15-mart – BMTning Inson huquqlari
bo‘yicha kengashi tashkil topgan kun
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 2006-yil 15-mart kuni BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyutsiyasi bilan tashkil etilgan. Mazkur rezolyutsiya asosida Kengash inson huquqlari sohasida har bir davlat majburiyatlari bajarilishining Universal davriy tahlilini amalga oshiradi hamda shu orqali global miqyosda va barcha davlatlarga bir xil munosabatni ta’minlaydi.
Ya’ni, davlatlar Universal davriy tahlil doirasida inson huquqlarining barcha sohalari bo‘yicha milliy ma’ruzalarini har 4-yilda Inson huquqlari bo‘yicha kengashga taqdim etadi. Kengash inson huquqlarini qo‘pol tarzda va muntazam ravishda buzish hollari bilan bog‘liq voqealar va amaliyotni muhokama etib boradi.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash BMTning butun dunyoda barcha inson huquqlari rag‘batlantirilishi va himoya qilinishi uchun asosiy mas’ul organi hisoblanadi. Kengashning bosh vazifasi – erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ‘ib qilishdir.
Kengash biron-bir farqlarsiz va adolat hamda tenglik asosida barcha uchun inson huquqlari va asosiy erkinliklarini umumhurmat qilish va himoya qilish ishiga ko‘maklashadi. Inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha o‘zining tegishli tavsiyalarini taklif etadi.
BMT tizimida inson huquqlarining turli sohalariga ixtisoslashgan 59 nafar maxsus ma’ruzachi mavjud. BMTning inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilari — inson huquqlari bo‘yicha muayyan mamlakatdagi vaziyat yoki aniq bir mavzuni o‘rganish va bu haqda ma’ruzalar taqdim etish uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan tayinlanadigan mustaqil ekspertlardir.
Kengash doirasida, dunyoning har qanday hududida va har qanday holatda bo‘lishidan qat’i nazar, sodir etilgan va tizimli hamda ishonchli ravishda tasdiqlangan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining barcha qo‘pol buzilishi holatlarini o‘rganish maqsadida shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartiboti o‘rnatilgan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi jahon bo‘ylab inson huquqlari rag‘batlantirilishi va himoya qilinishi borasidagi vaziyatni nazorat qilib, hukumatlarga ko‘rsatma va tavsiyalar berib boradi. Eng muhimi, mazkur Kengashga a’zo har bir davlat o‘z majburiyatlarini yodda tutishi, inson huquqlari va erkinliklari bilan bog‘liq mezonlarga amal qilishda namuna bo‘lishi lozim.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 47 ta a’zo davlatdan iborat. O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor 2020-yil 13-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023-yillarga saylandi. Mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari kengashi a’zosi sifatida bu boradagi vazifalarini muvaffaqiyat bilan bajardi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning oliy minbaridan ilgari surgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi va izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda. Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida – 2021-yil 22-24-fevral kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Yuqori darajadagi segment ishida O‘zbekiston Prezidenti ushbu Kengashga a’zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Yuqori darajadagi segment Inson huquqlari bo‘yicha kengashning yil davomidagi eng asosiy siyosiy tadbiri hisoblanadi.
Jeneva shahrida 2021-yil 8-oktyabr kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston Prezidenti 2021-yil 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan.
Davlatimiz rahbari o‘sha nutqida yoshlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlarini mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidlagani bejiz emas. Zero, Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 48-sessiyasida O‘zbekiston kiritgan rezolyutsiya matni BMT Kengashiga a’zo barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, O‘zbekiston ilgari surgan xalqaro hujjat loyihasiga dunyoning 37 mamlakati hammualliflik qildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022-yil 4-oktyabrdagi 51-sessiyasida esa “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiya 41 ta davlat, shu jumladan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilinib, unda yoshlarning o‘z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish, yoshlarni virtual olamdagi tahdidlardan himoya qilish, yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, yoshlarning o‘z hayot tarziga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar ifodasini topgan.
Bularning barchasi, bir tomondan, davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratgan mazkur umuminsoniy muammo nechog‘lik dolzarbligini yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda. Ikkinchi tomondan, bu – O‘zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslari va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini jahon jamoatchiligi keng qo‘llab-quvvatlayotganining yorqin dalolati hisoblanadi.
BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyutsiyasida Inson huquqlari bo‘yicha kengash bajaradigan vazifalar qatorida inson huquqlari sohasidagi ta’limga ko‘maklashish masalasi ham alohida ta’kidlangan. Ya’ni, xalqaro hamjamiyat Inson huquqlari bo‘yicha kengash 2006-yilda tuzilgan davrdayoq inson huquqlari sohasidagi ta’lim ushbu organ shug‘ullanadigan ustuvor sohalardan biriga aylanishini chuqur anglagan.
Gap shundaki, bugungi kunda jahon ahli tinchlikka, dunyoning bugungi manzarasiga bemisl ta’sir ko‘rsatadigan uchta voqelikni boshidan kechirmoqda. Bular – pandemiya inqirozi, iqlim o‘zgarishi va Yevropaning qoq yuragida kechayotgan hamda global oqibatlarga ega qurolli nizolardir.
Bu voqealarning barchasi inson huquqlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri daxl qiladi. Shunday ekan, ushbu voqealarga inson huquqlari nuqtayi nazaridan yondashish – bunday kulfatlarni yengib o‘tish va kelgusida yana takrorlanishi oldini olishning eng maqbul yo‘lidir.
Bunday inqirozlarning oldini olish uchun inson huquqlari sohasiga oid yetuk normalar va institutlarga ega bo‘lish talab etiladi. Binobarin, rang-baranglik qadriyatlarining ahamiyatini e’tirof etish, jamiyatni farovon qilish va nizolarga barham berish uchun inson huquqlari sohasidagi ta’limdan maqbulroq ta’sirchan vosita bormi?
Aholining o‘ta zaif qatlamlari huquqlarini himoya qilish va barqaror taraqqiyotga erishishda inson huquqlari sohasidagi ta’lim yangi yaxshi imkoniyat ekaniga shubha yo‘q. Nizolar va mojarolar bo‘lib o‘tganidan keyin jamiyatning ijtimoiy ahvolini tiklashda inson huquqlari sohasidagi ta’limdan shifobaxshroq malhamni topib bo‘lmasligi kundek ravshan.
Shu ma’noda, O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida bu yo‘nalishda amalga oshirgan izchil faoliyati samaralarini jahon hamjamiyati amalda yaqqol ko‘rib turibdi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlangani ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda juda muhim.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidentining ushbu sohani rivojlantirishga doir navbatdagi qarori Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75-yilligini nishonlash bo‘yicha 2022-yil 10-dekabrda boshlangan butun dunyo miqyosidagi kampaniya davrida qabul qilingani alohida diqqatga molik. Nega deganda, ayni Deklaratsiya bashariyat tarixida birinchi marta insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan nufuzli xalqaro-huquqiy hujjatdir.
O‘z navbatida, Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi uchta asosiy maqsadga erishish uchun qabul qilindi. Bular:
birinchidan, O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish;
ikkinchidan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash;
uchinchidan, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdan iborat.
O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida zimmasiga olgan majburiyatlari doirasidagi faoliyati haqida so‘z yuritganda, shuningdek, mamlakatimiz 2021-yilda BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilganini alohida qayd etish lozim. O‘z navbatida, Toshkentda 2021-yil avgustida “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi hamda 2022-yil dekabrida “Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti” shafeligida, fuqarolik jamiyatining xotin-qizlar tashkilotlari va “BMT-ayollar” tuzilmasi ishtirokida mintaqaviy forum o‘tkazildi.
Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, 2023-yil noyabr oyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy hisobotlar bo‘yicha ishchi guruhi O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqdi.
Qisqa vaqt ichida BMTning inson huquqlari bo‘yicha tuzilmalari bilan hamkorlik borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk 2023-yil mart oyida mamlakatimizga rasmiy tashrif buyurdi. Ushbu tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston parlamenti qabul qilgan “Yo‘l xaritasi” Oliy komissar tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan.
Yurtimiz delegatsiyasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan Jeneva shahrida har yili o‘tkaziladigan sessiyalarining Yuqori darajadagi segmenti ishida muntazam ishtirok etmoqda. Ushbu yuksak minbar, bir tomondan, xalqaro hamjamiyat e’tiboriga Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lidagi demokratik o‘zgarishlarni istiqbolda yanada chuqurlashtirish jarayonlari haqida zarur ma’lumotlar taqdim etish uchun qulay sharoit yaratsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizning tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot va inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yangi tashabbuslarini ilgari surish uchun istiqbolli imkoniyatlarni taqdim etadi.
Xususan, 2025-yil 24-fevral kuni Jenevada o‘z ishini boshlagan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 58-sessiyasining Oliy darajadagi segmentida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov so‘zga chiqib, hozirgi paytda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini tayyorlash jarayoni boshlanganini qayd etdi. Ushbu hujjatda Universal davriy hisobot va BMT shartnomaviy organlarining tavsiyalari hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari tamoyillariga muvofiq ravishda amalga oshiriladigan muhim chora-tadbirlar qamrab olinishini ta’kidladi.
O‘zbekiston vakili ma’ruzasi yakunida, BMT Bosh Assambleyasining "Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish tashabbusiga oid mamlakatimiz hukumatining taklifini ilgari surdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga o‘tgan yil iyul oyida O‘zbekistonga ikkinchi tashrifi davomida mamlakatda izchil davom etayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik izhor etdi.
Ayni vaqtda 2025-yil 3-mart kuni Jenevada o‘z ishini boshlagan BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 143-sessiyasi ishida ilk bor O‘zbekiston vakili – BMTning ushbu nufuzli organi tarkibiga 2025-2028-yillar davriga saylangan akademik Akmal Saidov ishtirok etayotgani jamiyatimiz va davlatimiz uchun ushbu sessiyaning alohida ahamiyatini ko‘rsatadi.
Darvoqe, A.Saidov 2025-yil 1-yanvaridan BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi maqomida o‘z faoliyatini boshlagani munosabati bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk O‘zbekiston vakiliga tabriknoma yo‘lladi. Joriy yil boshida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori nomiga BMT Inson huquqlari qo‘mitasi kotibi Gabriella Xabtdan ham tabriknoma keldi.
Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni o‘zida qamraydigan ko‘lamdor hamda shiddatli islohotlarda inson huquqlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Binobarin, O‘zbekiston BMTning “Inson huquqlari himoyasi uchun harakatga chaqiruv” tashabbusini ro‘yobga chiqarish maqsadida BMTga a’zo davlatlar va barcha xalqaro hamkorlar bilan yaqin hamjihatlikni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Xalqaro hamjamiyat BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: Barqaror rivojlanish va farovonlik manfaatlari yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining "Har bir bola uchun tinchlik va bag‘rikenglik manfaati yo‘lida sifatli ta’limni ta’minlash" rezolyutsiyasini qabul qilish borasida O‘zbekiston ilgari surgan xalqaro tashabbuslarni faol qo‘llagani ham tahsinga sazovor.
O‘zbekistonda qonun ustuvorligi, demokratiya va inson huquqlarini ta’minlash sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida fikr yuritganda, 2023-yil aprelida Konstitutsiyamizni yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha birinchi umumxalq referendumi o‘tkazilgani muhim tarixiy voqea bo‘lganini qayd etish lozim. Asosiy qonunda milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yildi. Shu asosda qabul qilingani 2026-yilgacha mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi ham BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la mos keladi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi bilan o‘zaro hamkorlikdan ko‘zlagan maqsadi ezgu va xolis ekanligi amalda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Chunki, keyingi vaqtda butun dunyoda xalqaro gumanitar huquq, hatto BMT Nizomi ham tahdid ostida qolayotganiga qaramay, davlatimiz va jamiyatimiz hamisha mamlakatimizda ham, jahon miqyosida ham huquq va qonun ustuvor bo‘lishi, inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama ta’minlanishi, himoya qilinishi va rag‘batlantirilishi tarafdoridir.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 14.03.2025
- Ko'rishlar: 677
- Chop etish