O‘ZBEKISTONNING XALQARO MAYDONDAGI NUFUZI YILDAN-YILGA ORTIB BORMOQDA

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qamrovdor islohotlar samaralari tufayli Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada yuksaldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hayotimizning turli sohalariga keng tatbiq etilayotgan demokratik yangilanishlar va ochiq siyosat dunyo hamjamiyatining e’tibori-yu ehtiromini O‘zbekistonga qaratmoqda.

Avvalo, O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati va rivojlanish sur’atlari va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi sa’y-harakatlari bugungi kunda jahon iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda.

Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investorlarning bu boradagi davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va investorlar bilan ishlashda davlat tuzilmalarining mas’uliyati oshirilmoqda. Shu bois yurtimizga xalqaro kompaniyalar va investorlarning faol ravishda kirib kelishi ortmoqda.

O‘zbekistonning xalqaro hamkorlik sohasidagi faoliyati ham diqqatga sazovor. Mamlakatning tashqi siyosati o‘zaro ishonch va hamkorlikka asoslangan bo‘lib, o‘z navbatida, bu muhim omil xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash imkonini berdi. Xususan, O‘zbekiston BMT, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar doirasida o‘z mavqeini mustahkamladi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy merosi xalqaro maydonda alohida o‘ringa ega. Xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar va ularning boy madaniy merosi dunyo jamoatchiligining diqqatini o‘ziga jalb etmoqda. Turizm sohasidagi rivojlanish va sayyohlik infratuzilmasini yaxshilash natijasida O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar soni yildan yilga ortib bormoqda.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi oshishida ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlar ham muhim ahamiyatga ega. Mamlakatda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan islohotlar va xorijiy universitetlar bilan muntazam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bularning barchasi O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini va jahon maydonidagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va ahamiyati yanada ortishi mamlakatning barqaror rivojlanishi va xalqaro hamjamiyat bilan integratsiyalashuvida muhim omil bo‘lmoqda. Bu jarayondagi islohotlar va sa’y-harakatlar mamlakatning kelajakda ham xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘-e’tibori yanada mustahkamlanishiga qat’iy ishonch bag‘ishlaydi.

Xalqaro hamjamiyat bilan keng ko‘lamli hamkorlik natijasida O‘zbekiston bir qancha yutuqlarga erishdi. Xususan, birgina 2024-yilning o‘tgan davrida qo‘lga kiritilgan muhim natijalar bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Birinchidan, 2024-yil 29-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov 2025-2028-yillar uchun BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi. Shu orqali O‘zbekiston vakili tarixda birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga saylandi.

Ikkinchidan, 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi asosida “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqadagi giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurashish bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlangan. BMT rasmiy hujjatida O‘zbekistonning yangi siyosati natijasida mintaqada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratilgani alohida ahamiyatga ega.

Uchinchidan, 2024-yil 7-iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasida O‘zbekiston ilk marotaba Yevropa hududidan eng ko‘p ovoz to‘pladi va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Bu yutuq O‘zbekistonning global mehnat siyosatida, XMT tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda, mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g‘oyalarning ishlab chiqilishida bevosita faol ishtirok etishiga imkoniyat yaratadi.

To‘rtinchidan, 2024-yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston va Xitoy tomonidan Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kunini belgilash bo‘yicha taklif qilingan rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi. Ushbu rezolyutsiyada O‘zbekiston rahbariyatining umumiy xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash uchun hamjihatlik ruhini rivojlantirish, amaliy hamkorlikka intilish, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini safarbar etishga qaratilgan g‘oyalari o‘z ifodasini topgan.

Beshinchidan,  2024-yil iyun oyida 2025-2027-yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zoligiga o‘tkazilgan saylovda O‘zbekiston 185 mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, EKOSOSga saylandi. Mamlakatimiz tarixda ilk bor ushbu tuzilmaga a’zo bo‘ldi. BMT doirasida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi – iqtisodiy va ijtimoiy sohalar, shuningdek, atrof-muhitni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda EKOSOS muhim o‘rin tutadi.

Oltinchidan,  2024-yil 13-14-iyun kunlari “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumi o‘tkazildi. Prezidentimiz forum ishtirokchilariga murojaatida ta’kidlaganidek, “Ekologik inqiroz barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi eng asosiy to‘siq va tahdidga aylandi. Global miqyosda qashshoqlik muammolari ko‘paymoqda, insonning sog‘liq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash xavf ostida qolmoqda. Bundan avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, ayollar va bolalar jiddiy aziyat chekmoqda”.

Prezidentimizning Samarqand forumiga murojaatidagi g‘oya va tashabbuslari O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq inson huquqlari muammolariga yechim topish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Binobarin, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi izchil sa’y-harakatlar mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Shunday qilib, joriy yilning birinchi yarmida qo‘lga kiritilgan salmoqli yutuqlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamladi. Natijada Yangi O‘zbekistonning kelajakda barqaror rivojlanishiga nisbatan qat’iy ishonch xalqimizga bunyodkorlik shijoatini baxsh etayotgan bo‘lsa, jahon hamjamiyatining e’tiboru e’tirofini yanada kuchaytirdi.

 

Dilnoza RAHMATJONOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi yetakchi mutaxassisi

Powered by GSpeech