Shundan so‘ng oliy darajadagi mehmon Ko‘ksaroy qarorgohiga yo‘l oldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni ushbu qarorgohda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, hozirda mamlakatimizda BMT bilan hamkorlikda 140 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarning o‘zida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.
BMT Bosh kotibi mamlakatimizning inson huquqlari sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlarini alohida e’tirof etdi. Majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, gender tenglikni ta’minlash, inson huquqlarining konstitutsiyaviy va milliy qonunchilikdagi asoslarini yanada mustahkamlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarni yuqori baholadi.
Haqiqatdan ham, O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida 2017-yilda boshlangan, insonparvar va demokratik huquqiy davlat – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar bugungi kunda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida izchil davom ettirilmoqda. Islohotlar markazida, eng avvalo, inson qadrini yuksaltirish, aholining turmush farovonligini oshirish, xalqimizni rozi qilishdek oliy maqsad mujassam.
Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “Biz O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasligi, doimo bardavom bo‘lishi barchamizga ayon. Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”.
Shuningdek, 2020-yil 22-iyunda davlatimiz rahbari Farmoni bilan mustaqil mamlakatimiz tarixida ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilindi. Mazkur Milliy strategiyaning bosh maqsadi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari va vazifalarini belgilab olishdan iborat.
Bunda 2020 – 2025-yillarga mo‘ljallangan vazifalar aniq qayd qilingan va izchil ijro etilmoqda. Joriy yil iyul oyi holatiga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 63 ta bandi bo‘yicha chora-tadbirlar bajarildi. Bu – Milliy strategiya ijrosi 81 foizga yetdi, deganidir.
Mamlakatimiz inson huquqlari sohasida xalqaro miqyosda ham faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatib, salmoqli muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Jumladan, 2020-yil 13-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston 2021 – 2023-yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylandi.
2024-yil 29-may kuni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zbekiston vakili tarixda birinchi marta Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylandi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov 2025–2028-yillarda BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat olib boradi.
Mamlakatimizda 2018-yilda Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi, 2019-yilda Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining yillik 6-seminari, 2020-yilda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi, 2022-yilda “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusidagi Global forum, 2024-yilda “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi kabi nufuzli xalqaro anjumanlar o‘tkazildi.
BMT Bosh kotibi mamlakatimizning inson huquqlari bilan bir qatorda iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda ham BMT va uning institutlari bilan hamkorlikni faol rivojlantirayotganini ta’kidladi. Jumladan, A.Guterrish joriy yil iyun oyida mamlakatimiz BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Ma’muriy kengashiga saylanganini e’tirof etdi.
Amaliy muloqotlar doirasida muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, 2026–2030-yillarda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT bilan hamkorligi hadli dasturi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida BMT Bosh kotibiga davlatimizning yuksak mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari jahonda hamjihatlik va birdamlikni faol ilgari surish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun Antoniu Guterrish ushbu oliy mukofot bilan taqdirlanganini e’tirof etdi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidenti taklifiga binoan BMT Bosh kotibining mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishini ta’minlash, davlatimizning xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar bilan manfaatli va do‘stona hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Bu tashrif, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlikni asrash, xalqimizning turmush farovonligini izchil yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 05.07.2024
- Ko'rishlar: 1469
- Chop etish