Odam savdosi: Inson huquqi va axloqiy majburiyat

Odam savdosi insonni majburiy mehnatga jalb qilish, undan jinsiy ekspluatatsiya yoki boshqa noqonuniy maqsadda foydalanishni anglatadi. Har yili millionlab odam qurboniga aylanadigan, global miqyosda tarqalgan ushbu muammo nafaqat inson huquqiga zid tushuncha hisoblanadi, balki jamiyat va iqtisodiyotga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Odam cavdosining asosiy turlari sifatida quyidagi omillar e’tirof etiladi:

Majburiy mehnat – inson ishga majburan jalb etiladi va bu jarayonda uning erkinligi cheklanadi.

Jinsiy ekspluatatsiya – shaxs, ko‘pincha yosh qizlar va ayollar jinsiy savdoga jalb etiladi.

Bola savdosi – bola muloqotdan mahrum qilinib, mehnat yoki jinsiy ekspluatatsiyaga duchor qilinadi.

Odam savdosiga quyidagi muammolar sabab bo‘lishi mumkin:

Iqtisodiy muammo – kambag‘allik, ish joyi yo‘qligi ko‘plab insonlarni xavfli yo‘llarga – noqonuniy ishga yetaklaydi yoki odam savdosi qurboniga aylantiradi.

Ijtimoiy va siyosiy vaziyat – urush, ziddiyat va siyosiy beqarorlik kishini o‘z vatanidan qochishga majbur qiladi. Bunday holatda odamlar xavfli sharoitda ish topish umidida odam savdosiga duch keladi.

Ma’lumot yetishmasligi – muayyan muammo haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmaslik insonni qiyinchilikka duchor qiladi. Odam savdosi haqida ma’lumot yo‘qligi bu qanday jinoiy harakat ekanini tushunishga to‘sqinlik qiladi.

Odam savdosi inson huquqiga oid asosiy prinsiplarni buzadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 21-moddasida shunday deyilgan:

– Har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas. Inson o‘z huquqi va erkinligini amalga oshirishda boshqa shaxs, jamiyat hamda davlatning huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatiga putur yetkazmasligi shart. Insonning huquqi va erkinligi faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholi sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslar huquqi va erkinligini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.

Odam savdosiga duch kelgan shaxs o‘z haq-huquqini yo‘qotadi va qiyinchilikka duch keladi.

Teng huquqlilik – odamlar jinsiy, irqiy, diniy yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng huquqga ega hisoblanadi. Insonning hayoti va xavfsizligi jamiyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning erkinligini cheklash insoniyatga qarshi jinoyatdir.

Kishilar odam savdosiga oid axborotga, bu haqda tushunchaga ega bo‘lishi, ayni muammo bilan kurashish uchun qanday harakatlanishni bilishi shart. Odam savdosiga doir qonunchilikni takomillashtirib borish, aholining bu boradagi xabardorligini oshirish, o‘z navbatida, odam savdosi qurboni bo‘lgan kishi qanday oqibatga duch kelishi mumkinligi, bu holatda qanday huquqiy asosga tayanishi kerakligini anglashga yordam beradi.

Xulosa shuki, odam savdosi – jiddiy muammo. Bu masala yechimi uchun insoniyat, hamjamiyatlar birga harakat qilishi lozim. Mazkur illatga qarshi kurashishda insonning huquqi va ahloqiy majburiyatlariga amal qilish juda muhim. Har birimiz inson qadri va ozodligini hurmat qilishimiz, odamlar himoyasini ta’minlashimiz kerak. Shu o‘rinda barchamizdan  ogohlik, insonlar orasida bir-birimizga nisbatan e’tiborli bo‘lish talab etiladi. Shundagina odam savdosiga qarshi kurash ishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Hamidullo Mo‘minov,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Milliy

markazi mas’ul xodimi

O‘zA

Powered by GSpeech