Korrupsiyaga qarshi kurash, inson huquqlari va ochiqlik siyosati

“Biz ochiqlik siyosatini, so‘z erkinligi g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda hamisha qat’iy bo‘lamiz”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida shunday deb ta’kidladi.

Yig‘ilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha bajarilgan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi. Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotgani qayd etildi.  

Ilgari ushbu mavzu jurnalistlar uchun mutlaqo yopiq edi. Hozirgi vaqtda mavjud holat ochiqlik va shaffoflik tomonga butunlay o‘zgardi. Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi mamlakatimizning o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarildi.

Bularning barchasi bejiz emas. Chunki keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tizim yaratildi, alohida qonunlar qabul qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z yuksak lavozimiga kirishganidan so‘ng imzolagan dastlabki qonunlardan biri aynan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun ekani ham bu fikrning yaqqol tasdig‘idir.

Ayni chog‘da, akademik Akmal Saidov qayd etganidek, inson huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy adolatni qaror toptirishda og‘ir jinoyatlardan biri bo‘lmish korrupsiyaga qarshi kurashish butun dunyoda dolzarb masala bo‘lib turibdi. Korrupsiya chegara bilmaydi, ushbu dahshatli illatdan zarar ko‘rmagan mamlakat yo‘q. Bu global hodisa jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladi.

Korrupsiya demokratiya va huquq ustuvorligiga, inson huquqlari va erkinliklari daxlsizligiga, demokratik institutlar va qadriyatlar, etnik  qadriyatlar va adolatga putur yetkazadi. U jamiyat hayotining barcha jabhalariga kirib, odob-axloq me’yorlarini buzadi, erkinlik va demokratiya asoslariga, fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruviga bo‘lgan ishonchiga darz tushiradi.

Mamlakatimiz BMTning inson huquqlari bo‘yicha saksondan ziyod asosiy hujjatlari ishtirokchisi hisoblanadi. Milliy qonunchilikka implementatsiya qilingan ushbu hujjatlarning qoidalari insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq hamda erkinliklarini himoya qilishni ko‘zda tutadi.

Xalqaro hujjatlarga muvofiq, inson huquqlarining ta’minlanishi korporativ javobgarlikning asosiy prinsiplaridan biri hisoblanadi. Nega deganda, bugun xususiy sektorning ijtimoiy masalalarni hal etishdagi o‘rni tobora kuchayib bormoqda.

So‘nggi o‘n yillikda geoiqtisodiyotdagi bo‘hronlar oqibatlari ham davlat, ham biznes vakillari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha javobgarlikni oshirdi. Shuning uchun ham bu borada BMTning ishbilarmon doiralar faoliyatining asoslari, inson huquqlarining umume’tirof etilgan prinsiplari, mehnat standartlariga rioya qilish, atrof-muhitni himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida ko‘plab hujjatlari qabul qilingan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, sohaga oid qonunchilikni yanada mukammallashtirish zarurligiga e’tiborni qaratdi. Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti-soati kelgani yana bir bor uqtirildi.

Mas’ullarga tez fursatda tegishli qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, joriy yil 1-apreligacha kiritish bo‘yicha jiddiy topshiriq berildi. Loyihada noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik masalasini aks ettirishni ham o‘ylash zarurligi ta’kidlangani bejiz emas. Chunki bu masala nafaqat milliy, balki xalqaro-huquqiy nazardan ham juda muhim.

Gap shundaki, O‘zbekiston BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Konvensiyaning 20-moddasida har bir ishtirokchi davlat, o‘z Konstitutsiyasi va huquqiy tizimining eng muhim prinsiplarida noqonuniy tarzda boylik orttirilishi uchun javobgarlik masalasini ko‘rib chiqishi nazarda tutilgan.

Konvensiyaga muvofiq, noqonuniy tarzda boylik orttirilishi deganda, mansabdor shaxsning aktivlari uning qonuniy daromadlaridan oqilona asoslanib berila olmaydigan darajada oshib ketishi tushuniladi. Ushbu norma talabiga ko‘ra, davlat xizmatchisi o‘z daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkini qayerdan olganini isbotlashi talab etiladi, agar buni asoslab berolmasa, javobgar bo‘ladi.

Bunday haqli va qat’iy yondashuv qadimgi dunyo donishmandlarining “Nimaiki qonuniy bo‘lsa, u – adolatlidir”, degan hikmatiga mosu xosdir. Aslida, xuddi shu tariqa aynan qonun adolat manbai va mezoni ekani, qolaversa, qonun hammaga barobar va qonun oldida hamma teng ekanligi amalda namoyon bo‘ladi. Agar qonun bajarilmasa, ya’ni qonunda bir narsa yozilib, hayotda hammasi boshqacha bo‘lsa, u holda odamlarning Konstitutsiya va qonunlarda muhrlab qo‘yilgan adolat va demokratiya normalariga nisbatan ishonchi yo‘qoladi.

Binobarin, jamiyatimizda qonun ustuvorligi tamoyili ta’minlanayotgani turli salbiy illatlar, huquqbuzarliklar, xususan, korrupsiyaning oldini olishda huquqiy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti korrupsiyaga oid savodxonlikni tashviqot qilish uchun 9-dekabrni “Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro kuni” deb e’lon qilgan va ushbu sana 2004-yildan buyon dunyo miqyosida, shu jumladan, O‘zbekistonda nishonlab kelinadi.

E’tibor bering: ayni shu sanada, 2003-yil 9-dekabrda korrupsiya inson huquqlarini buzishga, iqtisodiyotni izdan chiqarishga, bashariyat xavfsizligiga daxl qiluvchi jinoyatlarga yo‘l ochishini, shuning uchun mazkur jinoyatga qarshi kurashish dolzarb ahamiyatga ega ekanini inobatga olgan holda, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qabul qilingan. Mamlakatimiz ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan.

 Ya’ni, 2008-yil 7-iyulda “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003-yil 31-oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston 2010-yilda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakat dasturiga qo‘shilgan.

Korrupsiya davlatning iqtisodiy rivojiga to‘sqinlik qiladi. Mamlakatning barqaror rivojlanishi va huquq-tartibot tizimiga zarar keltirib, milliy xavfsizlik uchun tahdid tug‘diradi. Shu bois bugungi kunda jahon miqyosida korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda har bir davlatning qonunchiligida poraxo‘rlik ijtimoiy xavfli qilmish sifatida qoralanadi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

O‘zbekistonda ham fuqarolarning ijtimoiy adolatga nisbatan ishonchini mustahkamlash borasida xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilinib, milliy qonunchilik bazasi tobora takomillashtirilmoqda. Shu jumladan, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etishga qaratilgan qonuniy asoslar yaratish doirasida korrupsiyadek og‘ir jinoyatchilikni bartaraf etish uchun ta’sirchan huquqiy va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, keyingi yillarda Oliy Majlis palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash va agentlik tashkil qilinganini qayd etish lozim. O‘zbekiston Prezidenti ushbu tuzilmalarning faoliyatini tanqidiy tahlil qilar ekan, jumladan, parlament nodavlat tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning imkoniyatlaridan keng foydalanishi maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi. Aytaylik, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat notijorat tashkilotlari jalb qilinsa, bunday xalqchil nazorat katta samara berishi tayin. 

Ma’lumki, mamlakatimizda turli davlat va jamoat tashkilotlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida qilinayotgan ishlar aniq natijalar bermoqda. Bunda, avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati, jamoatchilik nazorati muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda ushbu illatga qarshi kurashda aholining qonunlardan xabardorligini oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik katta ahamiyatga ega.

Ommaviy axborot vositalari va jamoat tashkilotlari fuqarolik nazoratining muhim elementi hisoblanadi. Bu institutlar zimmasiga fuqarolarda jamiyatimiz ravnaqi yo‘lidagi muammolar, g‘ayriijtimoiy hodisalar, jumladan, korrupsiyaga salbiy munosabatni shakllantirish, unga qarshi kurashishda daxldorlik hissini oshirish borasida katta mas’uliyat yuklatilgan.

Shu ma’noda, jurnalistlar va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasida korrupsiyaning oldini olishda hamkorlikni yanada mustahkamlash, korrupsiyaning yashirin mexanizmlarini ochish, u bilan bog‘liq holatlarni jurnalistik tekshiruvlar o‘tkazish orqali oshkor etish zarur. Prezidentimiz o‘z nutqida jamoatchilik faollari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillariga murojaat qilgani zamirida ham ayni shu haqiqatlar mujassam.

Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak. Shu bois, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yanada ko‘proq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilikni jalb qilishimiz zarur. Avvalo, nodavlat tashkilotlar faolligini oshirish lozim. Bu – eng to‘g‘ri yo‘l”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech