Inson huquqlari uyida: “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”

20-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov Milliy markazning bir guruh faol yoshlari bilan uchrashdi. Inson huquqlari uyida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuv mamlakatimizda 2024-yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” sarhisobi hisoblanuvchi “Yoshlar forumi – 2024” doirasida tashkil etilayotgan “Rahbar va yoshlar” turkumidagi ochiq muloqotlardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston tom ma’noda yoshlar mamlakatidir. Chunki yurtimiz aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi va bu – juda katta imkoniyat hamda salohiyatdir. Shuning uchun keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosatiga ustuvor yo‘nalish deb qaralmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Yoshlar – yurtimiz istiqboli, yorug‘ kelajagimiz bunyodkori”.

BMT ekspertlarining tahlillariga ko‘ra, 2023-yilda dunyo aholisining o‘rtacha yoshi 31,8 yosh bo‘lsa, Markaziy Osiyoda ushbu ko‘rsatkich 27,6 yoshni tashkil etadi va mintaqamiz dunyodagi eng “navqiron” mintaqalardan biri sanaladi. O‘z navbatida, O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 28,7 yoshga teng. Aholimizning 10,5 million nafari – 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 4 million nafardan ortig‘i 18-30 yoshgacha bo‘lganlar, ya’ni yoshlardir.

A.Saidov muloqot avvalida shu haqda so‘z yuritar ekan, jahonda kechayotgan globallashuv jarayonlari, shuningdek, Yangi O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida izchil amalga oshirilayotgan qamrovdor islohotlar samaralari, fan-texnika taraqqiyoti va innovatsion jamiyatga kuchli ehtiyoj yoshlar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratayotganiga e’tiborni qaratdi. Shu bilan birga, shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi davr yoshlarning oldiga tezkor qarorlar qabul qilish, innovatsion tafakkurni shakllantirish, intellektual salohiyatni oshirish kabi talablarni ham qo‘ymoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat zimmasiga yoshlarga g‘amxo‘rlik masalasida g‘oyat muhim majburiyatlar yuklangan. Asosiy qonunimizda yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qo‘yilgani, shubhasiz, bu boradagi huquqiy bazani yanada kengaytirish va amaliy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi.

Eng muhimi, O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari va ushbu huquqiy asoslar negizida mamlakatimizda yoshlar tarbiyasi borasida alohida tizim yaratildi. Bugungi kunda bu tizim navqiron o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, Vatanimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan tashabbuskor va shijoatli yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, akademik A.Saidov huquq sohasini va xorijiy tillarni o‘rganish sirlari, inson huquqlari sohasining o‘ziga xos xususiyatlari haqida atroflicha so‘zladi. Adabiyot va huquq o‘rtasidagi uzviylik masalalari yuzasidan ham o‘z fikrlarini bildirdi.

Muloqotda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining mas’ul xodimlari, amaliyotchilar va doktorantlar, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti ilmiy izlanuvchilari, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi talabalari – jami 50 nafar yosh huquqshunos mutaxassis ishtirok etdi. Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, taklif va tashabbuslarini ilgari surish imkoniga ega bo‘ldi.

Jumladan, Inson huquqlari uyida taniqli davlat va jamoat arboblari, diplomatlar, olimlar va adiblar kabi mashhur shaxslar bilan uchrashuvlar uyushtirish, yosh huquqshunoslar uchun “Inson huquqlari maktabi” tarzida doimiy muloqot maydoni tashkil etish taklif qilindi. Adabiyot va huquq mavzusidagi ilmiy-ijodiy bahslarda qatnashish, sport va intellektual o‘yinlar bilan bog‘liq musobaqalarda jamoaviy ishtirok etish bilan bog‘liq takliflar ham bildirildi.

Milliy markaz direktori yoshlarning ushbu takliflarini e’tiborga olib, ularning aksariyatini qo‘llab-quvvatladi. Yoshlar bilan doimiy muloqot dasturi loyihasini ishlab chiqish uchun mas’ullarga tegishli vazifalar yuklandi. Bundan tashqari, ayrim takliflar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar, yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berildi.

Mazkur uchrashuv yoshlarning ilm-fan va innovatsiya yo‘nalishidagi salohiyatini oshirish, liderlik qobiliyatini kuchaytirish, jamiyat hayoti va davlat ishlaridagi ishtirokini yanada faollashtirish, xususan, huquq fanini o‘rganish va inson huquqlari sohasidagi ilmiy-nazariy hamda amaliy faoliyatda yangi yutuqlarga erishishlari yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech