O‘zbekistonda ko‘p yillardan buyon yosh avlodning kamol topishi uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlashning huquqiy va institutsional asoslari izchil takomillashtirilmoqda. So‘nggi yillarda yosh avlodni himoya qilish, ularning farovonligini ta’minlash va barkamol rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qator muhim qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Shuningdek, 2024-yil noyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu bolalar huquqlarini himoya qilish milliy tizimini mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi. Ushbu hujjat zo‘ravonlikning barcha shakllarini taqiqlaydi va ularni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishini nazarda tutadi.
Respublikada inklyuziv ta’lim tizimi ham faol rivojlanmoqda, sog‘liqni saqlash, bolalarni ijtimoiy himoya qilish va o‘qitish sohasida keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda.
11-dekabr kuni Toshkentda O‘zbekistonning BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) bilan hamkorligining 30-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbirda shu haqda so‘z bordi. Unda O‘zbekistonning davlat hokimiyati organlari, vazirlik va tashkilotlari rahbarlari, fuqarolik jamiyati faollari hamda xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari namoyandalari qatnashdi.
Tantanali tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan turib O‘zbekistonda bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berish eng ustuvor vazifalardan biri ekanligini e’lon qilgani bejiz emasligini ta’kidladi. Mamlakatda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi kurashishning tashkiliy mexanizmlari yaratildi. Bolalar mehnatiga barham berishning qonunchilik asoslari kuchaytirildi.
A.Saidov, shuningdek, milliy qonunchilik va amaliyot yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun normalari hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning Bola huquqlari qo‘mitasi, YUNISEF, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini hisobga olgan holda, “bola manfaatlarining eng ustuvorligi” prinsipi asosida izchil takomillashtirilayotganiga e’tiborni qaratdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qoidalari bolalarning huquq va manfaatlarini to‘laqonli ta’minlashga erishishga qaratilgan keng miqyosli islohotlarni ro‘yobga chiqarish asoslarini kuchaytirdi. Mamlakatimizda bola huquqlarini ta’minlashga doir 50 ga yaqin qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida bolalar himoyasiga bag‘ishlangan ustuvor yo‘nalishlar hamda bola manfaatlarining eng ustuvorligi prinsipini qonunchilik va amaliyotga samarali joriy etish, O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida esa aholining bola huquqlari bo‘yicha xabardorligini oshirish tadbirlari belgilandi.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola huquqlari» o‘quv kurslari joriy etildi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida fuqarolarning bola huquqlaridan xabardorligini oshirish ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, Milliy markaz 2023-2024-yillarda YUNISEF bilan o‘zaro hamkorlikni barqaror rivojlandi. YUNICEF bilan hamkorlik O‘zbekiston hukumati va YUNICEF o‘rtasida O‘zbekistonda bola huquqlarini amalga oshirishda hukumatga texnik ko‘mak va yordam ko‘rsatishga qaratilgan dastur doirasida amalga oshirilmoqda.
Ishtirokchilar tomonidan YUNISEF bilan hamkorlik O‘zbekistonning bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarga sodiqligidan va mamlakatimizning bolalar manfaatlari ishonchli himoya qilinadigan shart-sharoitlar yaratishga intilishidan darak berishi e’tirof etildi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, ta’lim kabi boshqa muhim yo‘nalishlarda davom ettirilishiga qat’iy ishonch bildirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.12.2024
- Ko'rishlar: 379
- Chop etish