Fransiyada O‘zbekistondagi muhim siyosiy jarayonlar haqida ma’lumot berildi

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya a`zolari Fransiyaning poytaxti Parij shahrida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Fransiyaning parlament, ekspert, akademik, jamoat doiralari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati yuzasidan ma’lumot berilib, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda bo‘lajak parlament saylovlari ilk bor yangi tahrirdagi Konstitutsiya va saylov qonunchiligiga kiritilgan oxirgi o‘zgartirishlarga muvofiq o‘tkazilishi qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilariga saylovoldi tashviqot doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari haqida ham batafsil axborot berildi.

O‘z navbatida, Fransiya tomoni vakillari mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya hamkorligining turli jihatlariga to‘xtalib, yurtimizda bo‘lajak muhim siyosiy voqea yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Fransiya Milliy Assambleyasining sobiq a’zosi Karol Byuro-Bonar:

— O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etish taklifini katta mamnuniyat bilan qabul qildim. Men Fransiyadan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish taklifini ham oldim. Avval ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, shuningdek, mamlakatingizda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida qatnashish sharafiga muyassar bo‘lganman. Har gal O‘zbekistonga borganimda mamlakatingizda amalga oshirilayotgan, ortga qaytmaydigan o‘zgarishlar, demokratik islohotlardan hayratga tushaman.

Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasiga saylovlarni aralash (majoritar-proporsional) tizim asosida o‘tkazilishi, shubhasiz, O‘zbekistonda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni yanada kuchaytiradi.

Ayniqsa, ayollar huquqlari va gender tengligini ta’minlash masalalariga katta e’tibor qaratilayotganini alohida qayd etmoqchiman. Xotin-qizlar uchun ajratilgan kvota deputatlikka nomzodlar umumiy sonining 40 foizigacha oshirilgani buning yorqin dalilidir. Mazmunli muhokamalar o‘tkazgani va fikr almashgani uchun delegatsiya va O‘zbekiston elchixonasiga minnatdorlik bildiramiz.

Biz 2025-yilda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishini olqishlaymiz. Bu, mening fikrimcha, O‘zbekistonning demokratik islohotlarni amalga oshirishdagi yutuqlarini xalqaro hamjamiyatga yanada kengroq taqdim etish imkonini beradi.

Fransiya Milliy Assambleyasining sobiq a’zosi Per Kabare:

— O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida Fransiyadan xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish taklifini katta mamnuniyat bilan qabul qildim. Bu menga yurtingizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarga joyida baho berish uchun yaxshi imkoniyatdir. O‘zbekistonda parlament saylovlari majoritar-proporsional saylov tizimi asosida o‘tkazilishi – muhim voqelik, chunki saylovchilar siyosiy partiyalar vakillari orqali muammolarni muhokama qilish, o‘z fikrini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davra suhbati yakunida fransiya parlamentariylari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rayotganliklarini ta’kidlab, mamlakatimiz saylov tizimida yangiliklar bilan oldindan, yana bir bor tanishish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdilar.

Powered by GSpeech