Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish monitoringi

2024 yilning 6 oyi davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga jami 712 ta (2023 yilning shu davrida 707 ta kelib tushgan) murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning 6 oyida kelib tushgan murojaatlarga qaraganda 0,7% ko‘pdir.

Murojaatlarning 21 tasi anonim murojaat hisoblanganligi sababli “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 3, 6 va 29-moddalariga binoan ko‘rmasdan qoldirildi.

O‘tgan 6 oyda Milliy markaz qabulxonasida jami 350 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan. Shundan 275 nafar fuqaroning yozma murojaatlari ish yuritishga qabul qilingan. Qolgan 75 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilgan.

Murojaatlarning 691 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Shundan 126 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning:

  • 275 tasi (39,7%) fuqarolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul jarayonida;
  • 416 tasi (60,2%) aloqa vositalari (asosan pochta aloqa tarmog‘i orqali);
  • 14 ta murojaat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali;
  • 95 ta murojaat  Milliy markazning Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning 303 tasi (43,8%) erkaklar va 354 tasi (51,2%) ayollar tomonidan kiritilgan hamda 34 tasi (4,9%) jamoaviy kelib tushgan.

Murojaatlarning 601 tasi (87%) ariza, 88 tasi (12,7%) shikoyat va 2 tasi (0,3%) takliflardir.

O‘tgan 6 oy davomida kelib tushgan murojaatlar 2023-yilning shu davrida kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha hududlar kesimida taqqoslanganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Toshkent hamda Farg‘ona viloyatlarida murojaatlarning ortishi, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahri aholisidan murojaatlarning kamayishi kuzatildi. 

Ammo, tahlillarga qaraganda, eng ko‘p murojaatlar o‘tgan yillardagidek Toshkent shahri – 205 (28,8%);  Toshkent viloyati – 124 (17,4%); Qashqadaryo– 118 (16,5%) viloyatidan kelib tushgan.

Murojaatlarning 327 tasi (47,3%) ijtimoiy-iqtisodiy, 286 tasi (41,4%) shaxsiy, 67 tasi (9,7%) siyosiy va 11 tasi (1,6%) madaniy huquqlarga oid murojaatlarni tashkil qiladi.

Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlarning:

  • 111 tasi – fuqarolarning odil sudlovga oid huquqlariga taalluqli;
  • 77 tasi – surishtiruv va dastlabki tergov organlarining mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan, shuningdek, qarorlaridan norozilik;
  • 86 tasi – mahalliy davlat hokimiyati idoralari qarorlaridan;
  • 137 tasi – boshqa davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlarining qarorlari hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlaridan norozilik bilan bog‘liq;
  • 84 tasi – shaxsiy mulk huquqlariga doir;
  • 52 tasi – munosib turmush kechirishga doir;
  • 28 tasi – davlat organlariga murojaat qilish bilan bog‘liq;
  • 30 tasi – sud qarorlari ijrosi bilan bog‘liq murojaatlarni tashkil qiladi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, o‘tgan yillardagi kabi 2024-yilning birinchi yarmida kelib tushgan murojaatlarning aksariyati odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki  tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulkka va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlar ko‘p tushayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumki, mamlakatimizda odil sudlov O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Fuqarolik-protsessual, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy-protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga binoan faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi, ularning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi. Shuningdek, davlat tergov va surishtiruv organlarining faoliyati yuqori turuvchi organ hamda prokurorlar tomonidan nazorat qilinishi Jinoyat-protsessual kodeks va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari hamda huquqni muhofaza qilish organlariga 6 oy davomida kiritilgan 200 dan ortiq tavsiya ko‘rib chiqilgan. Natijada 18 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklandi, 25 ta holatda fuqarolarga huquqlari tiklanishida va qonuniy manfaatlarining amalga oshishida amaliy ko‘mak berildi.

Bundan tashqari, 6 oy davomida telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 1650 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi. Bu raqasm og‘zaki huquqiy maslahat so‘rab murojaat qiluvchilar soni yildan yilga ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Sudlarda inson huquq va erkinliklari ta’minlanishini kuzatish maqsadida jami 10 ta sud jarayonlarida Milliy markaz vakili ishtirok etdi. Jumladan:

- 8-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida N.X.ga oid jinoyat ishi taftish tartibida ko‘rilishida;

- fevral-mart oylarida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya sudlov hay’atida A.A va F.A.larga oid jinoyat ishi;

- 5-mart kuni Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida F.V ga oid  jinoyat ishi;

- 7-mart kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida Sh.R va F.Mlarga oid jinoyat ishi taftish tartibida ko‘rilishida;

- mart oyida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida N.X.ga oid jinoyat ishi;

- yil aprel-may oylarida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudida da’vogar A.T ning da’vosi bo‘yicha fuqarolik ishi;

- aprel oyida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida da’vogar X.X ning da’vosi bo‘yicha fuqarolik ishi;

- aprel-iyun oylarida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida A.A. va boshqalarga oid jinoyat ishi;

- 3-may kuni Navoiy viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida F.A.ga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi ko‘rilishida Milliy markaz vakillari ishtirok etdi.

Fuqarolarga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish borasida Toshkent viloyati, Ohangaron tumanida uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

E’tiborli tomoni shundaki, bir insonning buzilgan huquqini tiklash uchun bir necha yillar talab etilmoqda. Ya’ni, Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qarorlar qabul qilinmoqda.

Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan va kiritilgan takliflar asosida qanoatlantirilgan murojaatlar quyidagi hayotiy misollarda o‘z ifodasini topdi:

Birinchi misol: Fuqaro A.U.ning Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Virtual qabulxonasiga notarial idora orqali rasmiylashtirilgan “Oldi-sotdi shartnomasi”ga ko‘ra sotgan Toshkent shahrida joylashgan kvartira uchun daromad solig‘i hisoblanib kelinayotganidan norozi bo‘lib, buzilgan huquqlari tiklanishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati taalluqliligi ko‘rib chiqish uchun Davlat soliq qo‘mitasiga yuborilgan edi.

Qo‘mita tomonidan mazkur masala o‘rganib chiqilib, “E-Ijara” elektron xizmati va fuqaro A.U.ning shaxsiy varaqasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.

Ikkinchi misol: Fuqaro N.Sh.ning ishonchiga kirib oilaviy mulkini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib ketgan va hozirgi kunda oila a’zolari bilan uy-joysiz qolib ketishiga sababchi bo‘lgan er-xotin B.A va S.A.ga nisbatan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli chora ko‘rilmayotganidan, murojaatlariga yozma javob xatlari berilmayotganidan norozi bo‘lib yozgan shikoyati nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan edi.

Prokuratura tomonidan berilgan javob xatiga ko‘ra, murojaatni o‘rganish natijasiga ko‘ra aybdor mansabdor shaxslariga nisbatan Jitnoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro N.Sh. jinoyat ishi bo‘yicha fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan.

Uchinchi misol: 2-guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro X.A.ning  o‘ziga oid ma’muriy huquqbuzarlikka oid chiqarilgan qarorlardan noroziligini bildirib, huquqlari tiklanishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati va taalluqli hujjatlar o‘rganib chiqilib, X.A.ning buzilgan huquqlari tiklanishini ta’minlash to‘g‘risida prokuraturaga tavsiya (xulosa) kiritilgan edi.

Prokuratura tomonidan X.A.ning huquq va manfaatlarini buzgan sud qaroriga nisbatan xususiy tartibda protest keltirilishi ta’minlangan.

To‘rtinchi misol: Fuqaro F.A.ning ish haqini undirilishida amaliy yordam so‘rab yozgan arizasi bo‘yicha ham prokuratura idorasiga tavsiya xati kiritilgan edi.

Prokuratura tomonidan mazkur masala o‘rganish jarayonida qarzdor tashkilotdan F.A.ning jami 3.034.955 so‘m miqdoridagi ish haqi to‘liq undirib berilishi ta’minlangan.

Beshinchi misol: Milliy markazning fuqarolar qabulxonasiga murojaat qilgan fuqaro D.J.ning murojaatini o‘rganish natijalariga ko‘ra prokuratura idorasiga murojaat muallifi va oila a’zolarining mulkiy huquqlari tiklanishida amaliy yordam so‘rab tavsiya xati kiritildi.

Prokuraturadan olingan javob xatiga ko‘ra, fuqaro N.T.ga nisbatan Kadastr idorasining qarori bilan tayinlangan 49,5 mln so‘mlik ma’muriy jarima sud qarori bilan o‘zgartirilgan va jarima miqdori 6,6 mln so‘mga kamaytirilgan.

Oltinchi misol: Fuqaro N.B.aning sud qarori ijrosi yuzasidan yo‘llagan murojaati bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga (MIBga) tegishli taklif kiritilgan edi.

MIB tomonidan murojaat qanoatlantirilib, qarzdor B.M.dan fuqaro N.B.ning foydasiga 2.910.000 so‘mlik aliment pullari undirib berilgan.

Yettinchi misol: Bir guruh fuqarolarning “T.” UK rahbari tomonidan yo‘l qo‘yib kelinayotgan ayrim qonunbuzilish xatti-harakatlari oqibatida mehnat huquqlari buzilayotganligi holatlaridan norozilik bildirib, korxona rahbariga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘rab yozgan jamoaviy murojaati atroflicha o‘rganib chiqilishi maqsadida prokuratura idorasiga taklif kiritildi.

Prokuratura tomonidan olib borilgan o‘rganish natijasiga ko‘ra, ushbu korxonada o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyati aniqlanganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sakkizinchi misol: Fuqaro G‘.N.ning ishga tiklanishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati o‘rganib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tavsiya yuborilgan edi.

Vazirlik tomonidan ushbu fuqaroni ichki ishlar organlari xizmatiga tiklash yuzasidan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilayotganligi ma’lum qilindi.

To‘qqizinchi misol: Fuqaro I.P. o‘zi yashab kelayotgan mahalla hududida istiqomat qilayotgan ayrim fuqarolar tomonidan sodir etilayotgan ayrim qonunbuzilish xatti-harakatlariga nisbatan qonunda belgilangan chora ko‘rilishida hamda amaldagi qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda himoya orderi berilishida yordam so‘rab yozgan arizasi bo‘yicha ichki ishlar bosh boshqarmasiga tavsiya xati kiritilgan edi.  

Ichki ishlar idorasi tomonidan muallifning murojaatida keltirilgan vajlar yuzasidan tekshirish ishlari olib borilib, fuqaro I.P.ga himoya orderi berilgan.

O‘ninchi misol: Fuqaro A.G. o‘zining davlat muassasasiga ishga qabul qilinishida noma’lum sabablarga ko‘ra ayrim to‘sqinliklar yuzaga kelayotganligini bildirib, o‘rnatilgan tartibda ish bilan ta’minlanishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati bo‘yicha tegishli vazirlik rahbariyatiga tavsiya xati kiritildi.  

Vazirlik tomonidan taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra, fuqaro A.G davlat muassasasiga ishga qabul qilinishiga rozilik berilgan. Murojaat ijobiy hal qilingan.

O‘n birinchi misol: Chet el fuqarosi R.G. yoshga doir pensiya rasmiylashtirilishida hamda muqaddam ishlagan vazifalari haqida tegishli ma’lumotlarni olishda amaliy yordam so‘rab yozgan arizasi bo‘yicha pensiya jamg‘armasi hamda mas’ul aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga tavsiya xatlari kiritildi.  

O‘rganishlar natijalariga ko‘ra taqdim qilingan ma’lumotlarga  ko‘ra, fuqaro R.G.ga yoshga doir pensiya rasmiylashtirish masalasi qonuniy hal qilingan.

O‘n ikkinchi misol: Milliy markazning fuqarolar qabulxonasiga murojaat qilgan fuqaro D.A.ning o‘zi ishlab kelgan vazirlikdan nohaq ishdan bo‘shatilganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga tegishli tavsiya xati kiritildi.

Murojaat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilib, fuqaro D.A.ni ishga tiklash masalasida sudga da’vo arizasi kiritilgan.

O‘n uchinchi misol: Fuqaro Sh.R.ning Majburiy ijro byurosi hududiy bo‘limi xodimlari tomonidan sud qarori ijro etilmayotganligidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati nazorat tartibida o‘rganib chiqish uchun Respublika byurosiga tavsiya xati bilan kiritildi.

Olib borilgan ijro harakatlari natijasiga ko‘ra, qarzdorning mol-mulklari xatlovdan o‘tkazilib, qarzdorning avtotransport vositalariga nisbatan qidiruv e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan va ijro qilish uchun mas’ul idoraga yuklatilgan.

O‘n to‘rtinchi misol: Fuqaro B.S. Majburiy ijro byurosi hududiy tuman bo‘limi xodimlari tomonidan sud qarori ijro etilmayotganidan norozi bo‘lib yozgan murojaati tegishli tartibda o‘rganish va chora ko‘rish to‘g‘risida Respublika byurosiga tavsiya kiritildi.

Nazorat tartibida olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor tashkilotdan undiruvchi B.S foydasiga 8.7 mln. so‘m pul mablag‘lari undirilib, ishga tiklangan va sud qarori ijrosi ta’minlangan.

Milliy markaz tavsiyasi asosida huquqi tiklangan hamda huquqlari ro‘yobga chiqarilgan fuqarolardan minnatdorchilik xatlari kelib tushmoqda. Masalan, Milliy markazning Toshkent viloyat hokimligiga kiritgan tavsiyasiga muvofiq, Angren shahridagi 34-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi A.Abdurashidovga 1 xonali uy ajratilganligi uchun mazkur fuqaro tomonidan joriy yil 22-fevral kuni minnatdorchilik xati yuborilgan.

Toshkent shahar, Olmazor tumanida yashovchi fuqaro D.Islamova qonun ustuvorligini ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shayotganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali Milliy markaz jamoasiga joriy yil 5-aprel kuni tashakkurnoma yo‘llagan.

Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanida yashovchi fuqaro S.Xudoyberdiyevaning murojaati o‘rganib chiqilib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga tavsiya xati kiritilgandi. S.Xudoyberdiyeva Markazning Sirdaryo viloyat filialiga o‘z lavozimiga tiklanganligi sababli joriy yil 25-iyun kuni Milliy markazga minnatdorchilik xati yo‘llagan.

 

Otabek NORBOYEV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy Milliy markazi  bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech