8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Bugungi kunda O‘zbekiston xotin-qizlari – o‘z xonadonining fayzu farishtasi bo‘lgan ayollarimiz jamiyat va davlat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarda ham faol ishtirok etmoqda. Ularning o‘z sohalarida erishgan yutuqlariga ayrim misollar keltiramiz.
Birinchi misol: Mamlakatimizda hozirgi vaqtgacha 17 nafar ayol eng oliy mukofot – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Shu muhim mezonning o‘zi ham yurtimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar natijasida faol va yuksak salohiyatli ayollar safi izchi kengayib borayotganini yaqqol tasdiqlab turibdi.
Ikkinchi misol: Bugungi kunda xotin-qizlarimizning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi.
Uchinchi misol: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi (57 nafar), Senat a’zolarining 27 foizi (16 nafar), mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizini ayollar tashkil etmoqda.
To‘rtinchi misol: Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018-yilda atigi 3 foizdangina iborat bo‘lgani holda, o‘tgan davrda ayni ko‘rsatkich ikki barobar oshib, 5,7 foizga ko‘tarildi.
Bularning barchasi bejiz emas. Mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani natijasida oilaga, ayol zotiga bo‘lgan munosabat tobora yuksalib, muhtarama onalarimiz, suyukli rafiqa, opa-singil va salohiyatli xotin-qiz hamkasblarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylangan.
Ushbu sohadagi ishlar, xususan, ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilib, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslari mukammallashtirilmoqda. Aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotida ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy normalar asosida o‘qitish kabi muhim yo‘nalishlarda izchil ish olib borilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda". Bu haqda fikr yuritganda, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kengaytirishga, oilalar farovonligini ta’minlashga oid milliy tajriba – O‘zbekiston modeli amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Shu asosda sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik takomillashtirilib, yurtimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash yuzasidan 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu borada, ayniqsa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘z natijasini berayotgani alohida tahsinga loyiq.
Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilgani tufayli ham muhim samaralar qo‘lga kiritilmoqda. Xususan, mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilgani va unga davlat xizmatchisi maqomi berilgani, ayollar mehnati to‘liq yoki qisman qo‘llanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxati bekor qilingani kabi yangiliklar diqqatga sazovordir.
Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarning kelgusida ham qat’iy davom ettirilishini ta’kidlagani bejiz emas. Chunki bu – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Keyingi yillarda qabul qilingan "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida", "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida" hamda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi yangi qonunlar bunda alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning qabul qilinishi ushbu sohaning huquqiy asoslarini tubdan mustahkamladi va tegishli tizimli faoliyatni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 60-maqsadida reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha dolzarb masalalar qamrab olingan bo‘lsa, 69-maqsadi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan. O‘z navbatida, Taraqqiyot strategiyasining 85-maqsadi doirasida ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 barobar kamaytirish, 80 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, xotin-qizlarni tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab olindi va amaliy ijrosi ta’minlanayapti.
Mehnat kodeksi va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga xotin-qizlar uchun taqiqlangan kasbiy faoliyat sohalarini qisqartirish, qonunchilikdagi gender-assimetrik qoidalarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritildi. Xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashning institutsiyaviy asoslari yanada mustahkamlandi.
Ushbu dasturiy hujjatlarning ijrosi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari kabi xalqaro shartnomalar doirasidagi majburiyatlarimizni bajarishga ham ko‘maklashmoqda.
Yana bir muhim hujjat – 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasi hayotga keng tatbiq etilmoqda. O‘zbekiston 2024-yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘pladi. Ya’ni, mamlakatimiz bu borada 2022-yil qayd etilgan 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egalladi. Ushbu indeks 158 ta mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yo‘lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi.
Mamlakatimiz, shuningdek, 2024-yilda Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 48 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 91-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston ayollar huquqlari va gender tenglik sohasida eng katta natijalarga erishgan 5 ta mamlakatdan biri sifatida qayd etildi.
Bunday yuksak ko‘rsatkichlar, albatta, Yangi O‘zbekistonning gender tenglikka erishishdagi yutuqlari BMT, Parlamentlararo Ittifoq, Jahon banki tomonidan alohida e’tirof etilib, xalqaro indekslarda o‘z aksini topayotganining yorqin ifodasidir. Shu ma’noda, o‘tgan yili O‘zbekistonda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 45-yilligi doirasida tizimli tadbirlar tashkil etilgani alohida mazmun-mohiyat kasb etdi.
O‘z navbatida, 1995-yil 15-sentyabrda Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30-yilligi joriy yilda dunyoning barcha taraqqiyparvar mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida turli tadbirlarni o‘tkazishga kirishdi.
Joriy yilda mamlakatimizda aholi, jumladan, xotin-qizlarning salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida bir qator ta’sirchan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu boradagi ustuvor vazifalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilab berildi.
Davlat dasturining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash”, deb nomlangan 25-maqsadida ushbu yo‘nalishdagi bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan. Ayni muhim omil ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xotin-qizlarimiz alohida o‘rin tutishini yaqqol anglatib turibdi.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida mamlakatimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.
Farida XAKBERDIYEVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi
«Iste’mol madaniyati» gazetasining 2025-yil 27-fevral kungi 3 (195)-soni
- Qo'shildi: 05.03.2025
- Ko'rishlar: 322
- Chop etish