IBROHIM G‘AFUROV OLAMI

Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, atoqli tarjimon va adabiyotshunos Ibrohim G‘afurovning "Adabiyot dunyosi" deb nomlangan sakkiz jildli "Asarlar"i taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid olib bordi. Unda akademik Akmal Saidov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Sharifa Salimova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahnoza Nazar va boshqalar so‘zga chiqdi.

– Ibrohim G‘afurov adabiyotimizdagi so‘zning asllik darajasini belgilab beradigan buyuk zargardir, – deydi Sharifa Salimova. – So‘zlar ustozning oldidan shunchaki o‘tib ketmaydi. U kishi odam kitob o‘qiganda uning qa’riga kirib ketish kerak, o‘quvchi kitob qa’riga kirib ketganda u o‘zining asl qiyofasini ochadi, deydi. Bu esa hammamizga ibrat maktabi bo‘ladi.

Taniqli adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov naq yarim asrdan beri o‘zbek adabiyotidagi jarayonlarni teran tahlil, tadqiq va talqin etib keladi. Badiiyatda haqqoniylik va insoniylik, adolat va milliy o‘ziga xoslik, ilmiylik va xolislik tamoyillarining namoyon bo‘lish holatlarini kuzatadi. Ibrohim G‘afurov "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati", "Milliy tiklanish" gazetalaridagi ijodiy faoliyati mobaynida adabiy-ijtimoiy jarayonlarga faollik bilan o‘z munosabatini bildirib bordi. Olim 1973-yil "Maqsud Shayxzoda lirikasi" mavzusida Salohiddin Mamajonov rahbarligida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiya yoqladi. 1999-2008-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qonun ijodkorligida bevosita ishtirok etdi.

"Asarlar" – muallifning badiiy tarjimayi holidir, umrining bayonidir. Ushbu to‘plam "Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov haqidagi fikrlari" nomli kirish so‘zi bilan boshlangan.

To‘plamning birinchi jildi "Joziba" deb nomlangan va unda adabiyotshunos adabiy-tanqidiy faoliyatiga kirishgan ilk davr – 1960-1970-yillarda yozilgan va nashr etilgan uch adabiy-tanqidiy risola – "Go‘zallikning olmos qirralari", "Yonar so‘z" va "Joziba" o‘rin olgan. Ikkinchi jild "Yurak – alanga" deb nomlanadi va ushbu muqova ostida 1970-1980-yillarda yozilgan uch risola jam bo‘lgan. Bular "Yam-yashil daraxt", "Yurak – alanga" va "Lirikaning yuragi" risolalaridir.

"She’riyat – izlanish demak" deb nomlangan uchinchi jilddan muallif XX asr 50-60-yillar o‘zbek she’riyatini tadqiq etadi. Ushbu jildda "Prozaning shoiri" nomli risola ham bor. To‘rtinchi jildga "Dil erkinligi", beshinchi jildga "Hayo – xaloskor", oltinchi jildga "Mangu latofat" va yettinchi jildga "Parivashlar majlisi" deya sarlavha qo‘yilgan. Beshinchi jildda Alisher Navoiy ijodiga oid materiallar o‘rin olgan bo‘lsa, qolgan jildlarga adibning badia, mansura, esse, nasriy doston va adabiy suhbatlari to‘plangan.

"Oltin qoziq" deb nomlangan sakkizinchi jild ham maqolalarni to‘plagan. Xususan, unda muallif shunday deb yozadi:

"To‘g‘ri yo‘l tabiatdan, tabiatning Oltin qozig‘idan chiqadi. Avvalo, odamlar, fikrimizni to‘g‘rilab olaylik, iste’dodlar sohalarga aylansin, har bir odam bir foydali ixtisos egasi bo‘lsin, odamzodga foyda yetkazsin".

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, Ibrohim G‘afurov "o‘z huzur-halovatidan kechib, bir umr odamlarga ilmu ziyo, ma’rifat ulashib kelayotgan hassos so‘z san’atkoridir". Nuroniy yoshdagi adabiyotshunos va tarjimonning yana to‘rt jild "Asarlar"i nashrga tayyorlanmoqda.

 

Otabek Isroilov

Powered by GSpeech