Davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi qanday amalga oshirilmoqda?
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev bu haqda ma’lumot berdi:
– Dastur doirasida “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkazilib, poytaxtda va viloyatlarda xalqaro konferensiya hamda davra suhbatlari tashkil etildi. Mahallalarda “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Huquqni muhofaza qilish organlari, oliy ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa idoralar bilan ham samarali targ‘ibot ishlari olib borildi. Milliy markaz tashabbusi bilan 2023-2024 yillar mobaynida ikki marotaba «Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar» milliy tanlovi o‘tkazildi.
Dastlab oltita oliy ta’lim muassasasida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha maxsus kurslar ochildi. Bunday kurslar 114 oliy ta’lim muassasasi va 330 professional ta’lim tashkilotiga ham tatbiq etildi.
Shu bilan birga, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari” bo‘yicha 60 soatlik maxsus o‘quv moduli joriy etildi.
Milliy markaz, Sudyalar oliy maktabi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Oliy sud hamkorligida “Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusida to‘rt haftalik “Yozgi maktab” tashkil etildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va hududlardagi axborot-kutubxona markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi ochildi. Ularga Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan 1,6 ming nusxa huquqiy adabiyot taqdim etildi.
Milliy markaz tomonidan 2023-2024 yillarda o‘nta yangi to‘plam nashr etildi. Jumladan, 2024 yilda 45 xalqaro hujjat tarjima qilinib, to‘rtta xalqaro shartnomalar to‘plami chop etildi.
Ichki ishlar va prokuratura organlari, jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi o‘tkazildi.
Keyingi ikki yil davomida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlarda 40 dan ortiq davlat organi va tashkilotlari vakillari milliy hisobot tayyorlash, xalqaro tavsiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha ko‘nikma hosil qildi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi borasida uchta jamoatchilik monitoringi va o‘nta tadbir tashkil etildi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 45 yilligi, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 35 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar o‘tkazildi.
Dasturning beshinchi yo‘nalishi doirasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda 187 tadbir o‘tkazildi. Shuningdek, muqobil ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha uchta seminar-trening tashkil etildi.
Kasaba uyushmalari tizimida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida yettita ta’lim yo‘nalishida “Inson huquqlari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi, Yevropa kengashi bilan birgalikda qirqqa yaqin tadbir o‘tkazildi.
Dastur ijrosi natijasida aholining inson huquqlari haqidagi ma’lumotlardan xabardorligi oshdi. Davlat organlari xodimlari, talaba-yoshlar, nodavlat tashkilotlar bu ma’rifiy-huquqiy jarayonga keng jalb etildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2024 yil 9 oktyabrdagi rezolyutsiyasi bilan e’lon qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini mamlakatimizda izchil amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 21.02.2025
- Ko'rishlar: 129
- Chop etish