Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

KENG QAMROVLI TASHABBUSLAR, INTERAKTIV LOYIHALAR VA MUHOKAMALAR

Samarqandda “Buyuk ajdodlar merosi — Uchinchi Renessans poydevori” VIII xalqaro kongressi o‘z ishini yakunladi

 

IRCICA, ICESCO, TURKSOY singari xalqaro tashkilotlar “Al-Furqon” fondi, Xalqaro Turkiy akademiya mas’ullari hamda dunyoning 35 davlatidan 300 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan xalqaro kongressning oxirgi kunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeylarining ekspozitsiyalari bo‘yicha taqdim qilingan loyihalar muhokama qilindi.

Shuningdek, “Yangi Renessans: Madaniy merosni saqlashda kino va medianing o‘rni” mavzusida TURKSOY xalqaro forumi o‘tkazildi.

Unda turkiy tilli mamlakatlarning kino sanoati vakillari ishtirokida “Kino — meros himoyachisi: madaniy loyihalar va tashabbuslar taqdimoti”, “Global media hamkorlik:

merosni asrash bo‘yicha madaniyatlararo loyihalar” kabi tadbirlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi markazi multimedia bloki uchun tayyorlangan videoroliklar turkumi taqdimoti, “Baqtriya tarixi”, “O‘zbekiston arxeologik marvaridlari”, “Klavixo”, “Xudoybergan Devonov va nemis mennonitlari”, “Muxtor Avezov” loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Kongress doirasida mamlakatimizning boy madaniy merosi, uni saqlash, ommalashtirish masalalari ko‘rildi. Islom sivilizatsiyasining qimmatli madaniy va ma’naviy mulkini kelajak avlodga yetkazish kabi muhim mavzularda muhokamalar bo‘ldi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining kelgusi rejalari va loyihalari, xususan, markaz muzeyining bo‘limlari haqida ma’lumot berildi.

Keng qamrovli tashabbuslarga, interaktiv loyihalarga, muhokamalarga boy “Ilm-fan va ta’lim”, “Shaharsozlik va me’morchilik”, “San’at va badiiy hunarmandchilik”, “An’analar”, “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans”, “Davlatchilik tarixi” bo‘yicha ko‘plab muhim taqdimotlar ham kongress kun tartibidan o‘rin oldi.

Kongress davomida zamonaviy texnologiyalar yordamida madaniy merosni saqlash va qayta tiklash masalalari, shuningdek, madaniy boyliklarni yosh avlodga yetkazishda yangi innovatsion yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi.

Bu yilgi kongressda dunyoning 35 davlatidan 300 ga yaqin olim va ekspertlar, jumladan 180 nafar xorijlik, 110 nafar o‘zbekistonlik olim ishtirok etdi.

Kongress davomida yettita sho‘ba yig‘ilishi, bitta forum, o‘nlab davra suhbatlari, taqdimotlar, ilmiy muloqotlar tashkil qilindi. Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qo‘shma loyihalari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, Xalqaro ekspertlar kengashi tarkibi tasdiqlandi.

Qolaversa, Samarqand deklaratsiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yangilangan konsepsiyasi qabul qilindi.

Kongressda faol ishtirok etgan chet ellik qatnashchilar WOSCUning “Oltin kitob” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi.

Kongress qatnashchilari Samarqand shahri mezbonlik qilayotgan yana bir xalqaro anjuman — “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimida ishtirok etdi. Fursatdan foydalanib, ularning fikrlari bilan qiziqdik.

 

Mahmud Erol Qilich ,

Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi — IRCICA direktori:

— O‘tmishini bilmagan odam kelajagini ham ko‘ra olmaydi, deyishadi. Bu borada O‘zbekiston Prezidenti Janob Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ishlar har jihatdan diqqatga sazovor. Ayniqsa, davlatingiz rahbarining kongress sabab ilm ahlini bir joyda jamlab, yana ularga tabrik yo‘llashi bizni quvontirdi.

O‘zbekistonlik hamkorlar bilan tez-tez ko‘rishib turaman. Ular har doim yurtingizda madaniy merosni o‘rganish, ajdodlar merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga bog‘liq yangi tashabbuslar amalga oshayotganini aytadi. Bu O‘zbekiston ma’rifat, ezgulik targ‘ibotchisi ekanidan dalolat.

 

Sulton Rayev ,

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY raisi:

— So‘nggi yillarda yangi O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan keng qamrovli yangi islohotlar amalga oshirilyapti. O‘zbekiston Prezidentining “Uchinchi Renessans” g‘oyaci bugun yangi O‘zbekistonni ifodalamoqda. Mamlakatda yuz berayotgan mafkuralar, g‘oyalar va ilg‘or tashabbuslar dunyoga yurtingizning ma’naviy qiyofasini namoyon etmoqda va ko‘plab davlatlarga o‘rnak bo‘lmoqda.

 

Irina Popova ,

Rossiya fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori:

— Men faoliyat yuritadigan institutda Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixiga oid ko‘plab qo‘lyozmalar va ajdodlaringiz qalamiga mansub asarlar bor. Biz bugungacha ularning ko‘pchiligini yurtingiz olimlari, ilmiy doiralar vakillari bilan tadqiq etganmiz. Buning uchun eng yaxshi sharoitni, albatta, Prezident Shavkat Mirziyoyev yaratib berdi. Endi esa ilm ahlini O‘zbekistonning do‘stlari demoqda va bunday munosabatdan keyin biz hamkorlikka tayyormiz. O‘ylaymanki, birgalikdagi harakatlarimiz tufayli Qur’oni karimning nodir nusxalarini faksimile (foto nusxa) qilishimiz, boshqa qo‘lyozmalarni tadqiq etishimiz mumkin.

 

Doktor Tan Husim xonim,

Qatar Milliy kutubxonasi direktori:

— Ochig‘i, bu anjumanda ishtirok etishni juda istagan edim. Chunki oldingi yillarda uning faoliyatini ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatganman. Hozir Imom al-Buxoriyday allomalar yurtida ekanim va ularning vorislari bilan yonma-yon turganimdan xursandman. Islom olamida Imom al-Buxoriyni bilmagan inson yo‘q. Musulmon olamiga xos ko‘plab kashfiyotlar ham ushbu alloma nomi bilan bog‘liq. Tarixni, islom tarixini oydinlashtirishda ham Buxoriy shaxsi muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Prezidentining alloma hayotini, ilmiy faoliyatini o‘rganish bilan bog‘liq bildirayotgan takliflari olimlarni, ulamolarni yanada jips bo‘lishga chorlamoqda. Buning uchun katta rahmat.

 

Doktor Somia Jakta Buxadef ,

ICESCOning UNESCOdagi delegatsiyasi rahbari:

— Dunyoning 54 mamlakatida vakolatxonamiz bor. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bizda alohida qiziqish uyg‘otgan. Chunki markaz juda katta merosni o‘rganishni va ommalashtirishni maqsad qilgan. Bu markaz Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi ekani quvonarli. Chunki davlatingiz rahbari nafaqat islom ta’limoti, islom san’ati, Renessans davri allomalari tarixi kabi ko‘plab o‘rganilishi lozim bo‘lgan bilimlar uchun imkoniyat yaratmoqda.

 

Natali Bondil,

Fransiyaning Arab dunyosi instituti direktori:

— Fransiya va O‘zbekiston yetakchilari tashabbusi bilan bir muddat oldin Fransiyada tashkil etilgan ko‘rgazma ikki mamlakat olimlarining muloqot maydonini tashkil etdi. Biz bu ko‘rgazmani o‘tkazish asnosida hali o‘rganilishi kerak bo‘lgan noyob artefaktlar borligini bilganmiz. Ikki mamlakat tashabbusi yangi kashfiyotlarni boshlab berdi. Bugungi kongress O‘zbekistonning tarixni o‘rganish va ommalashtirishga jiddiy kirishganini bildiradi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan yo‘llangan tabrik o‘z navbatida butun dunyo ilmiy doiralariga yangicha ilhom berdi.

 

Doktor Muzaffar Sheker ,

Turkiya Fanlar akademiyasi Prezidenti:

— Bugun o‘zbek va turk olimlari o‘zaro hamkorligi tufayli ko‘plab salmoqli natijalarga erishdi. Bunga ikki mamlakat yetakchilarining diplomatik aloqalari va do‘stona munosabatlari sabab, desam adashmayman. Yurtingizda madaniy merosni o‘rganish va ommalashtirish, islom olami allomalari va buyuk ajdodlar tarixini o‘rganish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar ana shu erishilgan natijalarning poydevori bo‘lib xizmat qilyapti. Bizning Fanlar akademiyamiz hamda uning ilmiy xodimlari doim hamkorlikka tayyor.

 

Damir Muxetdinov ,

Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar idorasi raisining birinchi o‘rinbosari:

— O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari o‘zining yangi bir pallasiga ko‘tarilmoqda. Bunda diniy-ma’rifiy sohalar muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtingizda shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni, sa’y-harakatlarni olqishlaymiz. Chunki bu o‘rganishlar, tadqiqotlar natijasida nafaqat tarix oydinlashadi, balki muqaddas dinimizning ma’rifati ham yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi. Bu esa hozirgi ziddiyatli bir davrda juda ham ahamiyatli. Ha, O‘zbekiston o‘z vaqtida muhim qadam tashlamoqda.

 

Doktor Shokir Saloh ,

Islom olami Robitasi konferensiyalar va tadbirlar bo‘yicha direktori:

— Kongressga taklif uchun minnatdorlik bildiraman. Biz Imom al-Buxoriy majmuasi bilan tanishdik. Ajdodlar merosini asrab-avaylash orqali O‘zbekiston bugun barcha islom olami vakillarini mushtarak bo‘lishga chorlayapti. Chunki Imom Buxoriy islom olamida nufuzli shaxs. Uning ilmiy faoliyatini chuqur o‘rganish dunyoga yangi ilmlarni beradi. O‘zbekiston rahbari mana shunday buyuk ishlarga yo‘l ochayotgani, albatta, quvonarli.

 

Muhammad al-Adib bin Samuri ,

Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori o‘rinbosari:

— Men Imom Buxoriyning hayoti haqida animatsion film yaratish taklifini ilgari surdim. U yoshlar auditoriyasiga mo‘ljallangan bo‘lib, O‘zbekiston, umuman, dunyo bolalari uchun foydali bo‘ladi.

Yoshlar Imom Buxoriy kabi tarixiy shaxslarini tushunishi va qadrlashi kerak. Animatsion filmlar orqali Imom Buxoriyning hayotini targ‘ib qilish, uning bilimlarini yosh avlodga o‘rgatish mumkin. Bu orqali yoshlar bilimga hurmat bilan qarashni va ularni qayerda bo‘lmasin qabul qilishni o‘rganadi.

 

Doktor Karim Ifrak ,

Fransiya milliy ilmiy tadqiqotlar markazi loyiha direktori:

— O‘zbekistonda Qur’oni karimning eng ko‘hna va nodir qo‘lyozmalari saqlanadi. Hazrati Usmon Mus’hafi va milodiy VIII asrda noma’lum xattot tomonidan ko‘chirilgan “Katta Langar Qur’oni” juda noyob nusxalardir. Bundan tashqari, Amir Temur davridagi Qur’on ham mavjud. Ularning ayrim sahifalari qisman Fransiya, qisman Amerika va Qatar davlatlari muzey va kutubxonalarida saqlanmoqda. Bugun kongressda “114 Qur’on” loyihasi nomli videorolik namoyish etildi. Unda turli davlat muzeylarida saqlanayotgan Qur’on nusxalarini bitta nashr ostida birlashtirish va yangi faksimile nusxasi chop etilishi ma’lum qilindi. Bu juda ulug‘ ish. Shunda barcha qilinayotgan ishlar, olib borilayotgan tadqiqotlarni yagona bir manbada saqlash va barcha uchun tanishish imkoni bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston rahbariga islom dinining asl mohiyatini xalqaro jamoatchilikka yetkazish borasidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildiraman.

Prezident boshchiligida bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kelajakda tinchlikning, ilm-ma’rifatning qadriga yetadigan xalqlar uchun g‘urur va iftixor ramzi bo‘ladi.

 

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Nodir MAHMUDOV yozib oldi.

Powered by GSpeech