Davlat dasturi ijrosi doirasida 2025-yilda mamlakatimiz hayotining turli sohalariga taalluqli yuztadan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi va qabul qilinadi. Qonun ijodkorligiga oid ushbu vazifa Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilab berildi.
Yangi O‘zbekiston – huquqiy, adolatli qonunlar amal qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi ta’minlangan davlat. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Adolatli qonunlar va qarorlar qabul qilish, ularni hayotga tatbiq etish, amalga oshirish ustidan samarali monitoring o‘rnatish, barchaning qonun oldida tengligini ta’minlash kabi tamoyillar aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizdan ko‘zlangan maqsadlarga erishishning eng zarur shartidir”[1].
Prezident qonun ijodkorligi to‘g‘risida
Yangi O‘zbekiston hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, qamrovdor va shiddatli islohotlar natijalarini mustahkamlashda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Agar dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilgan bo‘lsa, bu huquqlarning 90 tasi endilikda mamlakatimizning Asosiy qonunida mavjud va shu huquqlardan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”[2], deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Chunki Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat’iy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 1-moddasida davlat qurilishining strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Ayniqsa, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangani e’tiborga sazovor.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning, birinchidan, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi; ikkinchidan, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi; uchinchidan, yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi. Eski tahrirdagi matnda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashga doir ushbu mexanizmlar mavjud emasdi.
Asosiy qonunimizning “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” bobidagi 15-16-moddalar yangi va eski matnidagi normalarni o‘zaro qiyoslansa, bu fikrlarimiz qanchalik haqqoniy ekanligi o‘z tasdig‘ini topadi. Yangilangan Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”[3].
Konstitutsiyamizning 20-moddasiga binoan: “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”[4].
O‘zbekistonda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qamrovdor sa’y-harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu yo‘ldagi barcha intilishlarimiz BMTning har bir inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan “Hech kimni unutmaslik va ortda qoldirmaslik” asosiy tamoyiliga muvofiqdir.
E’tiborli jihati shundaki, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ravishda, qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlari hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish, advokatura institutining mavqeini keskin oshirish, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish va adliya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur Strategiya doirasida inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar qabul qilindi.
Xalqimizning xohish-irodasiga binoan yangilangan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan hayotiy tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish zarur. O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Biz keyingi vaqtlarda “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan ezgu tamoyilni jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayotiy qoidaga aylantirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz”[5].
O‘zbekiston Prezidentining dasturiy ma’ruza va nutqlari hamda farmon va qarorlari, milliy taraqqiyot strategiyalari va davlat dasturlarida yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga izchillik bilan joriy etishning tub siyosiy-nazariy mohiyati, tashkiliy-amaliy mexanizmlari chuqur ochib berilgan. Shu nuqtayi nazardan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida boshlab yuborilgan qonun ijodkorligi faoliyati so‘nggi yillarda bu borada olib borilayotgan tizimli islohotlar siyosatining mantiqiy va izchil davomidir.
Yangi ekologik qonunchilikni izchil rivojlantirish
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda 2025-yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilinganidan ko‘zlangan asosiy maqsad Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish yo‘lida boshlagan ishlarimizni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishdan iborat. Shu munosabat bilan joriy yilda:
· mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish;
· aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish;
· tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash;
· o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish va keyingi avlodga yetkazish hamda biologik xilma-xillikni saqlash;
· “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim o‘zgarishiga moslashtirishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish;
· respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil energiya” stansiyalarini barpo etish, hududlarda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, aholi xonadonlarida quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish;
· iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada zamonaviy energotejamkor texnologiyalarni keng qo‘llash orqali iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirish;
· ekologik barqarorlikka yo‘naltirilgan hududlar va tarmoqlararo muvofiqlashtiruvni ta’minlash mamlakat rivojlanishining ustuvor yondashuvlari etib belgilandi.
Binobarin, 2025-yilda qabul qilinishi ko‘zda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarning aksariyati mohiyatan ana shu ezgu maqsad-muddaolarga hamohangdir.
Birinchidan. Davlat dasturining 66-maqsadi doirasida mamlakatimizda ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga ta’sir o‘tkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan 2 ta qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish belgilangan.
Bulardan biri – tuproqning unumdor qatlamini saqlash, yashil hududlarni asrash, tabiat resurslaridan samarasiz foydalanish va isrofgarchilikka barham berish maqsadida ma’muriy javobgarlikni keskin kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasidir. Loyihada, birinchidan, tuproq va yashil qoplamalar bilan o‘ralgan hududlarni o‘zboshimchalik bilan betonlashtirish hamda qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatish uchun javobgarlikni belgilash; ikkinchidan, suv resurslaridan samarasiz foydalanish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutiladi.
Keyingisi – "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi. Loyiha asosida yurtimizda issiqxona gazlari tashlamalarining atrof tabiiy muhitga va iqlim o‘zgarishiga salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan kompensatsiya mexanizmlari joriy qilinadi.
Ikkinchidan. Davlat dasturining 67-maqsadida ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini kengaytirish doirasida "Atrof-muhit monitoringi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bu hujjat, bir tomondan, atrof-muhitning ifloslanish darajasini real vaqt rejimida aniqlash, uning ekologik holatini baholash bo‘yicha faoliyatni huquqiy jihatdan tartibga solish; ikkinchi tomondan, atrof-muhit monitoringi tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sir yuzaga kelishini prognozlashtirish ishlarini qonun asosida yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qiladi.
Uchinchidan. Davlat dasturining 70-maqsadida iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish yo‘lida "Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Loyihada iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish choralari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish tadbirlarining qonuniy mexanizmlari mustahkamlab qo‘yiladi.
To‘rtinchidan. Davlat dasturining 71-maqsadi doirasida biologik xilma-xillik ishonchli saqlanishini ta’minlashga qaratiladigan “Biologik xavfsizlik to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada, xususan:
· davlat organlarining biologik xavfsizlik sohasidagi vakolatlarini belgilash;
· biologik xavfsizlikni kuchaytirish;
· tabiiy turkumlar va qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan begona turlarni olib kirish va tarqatish ustidan nazorat qilish;
· tarkibida jonli modifikatsiyalashtirilgan organizmlar va genetik modifikatsiyalashtirilgan organizmlar bo‘lgan organizmlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olib kirish, sotish va tarqatish ustidan nazorat qilish mexanizmlari nazarda tutiladi.
Beshinchidan. Davlat dasturining 72-maqsadida atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot"ga bosqichma-bosqich o‘tish tamoyillarini inobatga olgan holda, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Bunda, xususan:
· ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun "Ifloslantiruvchi to‘laydi" tamoyili asosida kengaytirilgan majburiyatlarni belgilovchi tizimni tashkil etish;
· yuridik va jismoniy shaxslarning maxsus texnikalarida qattiq maishiy, qurilish, suyuq maishiy, tibbiyot, sanoat, xavfli va zaharli chiqindilarni tashishni litsenziyalash tizimini tashkil etish;
· tibbiyot chiqindilarini yig‘ish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va ko‘mib tashlash tizimini tashkil etish nazarda tutiladi.
Oltinchidan. Davlat dasturining 73-maqsadi doirasida atmosferaga chiqariladigan zararli moddalarni tozalash masalalari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid bir qator qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish belgilangan.
Qonun ustuvorligini ta’minlash va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish
Davlat dasturining 75-maqsadi “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning chinakam "ovoziga" aylantirish”, deb nomlangan. Uning ijrosi doirasida mahalliy kengashlardagi partiya guruhlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihada mahalliy kengashlardagi partiya guruhlari o‘z partiyasining yo‘nalishidan kelib chiqqan holda hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va qabul qilishda ishtirok etishini yo‘lga qo‘yish; shuningdek, mahalliy kengashlarda hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari tasdiqlanayotganda ularning loyihalari bo‘yicha mahalliy kengashlardagi partiya guruhlari fikrini hisobga olish amaliyotini joriy qilish masalalari nazarda tutiladi.
Davlat dasturining 79-maqsadida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish belgilangan. Bu borada 4 ta qonun loyihasi ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.
Birinchisi – Parlamentda muxolifatning kafolatlangan huquqlarini yanada kengaytirish bo‘yicha qonun loyihasi. Loyihada, xususan:
· muxolifatning kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish;
· muxolifat vakillarining 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlariga nomzodlar ko‘rsatish huquqini kafolatlash;
· qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar o‘sha masalaga doir qonun loyihasining, shuningdek, Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muqobil tahririni kiritish;
· har chorakda "hukumat soati" va parlament so‘rovi doirasida muxolifat tomonidan kamida bittadan masala kiritish kabi normalar ko‘zda tutiladi.
Ikkinchisi – Qonunchilik palatasiga qonun loyihalarini kiritishning huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda qonunlardagi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirishning aniq tartiblarini belgilashga qaratilgan qonun loyihasi. Mazkur qonun loyihasida qonun loyihalarini parlamentga kiritishda xalqaro shartnoma matnining, huquqiy ekspertiza hamda korrupsiyaga qarshi ekspertiza va jamoatchilik muhokamasi natijalarining taqdim etilishini, shuningdek, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar tashabbuskor tomonidan uni chaqirib olishni belgilash nazarda tutiladi.
Uchinchisi – Parlament nazorati natijalarining ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi. Qonun loyihasi bilan "Parlament nazorati to‘g‘risida"gi qonunning 21, 22-moddalariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutiladi.
To‘rtinchisi – Senat qo‘mitalaridagi eshituv instituti asoslarini mustahkamlash bo‘yicha qonun loyihasi. Loyihada Senat faoliyatida eshituv bilan bog‘liq qonunchilik hujjatlari xalqaro tajriba va xorijiy davlatlar qonunchiligi asosida o‘rganilib, ma’qullangan ilg‘or tajriba asosida parlamentga oid qonunchilik muvofiqlashtiriladi.
Davlat dasturining 82-maqsadi xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimining samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlarni o‘zida qamragan. Jumladan, qonun ijodkorligi yo‘nalishida "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish orqali qonunchilikka "koll markaz", "ishonch telefoni" kabi tushunchalarni kiritish, bu tizimlar bilan ishlash tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Sud hokimiyati mustaqilligi va odil sudlov
Davlat dasturining 86-maqsadi sud hokimiyati mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirishga oid chora-tadbirlardan iborat. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida 4 ta qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
Birinchidan, "Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish talab etiladi. Sudyalar hamjamiyati organlarining hududiy asoslarini belgilash maqsadiga qaratilgan ushbu qonun loyihasida:
· sudyalar hamjamiyati organlariga sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashish, sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlash, sudyalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sudlar faoliyatini tashkiliy jihatdan, kadrlar va resurslar bilan ta’minlash hamda shu kabi boshqa muhim asosiy vazifalarni yuklash;
· sudyalar hamjamiyati organlarining vazifalari, funksiyalari va vakolatlari, uni shakllantirish, shu jumladan, ushbu organlarga nomzod ko‘rsatish tartibi, shuningdek, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati mexanizmlari, o‘zaro va boshqa idoralar bilan hamkorlik qilish tartibi nazarda tutiladi.
Ikkinchidan, sudyalar mustaqilligini ta’minlashda sudyalar maqomining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Loyiha sudyaning daxlsizligi, sudyaning malakasini oshirish, sudyalarning moddiy va ijtimoiy kafolatlari, sudyani lavozimga tayinlash va ozod etish, sudyaning vakolatlari, sudyani boshqa lavozimga o‘tkazish shartlari kabi muhim qoidalarni o‘zida qamraydi.
Uchinchidan, sud tizimini moliyalashtirishda sud hokimiyati mustaqilligining kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanadi. Unda sud tizimini moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratish va taqsimlash jarayonida sudyalar hamjamiyatining ishtirok etishi kafolatlab qo‘yilishi kutilmoqda.
To‘rtinchidan, Oliy Majlis Senatida Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud sudyaligiga, Sudyalar oliy kengashi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilinadi. Loyihada Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud sudyaligiga, Sudyalar oliy kengashi a’zoligiga nomzodlarni Senat tomonidan saylashda mazkur masalani dastlab Senat qo‘mitalari tomonidan muhokama qilish tartibini joriy etish masalalari nazarda tutiladi.
Davlat dasturining 87-maqsadi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirishga oid chora-tadbirlardan iborat. Jumladan, "Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qushimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanadi. Sud ekspertizasi sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan ushbu loyihada:
· sud ekspertlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalarini takomillashtirish;
· nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining maqomi, ularga qo‘yiladigan talablar, ular tomonidan sud ekspertizalari va tadqiqotlarini o‘tkazish tartib-taomillarini belgilash;
· nodavlat sud-ekspertlik faoliyatini metodik ta’minlash va tartibga solish mexanizmini joriy etish;
· jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan ekspertlar tomonidan mutaxassis fikrini berish;
· maxsus vakolatli organning huquq va majburiyatlarini belgilash;
· sud ekspertlari tomonidan qasamyod qabul qilish va kasb- etika qoidalarini belgilash;
· sud-ekspertlik faoliyatining yanada ishonchliligini oshirish maqsadida akkreditatsiya va validatsiya institutlarini joriy etishga oid muhim normalar o‘z aksini topadi.
Yangi O‘zbekiston – xavfsiz va tinchliksevar davlat
Davlatning xavfsizligi va barqarorligi, mamlakatning tinchligi-yu osoyishtaligi, xalqning obodligi va baxtiyorligi, shubhasiz, ko‘plab iqtisodiy omillar bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, 2025-yilgi davlat dasturida bularning barchasi hisobga olingani g‘oyat e’tiborlidir.
Xususan, Davlat dasturining 49-maqsadi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirishga oid qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan. Bu borada yangi tahrirda qabul qilinadigan "Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonunda:
birinchidan, maxsus iqtisodiy zonalar amaldagi ishtirokchilarining investitsiya shartnomalari doirasidagi o‘z huquq va majburiyatlarini saqlab qolish;
ikkinchidan, ushbu ishtirokchilar uchun teng investitsiyalarni himoya qilish kafolatlarini taqdim etish;
uchinchidan, sud nizolarini ko‘rib chiqishda xalqaro Arbitrajga ruxsat berishga oid normalar ko‘zda tutiladi.
O‘z navbatida, Davlat dasturining 60-maqsadi hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash darajasini yaxshilashga oid chora-tadbirlardan iborat. Bu borada "Ulush kiritish asosida uy-joy qurish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.
Ayni qonun loyihasida uy-joylar qurishga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilishning zamonaviy mexanizmlarini, jumladan, ulush kiritish asosida uy-joy qurilishida qatnashish mexanizmlarini joriy etish, shu tartib asosida fuqarolarning ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida ishtirokini ta’minlashning qonuniy asoslarini yaratish, uy- joy qurilishida ulush kiritish asosida ishtirok etish shartlari va tartibini, qurilish tashkilotlariga nisbatan maxsus talablarni belgilashni nazarda tutiladi.
Biz sanab o‘tgan barcha ustuvor yo‘nalish va maqsadlar Davlat dasturining 90-maqsadida belgilangan Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil amalga oshirish vazifalari bilan bevosita aloqador. Shu maqsadda qabul qilinadigan "Diplomatiya xizmat to‘g‘risida"gi qonun loyihasida, xususan:
· diplomatiya xizmati tushunchasi va turlari, diplomatiya xizmat vazifasi va funksiyalari, xodimlarning huquq va majburiyatlari;
· diplomatiya xizmatiga qabul qilish, rotatsiya tartibi va diplomatiya xizmati xodimlarining uzoq muddatli safarda bo‘lish muddatlari;
· diplomatiya xizmati xodimlarini kasbiy tayyorlash va ularning mmalakasini oshirish tartibi, xodimlar faoliyatining samaradorligini baholash mexanizmlari;
· diplomatiya xizmati ko‘rsatuvchi shaxslar maqomi, xorijiy hamkorlar bilan ishlash mexanizmi;
· diplomatiya xizmati organlarini moliyaviy va moddiy- texnik ta’minlash mexanizmlari, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ularning ijtimoiy ta’minoti nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini Jahon savdo tashkilotining qoida, me’yor va bitimlariga moslashtirish davr taqozosidir. Yanada muhimi, Prezidentimiz “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” siyosiy asarida O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosatini amalga oshirishni qonun bilan mustahkamlash zarurligiga e’tiborni qaratdi.
Davlatimiz rahbarining uqtirishicha, jumladan: “O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasiga asosan mamlakatimizning jahon hamjamiyati, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini “davlatlarning hududiy yaxlitligi” va “tinchliksevar tashqi siyosat” tamoyillariga mos ravishda rivojlantirishga doir konstitutsiyaviy normalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish zarur”[6].
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, akademik
«Ishonch» gazetasining 2025-yil 6-mart kungi 29 (5093)-soni
[1] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024.– B. 72.
[2] O‘sha manba. – B. 46.
[3] O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – Toshkent: “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, 2023. – B. 9.
[4] O‘sha manba. – B. 13.
[5] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 73.
[6] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024.– B. 123.
- Qo'shildi: 06.03.2025
- Ko'rishlar: 172
- Chop etish