Har yili 12-avgust sanasi butun dunyo bo‘ylab Xalqaro yoshlar kuni sifatida nishonlanadi. Bu kun yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning qobiliyatlari va salohiyatini e’tirof etish, shuningdek, ularning duch kelayotgan qiyinchiliklariga e’tibor qaratish uchun ajratilgan.
Xalqaro yoshlar kunini nishonlash g‘oyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining yoshlar masalalariga e’tiborni jalb qilish harakatlari doirasida paydo bo‘ldi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1999-yil dekabridagi 54/120 rezolyutsiyasi bilan Xalqaro yoshlar kuni deb e’lon qilindi.
Bu sananing belgilanishi yoshlarning global muammolarni hal qilishdagi rolini ta’kidlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi ahamiyatini ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilgan. Shuningdek, ushbu kun yoshlar, ularning yutuqlari, huquqlari va muammolariga bag‘ishlangan. Bu kun jahon hamjamiyati e’tiborini jamiyat taraqqiyotida yoshlarning o‘rni muhimligiga qaratish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Har yili xalqaro yoshlar kuni ma’lum bir mavzuga bag‘ishlanadi. Mavzular yoshlar oldida turgan dolzarb muammolarni hisobga olgan holda tanlanadi. Ushbu kun doirasida turli tadbirlar o‘tkaziladi. Butun dunyodagi yoshlar dolzarb masalalarni muhokama qilish va qo‘shma yechimlarni ishlab chiqish uchun konferensiyalar va forumlar hamda yoshlarga o‘z iste’dod va g‘oyalarini ifoda yetish imkonini beruvchi konsertlar, ko‘rgazmalar, teatrlashtirilgan tomoshalar va boshqa madaniy tadbirlar tashkil etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning turli burchaklaridan kelgan yoshlarning o‘zaro muloqot qilishlari uchun flesh-moblar, tanlovlar va boshqa onlayn aksiyalar tashkil etiladi.
Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan maqsad,
Birinchida, yoshlar masalalariga e’tiborni jalb qilish, yoshlar kuni yoshlar ishsizligi, qashshoqlik, kamsitish, iqlim o‘zgarishi va boshqalar kabi masalalarga e’tiborni qaratishga yordam beradi.
Ikkinchidan, jamiyat taraqqiyotida yoshlarning rolini ta’kidlash, ushbu kun yoshlar ijtimoiy o‘zgarishlarning muhim vositasi ekanligi va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim rol o‘ynashini ta’kidlaydi.
Uchinchidan, yoshlarning jamiyat hayotidagi ishtirokini rag‘batlantirish, xalqaro yoshlar kuni yoshlarni global muammolarni hal qilishda va yaxshi kelajakni qurishda faol ishtirok etishga ilhomlantiradi.
Shuningdek, Xalqaro yoshlar kuni avlodlararo birdamlikni mustahkamlash va yanada adolatli va barqaror kelajakni yaratishda muhim rol o‘ynaydi. Bu yoshlarga o‘z ahamiyatini his qilishlariga va kuchli tomonlariga ishonishlariga yordam beradi.
Bugungi kunga kelib, dunyo aholisining 16 foizini 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qilmoqda. 2030-yilga kelib yoshlar soni 7 foizga oshishi va qariyb 1,3 milliard kishiga yetishi kutilmoqda. O‘zbekistonda esa hozirgi vaqtga kelib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan aholi soni 10 millionga yaqinlashganligini ko‘rish mumkin.
Zamonaviy jamiyatda yoshlar huquqlari tobora dolzarb mavzuga aylanib bormoqda. Yosh avlod o‘zgarish va yangiliklarning dvigatelidir va uning ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishi adolatli va barqaror kelajakni yaratish uchun zarurdir.
Avvalo yoshlarga oid davlat siyosati har bir davlatning ichki siyosati bo‘lib, yoshlar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni isloh qilishga xizmat qiladi. Bu sohadagi islohotlar davr talabi va mavjud shart-sharoitdan kelib chiqqan holda takomillashtirib boriladigan jarayondir. Olib borilgan islohotlar samaradorligini baholashda esa, yoshlar salomatligi darajasi, ularga berilayotgan ta’lim darajasi va yoshlarning ijtimoiy ta’minlanganlik darajasi muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Bu esa mamlakatning kelajagi aynan yoshlar qo‘lida ekanligini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati yoshlar siyosatiga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun ko‘plab dasturlar va loyihalar ishlab chiqilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida yoshlarimizni mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarning faol va bevosita ishtirokchisiga aylantirish, ularni sog‘lom va barkamol avlod qilib tarbiyalash, jamiyatning ertasi ular qo‘lida ekanligini singdirish masalasi mamlakatimizda ustuvor va strategik vazifalaridan biriga aylandi.
Shu yetti yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz berilgani buning yorqin misolidir.
Bunga yana bir misol sifatida – yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida alohida bob – XIV bob “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanganligi va unda yoshlarga oid qator normalar o‘rin olganligini aytib o‘tish zarur. Aynan Konstitutsiyaning 79-moddasida “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi” deya belgilandi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili, deya e’lon qilinganligi va Davlat dasturi tasdiqlanganligi o‘z navbatida mamlakatimizning ravnaqi va yuksalishi, fuqarolarning farovon turmush kechirishi, munosib hayotga ega bo‘lishi, jahondagi ilg‘or mamlakatlar safidan o‘rin olishi kabi maqsadlarni hayotga tatbiq etishdagi yoshlarimizning o‘rni va ishtiroki muhim ekanligini yana bir bor e’tirof etilganligidan dalolatdir.
O‘zbekistonda yoshlarning sifatli ta’lim olishi va zamonaviy kasblarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari sezilarli darajada oshirildi. 2016-yilda oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotasi 57 mingni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich 200 mingdan oshdi. Bu esa ko‘proq yoshlarga oliy ma’lumot olish imkoniyatini bermoqda.
Yoshlar bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb qilish O‘zbekiston hukumatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada "Yoshlar - kelajagimiz" davlat dasturi doirasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur doirasida yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda, ular uchun soliq imtiyozlari yaratilmoqda.
2020-yilda “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi. Bu tizim orqali ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik va boshqa yo‘nalishlarda yordamga muhtoj yoshlar aniqlanib, ularga zarur ko‘mak ko‘rsatilmoqda. "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga ish topishda yordam berilmoqda, kasb-hunarga o‘qitilmoqda, tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Zamonaviy dunyoda raqamli ko‘nikmalar va innovatsion fikrlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston hukumati bu yo‘nalishda ham ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. "Raqamli O‘zbekiston - 2030" strategiyasi doirasida yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
IT-parklarning tarmog‘i kengaytirilmoqda, ularda yoshlar uchun turli treninglar va seminarlar o‘tkazilmoqda. Masalan, Toshkent shahrida joylashgan IT-parkda yoshlar uchun bepul dasturlash kurslari tashkil etilgan. Bu kabi markazlarda yoshlar zamonaviy IT-kasblarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Shuningdek, maktablarda informatika va axborot texnologiyalari fanlarini o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Maktablar zamonaviy kompyuter sinflari bilan jihozlanmoqda, o‘qituvchilar malakasi oshirilmoqda. Bu esa yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini erta yoshdan shakllantirish imkonini bermoqda.
O‘zbekistonda yoshlar siyosati davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yoshlar uchun ta’lim olish, kasb egallash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekistonda yoshlarga oid islohotlarni yanada rivojlantirishga hamohang ravishda nishonlanadigan Xalqaro yoshlar kuni yoshlarni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga, o‘z huquq va majburiyatlarini anglashga, fuqarolik mas’uliyatini his qilishga undaydi. Yoshlar o‘z ovozlarini eshittirish, o‘z g‘oyalarini ilgari surish va jamiyat hayotiga o‘z hissalarini qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhim hisoblanadi.
Xalqaro yoshlar kuni yoshlarning global hamjamiyat a’zolari ekanligini eslatadi. Bu kun turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish uchun platforma vazifasini bajaradi.
Xulosa qilib aytganda, 12-avgust - Xalqaro yoshlar kuni yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va kelajakni yaratishdagi rolini ta’kidlash uchun muhim sanadir. Bu kun barcha davlatlar, tashkilotlar va jamiyatlarni yoshlar bilan ishlashga, ularni qo‘llab-quvvatlashga va ularning ovozini eshitishga chaqiradi. Zero, bugungi yoshlar - ertangi kunimiz bunyodkorlari va kelajagimiz poydevoridir.
Dildora AXMEDOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 12.08.2024
- Ko'rishlar: 1065
- Chop etish