ALISHER NAVOIY VA SAMARQANDDAGI MADANIY-MA’RIFIY TARAQQIYOT TARIXIGA BIR NAZAR

9-fevral – Alisher Navoiy hazratlari

 tavallud topgan kun

 

Zamondosh adiblarimizdan biri: “Navoiy to‘g‘risida qovoq solib gapirish gunoh”, deya lutf etgani bejiz emas. Haqiqatan ham, bugun mamlakatimiz poytaxtidagi Alisher Navoiy bog‘i ulug‘ shoirning baxtiyor va mamnun muxlislari bilan gavjum.

Istiqlol yillarda Toshkent, shuningdek, Samarqand va Navoiy shaharlari markazida Alisher Navoiy hazratlarining muhtasham haykallari o‘rnatilgan. Barcha viloyatlarda ulug‘ bobokalonimiz sharafiga xushmanzara bog‘lar barpo etilgan.

Bugun ayni ziyoratgohlardagi shoir haykali poyi anvoyi gullarga burkangan. Zotan, Alisher Navoiy ruhini yod etish, xotirasiga hurmat bajo etish, nomini ulug‘lash, o‘lmas ma’naviy merosini qadrlash, asrab-avaylash va e’tibor bilan o‘qib-o‘rganish biz, minnatdor avlodlarning sharafli burchidir.

Bugun hattoki dunyoning ko‘plab yirik poytaxtlarida ham ul buyuk zot sha’niga tiklangan muazzam yodgorliklar tegrasidan ziyoratchilarning qadami uzilmaydi. Binobarin, hozirgi kunda Tokio, Shanxay, Vashington, Seul, Moskva, Minsk, Boku, Mozori-Sharif, O‘sh, Dushanbe kabi ko‘plab shaharlarda ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri, jahon adabiyoti rivojiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk alloma Alisher Navoiy xotirasiga ko‘rkam yodgorliklar qad rostlagan.

Keyingi davrda Samarqand shahrining so‘lim go‘shalaridan biri – Alisher Navoiy nomidagi Markaziy istirohat bog‘i butunlay yangilandi. Bog‘ning bugungi jamoli qariyb 700-yil ilgari Samarqand atrofida bunyod etilgan mashhur Amir Temur bog‘lari monand. Bog‘i Baland, Bog‘i Behisht, Bog‘i Davlotobod, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Jahonnamo, Bog‘i Maydon, Bog‘i Nav, Bog‘i Chinor va Bog‘i Shamol – Amir Temurning eng mashhur bog‘laridir.

Sohibqiron bobomizning go‘zal bog‘-rog‘lari, mahobatli inshootlari sehru sururidan Alisher Navoiy hazratlari ko‘p bor hayratga tushgan, ilhomlangan. Navoiy qalamiga mansub: “Goh bo‘stoni Dilkusho ichra...” satri shoirning shu mavzudagi dilbar asarlaridan birining debochasidir.

Shu jihatdan, Samarqanddagi bu bog‘ Alisher Navoiy nomi bilan atalgani ayni muddaodir. Ayniqsa, bog‘ to‘rida Navoiy bobomizga yodgorlik o‘rnatilgani Samarqand ahlining ulug‘ shoir va mutafakkirga bo‘lgan yuksak ehtiromi ifodasidir.

Alisher Navoiy Samarqandda 1465-yildan 1469-yilning bahorigacha yashagan (ba’zi manbalarda ushbu muddat 1467-1469-yillar deb ko‘rsatilgan). Hazratning ona shahri Hirotdan Samarqandga kelishining tub sabablari tarixiy manbalarda o‘sha davrdagi notinchliklarga bog‘lab talqin etiladi.

Shu munosabat bilan akademik Shuhrat Sirojiddinovning 2023-yilda nashrdan chiqqan “Amir Alisher”[1] nomli kitobida “Alisher Navoiy Samarqandga surgun qilinganmi?” degan savolga asosli javob topish asnosida mutlaqo yangicha talqin ilgari surilgani e’tiborga sazovor. Ushbu kitobga bag‘ishlangan “Mamlakat ustuni, davlat tayanchi” nomli maqolasida[2] akademik Akmal Saidov ta’kidlaganidek, o‘zbek navoiyshunos olimi sharqshunoslar V.Bartold va Ye.Bertelsning ayrim tarixiy manbalarni yuzaki tahlil qilishi hisobiga Alisher Navoiy Samarqandga Abu Sa’id tomonidan surgun etilgan, degan fikrni ma’qullaganiga e’tiborni qaratgani juda muhim.

Chunki keyingi davrda aksariyat navoiyshunoslar ayni shu olimlarga tegishli “Navoiyning Hirotdan Samarqandga ketishi surgun sifatida qaralishi lozim”, degan bahstalab xulosaga tayangan va uni rivojlantirish yo‘lidan borgan. Garchi Mir Alisherning o‘zi tahsil uchun borganligini aytgan bo‘lsa-da, V.Bartold “U paytlarda tahsil uchun Hirotdan Samarqandga bormas edilar” degan mulohazasi bilan ushbu dalilni inkor etgan.

O‘z navbatida, Ye.Bertels ham “Navoiy” monografiyasida Alisher Navoiyning Samarqandga borganligini surgun deb hisoblagan va o‘zining bunday xulosasini “bu paytlarda Samarqand ilm-fan markazi emas edi”, degan fikri bilan izohlagan. Akademik Sh.Sirojiddinov esa Navoiyning Samarqanddagi hayoti haqida so‘z yuritar ekan, “Bu davrda Samarqand obod diyor bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek tomonidan asos solingan jahoniy ilm-fan markazi an’analari hali so‘nmagan, islomiy ilmlarning allomalari hanuz hanafiylik ta’limotini mukammal o‘qitish bilan band edi”[3], deb qayd etadi.

Ma’lumki, Alisher Navoiyning bolaligi Xurosonda temuriyzoda podshoh Shohruh hukmronligining so‘nggi yillariga to‘g‘ri kelgan. Shohruh vafot etgach, taxtga da’vogarlar orasida o‘zaro kurash boshlanadi. Urush-janjallar ko‘p kishilarni, shu jumladan, Navoiy oilasini ham yurtma-yurt, shaharma-shahar ko‘chib yurishga majbur etadi.

Shu ma’noda, garchand Alisher Navoiy ustozi Sayyid Hasan Ardasherga yozgan she’riy maktubida o‘zining Hirotdan Samarqandga kelishini “beixtiyor qilingan safar” deb e’tirof etgan bo‘lsa-da, avvalo, bu shahar shoirning ovoragarchiliklariga xotima qo‘ygan, unga keyinchalik Hirot taxtini egallagan Husayn Boyqaro taklifi bilan poytaxtga qaytish va el-yurt xizmatiga astoydil kirishish oldidan nafas rostlab olish imkonini bergan shahar ekani bilan qadrlidir.

Samarqand shahri hokimi Ahmad Hojibek asli hirotlik, ya’ni Navoiyning hamshahri bo‘lib, Vafoiy taxallusi bilan she’rlar yozgan. Binobarin, Alisher Navoiy qalamiga mansub “Majolis un-nafois” tazkirasining oltinchi majlisi Samarqand shahri hokimi Ahmad Hojibekka bag‘ishlangan maqola bilan boshlanadi.

Shoir Samarqand shahri hokimi Ahmad Hojibekka, jumladan: “Surati xush va siyrati dilkash. Axloqi hamida va atvori pisandida yigitdur”, deb ta’rif bergan. Shahar hokimining yordamida Navoiy davlat ishlari bilan ham shug‘ullana boshlaydi.

Tarixiy manbalardan ma’lumki, Alisher Navoiyning Samarqanddagi siyosiy va davlat boshqaruvi bo‘yicha faoliyati yuqori baholanib, unga “Chig‘atoy amiri” unvoni berilgan. Vaqt o‘tib Navoiy Husayn Bayqaro saltanatida muhrdor, vazir, viloyat hokimi lavozimlarida ishlagan. Navoiy saroyda mansab egasi bo‘lganida ham, vazirlar mansabini o‘z istagi bilan topshirganidan keyin ham kuch-g‘ayratini yurt obodligi, mamlakat osoyishtaligi, xalq farovonligi va ilm-fan ravnaqi yo‘lida sarflaydi.

Alisher Navoiy Samarqandda Ulug‘bek rasadxonasida ikki oy davomida falakiyot, ilmi nujumdan tahsil oladi. Islom qonunshunosligi fanining yirik vakili Xoja Fazlulloh Abullays Samarqandiy madrasasida ilm o‘rganadi, allomaning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ladi.

Buyuk shoir Samarqandda ko‘plab do‘stlar orttiradi. U Mirzobek, Mirzo Xoja Sug‘diy, Hamiriy Qalandar, Riyoziy Samarqandiy, Said Qutb Samarqandiy, Yusuf Safoiy Amir Suhayliy kabi ijodkor do‘stlari hamrohligida Aloyi Shoshiy, Muhammad Olim Samarqandiy, Xoja Xisraf muddarislik qilib turgan madrasalarda dars olib, turli fanlarga oid bilimini yanada chuqurlashtiradi, suhbat va munozaralarda qatnashadi.

Xususan, Navoiy Amir Shayxam (Amir Suhayliy) bilan qalin do‘st bo‘lgan va uni “Yori aziz” deya ardoqlagan. Shuningdek, yosh shoir Mirzobek haqida mehr bilan: “Mirzobek farzand masobasida erdi”, deb yozadi.

Jahon adabiyotining ikki porloq yulduzi – Alisher Navoiy bilan Abdurahmon Jomiy o‘rtasidagi do‘stlik haqida o‘z zamonasidan tortib xozirgi kungacha ko‘plab adiblar, olimu fuzalolar yozishgan. Aksariyat adabiyotshunoslarning fikricha, Jomiy va Navoiy hayotida mushtarak tomonlar ko‘p.

Jomiy va Navoiy dastlab Hirotda, so‘ngra Samarqandda tahsil olib, shu yerda hayot kechirishgan. Ularning Samarqand donishmandlaridan Qozizoda Rumiy, Xoja Fazlulloh Abullays, naqshbandiya tariqatining murshidi komili Xoja Ahror Valiy etagini tutib, tasavvuf sulukiga e’tiqod qo‘yishlari ushbu daholarning keyingi faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Alisher Navoiy bu vaqtda shoir sifatida tanilib ulgurgan edi. U Samarqandning ko‘zga ko‘ringan shoirlari, jumladan, Mavlono Xovariy, Harimiy Qalandar, shuningdek, Mir Qarshiy, muammogo‘y Uloyi Shoshiy, olim Mavlono Muhammad kabilar bilan hamsuhbat bo‘lgan. Bu o‘rinda “Qarshiy”, “Shoshiy” kabi taxalluslar Samarqandning o‘sha davr ijodiy muhiti jug‘rofiy jihatdan keng qamrovli bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Navoiy “Majolis un-nafois”da ta’kidlashicha, u Samarqandda ekanida, “Badiiy” taxallusi bilan she’rlar yozuvchi Yusuf Andigoniy Andijondan shu yerga kelgan. Navoiy uning yaxshi she’rlari borligini, aruzni bilishini, muammo risolasi borligini ta’riflaydi.

Alisher Navoiy hayotining oxirgi yillarida umr bo‘yi yaratgan barcha lirik janrlardagi asarlarini, shu jumladan, oldingi yillardagi devonlari – “Badoyi’ ul-bidoya” va “Navodir un-nihoya”ga kiritgan she’rlarini yig‘ib, “Xazoyin ul-maoniy” to‘plamini tuzadi.

 Navoiyshunos olimlarning qayd etishlaricha, bu yirik she’riy asarni tashkil etgan to‘rt devon inson hayotining to‘rt bosqichini bildiruvchi nomlar bilan atalgan bo‘lsa-da, ularda dastlabki ikki devonda amal qilingan xronologik tartib izchil saqlanmagan. Buni dastlabki ikki devon tarkibidagi she’rlar “Xazoyin ul-maoniy”ning barcha devonlariga bo‘lib yuborilgani ham tasdiqlaydi.

Demak, “Badoyi’ ul-bidoya” devoniga 1470-yillarda, ya’ni shoirning Samarqand safaridan keyingi dastlabki davrda tartib berilgani nazarda tutilsa, Navoiy Samarqandda yashab turgan paytida yaratilgan she’rlarning aksariyati aynan shu devonga kiritilgan bo‘lishi mumkin, degan mantiqiy xulosa kelib chiqadi.

Devonga kiritilgan “Ko‘zing ne balo qaro bo‘luptur, Kim jonga qaro balo bo‘luptur” bayti bilan boshlanuvchi g‘azal tarixi Samarqand safariga daxldor ekani haqida shoir asarlarida ishonchli dalillar mavjud. Navoiy “Majolis un-nafois” asarida ushbu matla’ va uning  muallifi haqida to‘xtalib, jumladan, shunday yozadi: “Mirzobek – insoniyat va xush axloqlikda Xuroson va Samarqand mulkida yagona erdi”.

 

G‘ulom MIRZO

 

[1] Sirojiddinov, Shuhrat. Amir Alisher. Hayoti va faoliyati. – Toshkent: “Adabiyot” nashriyoti, 2023. – 200 bet.

[2] Akmal Saidov. “Mamlakat ustuni, davlat tayanchi”// “Xalq so‘zi” gazetasi, 2024-yil  23-yanvar.

[3] Sirojiddinov, Shuhrat. Amir Alisher. Hayoti va faoliyati. – Toshkent: “Adabiyot” nashriyoti, 2023. – B. 41.

Powered by GSpeech