1 – 2-avgust kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Jizzax viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi qabul qilinganining 40-yilligiga bag‘ishlandi.
O‘quv kursi Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Jizzax viloyati prokuraturasidan 10 nafar, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan 52 nafar xodim hamda Jizzax viloyat sudining 6 nafar sudyasi tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘quv kursi ochilishi munosabati bilan yo‘llagan videomurojaatlarida ishtirokchilarni qutladi.
O‘quv mashg‘ulotlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunda, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga tayanilmoqda.
Mashg‘ulotlar avvalida BMTga teng huquqli a’zo hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab kelishi qayd etildi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash lozim. Xuddi shu qaror tufayli 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanishi yaxshi an’anaga aylandi.
Tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish borasidagi tashabbus ham dastavval ayni shu qarorda o‘z aksini topgan.
O‘z navbatida, Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qaroriga muvofiq, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Farhod Hayitboyev mashg‘ulotlar qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosidagi amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilganligi haqda batafsil ma’lumot berdi.
Asosiy mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti Quvonch Qodirov, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti “Yuridik fanlar” kafedrasi mudiri Mehmonali Suvonqulov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish” kafedrasi o‘qituvchisi Barno Qodirova hamda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Dilshod Eshmatov tomonidan olib borildi.
Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida ichki ishlar, prokuratura hamda sud tizimida faoliyat yurituvchi 68 nafar tinglovchining nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi.
Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.08.2024
- Ko'rishlar: 1176
- Chop etish