Odam savdosi – quldorlikning zamonaviy shakli

Bundan 14-yil avval, ya’ni 2010-yil 30-iyulda Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha global harakatlar rejasi”ni qabul qilgan. Keyinchalik, 2013-yilda Bosh Assambleya tomonidan ushbu hujjat qabul qilingan sana, 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni, deb e’lon qilindi.

O‘tgan davrda har yili Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni dunyo miqyosida nishonlab kelinmoqda. Bundan maqsad odam savdosidek g‘ayriinsoniy va noqonuniy faoliyat qurbonlariga o‘z huquqlarini himoya qilishda yordam berishdir.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili millionlab kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Bu turdagi jinoyatlardan jabrlanganlarning 80 foizi ayollar va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bola aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Xalqaro statistikaga ko‘ra, odamlar kamida 127 mamlakatdan sotuvga chiqarilmoqda va ular 137 davlatda ekspluatatsiya qilinmoqda. Ushbu jinoyatchilik tufayli olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard dollardan oshib ketgan.

Afsuski, tashqi mehnat migratsiyasi jadallashishi asnosida odam savdosi muammosi O‘zbekiston uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Gap shundaki, fuqarolarimiz chet elga ishlash uchun ketganlarida odam savdosi qurboniga aylanib qolishlari mumkin.

Ushbu omillar ayni muammoning o‘ta dolzarbligini ko‘rsatadi.  Shuning uchun 30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilgan huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ommaviy axborot vositalarining alohida diqqat markazida bo‘ldi.

Xususan, joriy yilning 26-iyul kuni “Renessans” telekanalida “Odam savdosi – quldorlikning zamonaviy shakli” mavzusida tok-shou tashkil etildi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh yuriskonsulti R.Atovulloyev, shuningdek, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Ichki ishlar vazirligi ekspertlari, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudi sudyasi ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ishlar, odam savdosi qurbonlariga ko‘rsatilayotgan yordam, mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimiz huquqlarini himoya qilish va ushbu sohada erishilgan natijalar to‘g‘risida savollar berildi. Teletomoshabinlar ham ayni mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo‘ldi.   

Tok-shou ishtirokchilari ta’kidlaganlaridek, odam savdosining va u keltirib chiqarayotgan oqibatlarning oldini olishda davlat va jamiyat baravar mas’uldir. Bunda fuqarolarning huquqiy madaniyatini va xabardorligini oshirish, shu bilan bir qatorda, yurtdoshlarimizning turmush darajasini yaxshilash hamda kambag‘allikka qarshi kurashish borasida kutilgan natijadorlikka erishish muhim o‘rin tutadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech