DAVLAT DASTURI VA HUQUQSHUNOSLIK FANINING DOLZARB MASALALARI

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida 87 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish ko‘zda tutilmoqda.

Birgina shu raqam misolida ham yangi Davlat dasturida mamlakatimiz qonun ijodkorlari va huquqshunoslari zimmasiga naqadar salmoqli hamda qamrovdor vazifalar yuklanganini anglash mumkin.

 

Yangi O‘zbekiston va Konstitutsiya

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish g‘oyasi milliy harakatga aylanmoqda. Yangi O‘zbekiston, deganda – so‘nggi 8-yilda hayotimizning barcha jabhalarida: siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, huquqiy siyosat, madaniy-gumanitar va tashqi siyosat sohalaridagi inqilobiy o‘zgarishlar tushuniladi.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan obyektiv zaruratdir”.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida Yangi O‘zbekistonga konstitutsiyaviy ta’rif berildi. Asosiy qonunimizga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlatdir.

Ya’ni, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Ayniqsa, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangani e’tiborga sazovor.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan yangi, zamonaviy va juda muhim normalarning hayotga qat’iy hamda izchil tatbiq etilayotgani, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llanayotgani yurtimiz va xalqimiz tarixida inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lash borasida yangi davrni boshlab berdi. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari – 150 nafar,  Senat a’zolari – 65 nafardan iborat. Joylardagi xalq deputatlari Kengashlariga esa minglab xalq noiblari saylanadi.

E’tibor qiling: Quyi palata deputatlari professional asosda qonun ijodkorligi bilan bevosita shug‘ullanishi hisobga olinsa, ularning barchasi yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi taqozo etiladi. Yuqori palata a’zolariga ham qonunlarni o‘rganish va ma’qullash, shuningdek, qonun ijrosi yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirish jarayonlarida muayyan yuridik tayyorgarlik zarur bo‘ladi.

Bu o‘rinda sud hokimiyati, advokatura, prokuratura kabi konstitutsiyaviy institutlar tarkibida qanchadan-qancha yurist mutaxassislar ishlashini bir tasavvur qiling. Ichki ishlar, barcha davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati idoralari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim dargohlari va ilmiy muassasalarda ham ko‘plab huquqshunos kadrlar ishlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda yuristlarga ehtiyoj va talab juda katta. Taklif-chi?

Bugungi kunda mamlakatimizdagi 22 ta oliy o‘quv yurtida huquqshunos mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Yangi ilmiy-tadqiqot institutlari ochildi. Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Parlament tadqiqotlar instituti, Kriminologiya instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Sudyalar oliy maktabi, bir qator yuridik texnikumlar shu jumlaga kiradi.

 

Davlat dasturining xususiyatlari

 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash tashabbuskori shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Mamlakatimizda har bir yilning nomi bilan bog‘liq shunday davlat dasturlarini qabul qilish va bajarish an’anaga aylangani juda muhim.

Davlat dasturi – xalqchil hujjat. Chunki:

birinchidan, u xalq muhokamasi asnosida kelib tushgan keng jamoatchilik fikri va fuqarolarning takliflari hisobiga yanada boyitildi;

ikkinchidan, xorijdagi vatandoshlarimizning takliflari e’tiborga olindi;

uchinchidan, chet ellardagi vakolatxonalarimizda AQSH, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Niderlandiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan vatandoshlar ishtirokida tashkil etilgan ko‘plab muhokamalarida Davlat dasturi loyihasi yuzasidan amaliy fikr-mulohazalar bildirildi;

to‘rtinchidan, jamoatchilik eshituvlari doirasida xalqaro hamjamiyat namoyandalari va xorijiy ekspertlar ilgari surgan muhim tavsiyalardan Davlat dasturi loyihasini takomillashtirishda unumli foydalanildi;

beshinchidan, Davlat dasturi loyihasi Internet tarmog‘idagi uzbekistan2030.uz, regulation.gov.uz veb-saytlari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi;

oltinchidan, Davlat dasturi loyihasini tayyorlashda ilg‘or xorijiy amaliyot va xalqaro tajriba hisobga olindi.

 Yana bir muhim jihat: Davlat dasturini ishlab chiqish va muhokama qilish jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni katta bo‘ldi. O‘z navbatida, Dastur bandlari izchil, to‘liq va belgilangan vaqtida ijro etilishida ham ushbu soha faollarining roli va ahamiyati beqiyosdir. Nega deganda, fuqarolik jamiyati institutlari bu borada: bir tomondan, jamoatchilik nazoratini; ikkinchi tomondan, jamoatchilik eshituvlarini; uchinchi tomondan, jamoatchilik monitoringini amalga oshirish vakolatlariga ega.

Masalaning qonun ijodkorligi va huquq sohalariga aloqador jihatlari borasida fikr yuritganda, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 8-maydagi Farmoniga asosan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani hayotga tatbiq etish bo‘yicha 14 ta qonun qabul qilinganini ta’kidlash lozim. Umuman olganda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2024-yilning o‘zida 127 ta qonun qabul qildi va 64 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritdi, shuningdek, 20 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi.

Yanada muhimi, milliy qonunchilik konstitutsiyaviy yangiliklarga asosan takomillashtirilmoqda. Ayni shu izchil huquqiy jarayonda 5-yil davomida 130 dan ortiq yangi qonun va kodekslar, yangi tahrirdagi qonunlar, qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar, Prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilinmoqda.

Bu ko‘lam hozirda mavjud qonunlarimiz hajmidan 1,5 karra ko‘pdir. Shu bilan birga, norma ijodkorligining yangi shakli sifatida milliy strategiya va konsepsiyalar ishlab chiqilmoqda. Bularning barchasi Yangi O‘zbekiston huquqshunosligi sohasi jo‘shqin ish faoliyatiga safarbar etilganidan dalolat beradi.

 

Yangi O‘zbekiston va huquqshunoslik fani vazifalari

 

Mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar huquqshunoslik fani va yuridik ta’lim oldiga dolzarb vazifalar qo‘ymoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, barcha islohotlarning huquqiy tomoni bor. Barcha islohotlar huquqiy makonda amalga oshiriladi.

Shu nuqtayi nazardan, huquqshunoslik fani oldidagi dolzarb muammolarni bir necha yo‘nalishga ajratib, talqin etish mumkin.

Birinchi yo‘nalish: ilmiy-nazariy va tarixiy-huquqiy fanlarning vazifalari. Bunda, avvalo, O‘zbekiston milliy davlatchiligi va huquqi tarixi xususida to‘xtalish o‘rinlidir. Konstitutsiyaning “Muqaddima”sida “davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek jahon sivilizatsiyasiga  beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanib” qabul qilinganligi alohida ta’kidlangan.

Bu yo‘nalishda sobiq SSSR zamonida taniqli huquqshunoslar O.Eshonov, Sh.O‘razayev, X.Samatova muallifligida 1969-yilda chop etilgan o‘quv qo‘llanmasigina bor edi. Shuningdek, “O‘zSSR davlati va huquqi” nomli 3 jildlik kitobdan foydalanilgan, xolos.

Mustaqillik yillarida bu boradagi vaziyat o‘zgardi. Xususan, “O‘zbekiston davlati va huquqi”, “Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi”, “Siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixi”, “Rim huquqi”, “Musulmon huquqi” bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar chop etildi. Ammo hanuzgacha uch ming yillik O‘zbekiston davlati va huquqini to‘la aks ettiradigan fundamental asar yo‘q. Binobarin, shunday monografiya yaratish davr taqozosidir.

O‘zbekiston davlati va huquqi Markaziy Osiyo, qolaversa, jahon huquqiy sivilizatsiyasiga muhim hissa qo‘shgan. Shunday ekan, “Markaziy Osiyo davlati va huquqi” nomli darslik-monografiya yozish va nashr ettirish ham dolzarb masalalardan biri, deb hisoblaymiz.

Bunda davrlashtirish prinsipiga tayanish jiddiy ahamiyatga ega. Sodda qilib aytganda, davlat va huquq mavzusini sivilizatsiyaviy yondashuv asosida yoritish lozim. Chunki davlat va huquq – sivilizatsiyaviy voqelikdir.

O‘zbekiston davlati va huquqi tarixini davrlashtirish muammosining yechimi nimada? Fikrimizcha, bunda YUNESKO shafeligida tayyorlangan va chop etilgan “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixi” nomli 6 jildlik fundamental tadqiqot kabi e’tirofga sazovor ilmiy-nazariy asarlarda qo‘llanilgan davrlashtirish prinsipini ijodiy o‘zlashtirgan maqbul.

Shu ma’noda, “O‘zbekistonning huquqiy sivilizatsiyasi tarixi” asarini yaratish vaqti ham keldi, deb o‘ylaymiz. Bunday kitob barcha huquqiy fanlar vakillari tomonidan birgalikda tayyorlanishi kerak.

Bu boradagi yana bir muhim vazifa shuki, O‘zbekiston huquqiy yodgorliklarini yig‘ish, tahlil qilish va chop etish lozim. Ushbu mas’uliyatli ishlarni bajarishda tarixshunoslar va arxeologlar bilan yaqin hamkorlik qilish ayni muddaodir.

Ikkinchi yo‘nalish: konstitutsiyaviy huquq va davlat huquqi fanlarining vazifalari. Ushbu yo‘nalishda Yangi O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tavsifini keltirish, Konstitutsiyaning salohiyati, mazmun-mohiyati va yangiliklarini ochib berish zarur. Avvalambor, “Konstitutsiyaga sharhlar” kitobini tayyorlash ishlarini yakuniga yetkazish va uni tezroq chop etish darkor. 

Konstitutsiyamizni jahon tillarida, birinchi navbatda, BMTning rasmiy tillarida nashr etishni yo‘lga qo‘yish kerak. Eng asosiysi, “Dunyo konstitutsiyaviy xaritasida O‘zbekiston Konstitutsiyasining o‘rni qanday?”, degan savolga ilmiy-nazariy asosda javob berishimiz darkor.

Buning uchun, nazarimizda, davlat huquqi fanlari vakillarining ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish taqozo etiladi. Bu o‘rinda, albatta, konstitutsiyaviy huquq, ma’muriy huquq, parlament huquqi fanlari mutaxassislari ko‘zda tutilmoqda.

Uchinchi yo‘nalish: fuqarolik-huquqiy fanlarning vazifalari. Fuqarolik huquqidan yangi huquq institutlari va sohalari ajralib chiqmoqda. Huquqiy tartibga solish ko‘lami kengayishi, zinhor-bazinhor, fuqarolik huquqining yaxlit tizimini buzmasligi kerak, deb o‘ylaymiz.

Fuqarolik huquqining asosini Fuqarolik kodeksi tashkil etadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mezonlari negizida ushbu Kodeksni Fuqarolik-protsessual kodeksni qayta yaratish yurist-olimlarning eng ustuvor vazifasidir.

To‘rtinchi yo‘nalish: jinoiy-huquqiy fanlarning vazifalari. Mazkur fanlarning asosi Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeks va Jinoyat-ijroiya kodeksdan iborat. Ushbu kodekslarning yangi loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti ochilgani ayni yo‘nalishdagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. O‘z navbatida, profilaktika va jinoyatchilikning oldini olish – ustuvor vazifadir.

 Beshinchi yo‘nalish: agrar va ekologiya huquqi fanlarining vazifalari. Davlat dasturlari va “O‘zbekiston-2030” strategiyasida suv huquqi, yer huquqi, ekologiya huquqi fanlari oldiga ko‘p vazifalar qo‘yilmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, mazkur huquq sohalaridagi kodekslashtirish jarayonini davom ettirishni talab qiladi.

Oltinchi yo‘nalish: xalqaro huquq fanlarining vazifalari. Mustaqillik yillarida o‘zbek xalqaro huquq maktabi shakllandi. Ushbu yo‘nalishda bir qancha doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi. Ayni yo‘nalishga oid dolzarb muammolar O‘zbekistonning milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘rganilmoqda. Hozirgi vaqtda Yangi O‘zbekistonning  tashqi siyosat konsepsiyasi, “Diplomatik xizmat to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, “O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi” nomli kitob chop etildi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq muhim voqeliklar xalqaro huquq mutaxassislari oldiga bir qator amaliy vazifalarni qo‘ymoqda.

Yettinchi yo‘nalish: inson huquqlari sohasidagi vazifalar. O‘zbekiston bu borada yetakchi mavqeni egallab kelmoqda. Hozirgi kunda “Inson huquqlari” mutaxassisligi bo‘yicha yagona Ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda. Magistratura bosqichi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimida mutaxassislar tayyorlanmoqda. Davlat dasturida 2030-yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli milliy strategiyani tasdiqlashga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash vazifasi belgilab berilgan. Ayni vaqtda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkor vazirlik va tashkilotlar bilan hamjihatlikda ushbu vazifani bajarishga kirishdi.

 

Yuridik fanlar istiqboliga nazar

 

Birinchi xulosa. Bugungi hayotimizning jo‘shqin va shiddatli sur’atlari shuni ko‘rsatmoqdaki, yuridik fan yuridik amaliyotdan ortda qolmoqda. Qonun ijodkorligi faoliyatida yuridik fanning ta’siri va roli yetarlicha sezilmayapti. Qonunlar va kodekslarning konsepsiyalarini tayyorlashda olimlar ishtiroki kam, ularning ilmiy ishlanmalari deyarli yo‘q.

 Ikkinchi xulosa. Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida ko‘rsatilgan “O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini rivojlantirish konsepsiyasi” haligacha ishlab chiqilmadi. Qonun ijodkorligi sohasida kodekslashtirish ishlari yetarlicha olib borilmayapti. Axborot kodeksi, Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks, Tadbirkorlik kodeksi, Sog‘liqni saqlash kodeksi, Ta’lim kodeksi, Advokatura kodeksi va shu kabi boshqa bir qator kodekslarni ishlab chiqish, muhokama etish va qabul qilish ishlari sust bormoqda.

Uchinchi xulosa. Ilmiy tadqiqotlarni olib borishda muvofiqlashtirish ishlari izchil emas. Turli o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni yetarli darajada, deb bo‘lmaydi.

To‘rtinchi xulosa. Huquqshunos ilmiy kadrlarni tayyorlashda tizimlilik yetishmayapti. Viloyatlar markazlaridagi oliy o‘quv yurtlarida bo‘lajak yurist-talabalarga saboq berayotgan mutaxassislarning darajasi va malakasi, saviyasi va ko‘nikmasi bilan bog‘liq savollar ko‘p.

Shu munosabat bilan ayrim amaliy takliflarni ilgari surishga jazm etdik.

Birinchi taklif. Sohada muvofiqlashtirish ishlarini yangi davr talablaridan kelib chiqib tashkillashtirish lozim. Xususan, yetti yo‘nalishda qilingan ishlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish fursati yetdi.

Har bir yo‘nalish rahbari o‘z sohasidagi fanlarning ahvoli, kamchiliklar va istiqboldagi rejalar bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazishi maqsadga muvofiq. Har qaysi yo‘nalish bo‘yicha bir oy ichida muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishlarni o‘tkazish, ish rejalarini qabul qilish, dissertatsiyalarni tahlil etish, ilmiy ishlarda bildirilgan takliflar hayotga qanchalik tatbiq etilayotganini o‘rganish taqozo etiladi.

Parlament tadqiqotlar instituti ushbu ma’lumotlarning barchasini umumlashtirishi kerak.

Ikkinchi taklif. Ilmiy ekspertiza o‘tkazishning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarur.

Uchinchi taklif. Yangi avlod darsliklarini yaratish, yangi dasturlar ishlab chiqish darkor. Bu ishlarning boshida Toshkent davlat yuridik universiteti turgani maqsadga muvofiq.

To‘rtinchi taklif. Ilmiy darajalar, ya’ni PhD va DS bo‘yicha har bir mutaxassislikka oid namunaviy mavzular ishlab chiqish lozim.

Beshinchi taklif. Har yili chop etilayotgan yuridik adabiyotlar bibliografiyasini tuzish kerak.

Oltinchi taklif. Yangi yuridik asarlarning taqdimotini muntazam o‘tkazishni an’anaga aylantirish maqsadga muvofiq.

Yettinchi taklif. Yetti yo‘nalish bo‘yicha yiliga bir marta anjuman o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish lozim. Bunda har yili yubileylari o‘tkaziladigan huquqshunos ustozlarimizning ro‘yxati oldindan tuzilsa qulay bo‘lishi tayin. Masalan, sivilistika yo‘nalishi mas’ullari akademik H.Rahmonqulovning 100-yilligiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazishni rejalashtirgan.

Sakkizinchi taklif. Mashhur huquqshunos olimlarga bag‘ishlangan an’anaviy yuridik o‘qishlar tashkil etilsa o‘rinli bo‘lardi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yuristlari qurultoyini chaqirish, O‘zbekiston yuristlari uyushmasini tuzish, O‘zbekiston xalqaro huquq assotsiatsiyasi faoliyatini jonlantirish lozim. Ayni tashkiliy tadbirlar ham bevosita bugungi davr taqozosidir.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz hayotining boshqa sohalari qatori ushbu jabha ham davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohani rivojlantirishga qaratilgan, jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatiga oid hamda huquqiy islohotlarga taalluqli bir qator farmon va qarorlari bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Ayni chog‘da, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi talablaridan kelib chiqilsa, bu borada yangi, yanada ta’sirchan amaliy qadamlar kutimoqda.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

Kuch – adolatda» gazetasining 2025-yil 21-fevral kungi 8 (1038)-soni

Powered by GSpeech