2022 yil 10 yanvar kuni Toshkent shahrida Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasini muhokama qilish, bunda xorijdagi vatandoshlar, jumladan, yoshlar, ekspertlar, akademik doira vakillari, tadbirkorlar, mehnat migrantlarini O‘zbekistonni rivojlantirishga jalb etish va ularni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish maqsadida onlayn muloqot o‘tkazildi.
Mazkur muloqot Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati va “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim jihatlariga to‘xtaldi.
Mamlakatimizda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida aholi farovonligini yanada yuksaltirish, iqtisod tarmoqlarini transformatsiya qilish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Loyiha ayni kunlarda regulation.gov.uz, jamoatchilik.uz va 2022-2026.strategy.uz elektron platformalari orqali jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama qilinmoqda. Fuqarolarga o‘z takliflarini bildirish imkoniyatlari ham yaratildi.
Taraqqiyot strategiyasi loyihasida “inson manfaatlari hamma narsadan ustun” umumiy tamoyilini birlashtiruvchi 7 ta ustuvor yo‘nalish belgilangan. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlari shular sirasiga kiradi.
Umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish maqsadida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy va samarali aloqalar o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Muloqotda xorijdagi vatandoshlarni O‘zbekiston hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash istiqbollari muhokama qilindi.
Xorijda yashovchi vatandoshlarning muammolarini o‘rganish, tizimli asosda tahlil qilib borish va ularning yechimi yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Jumladan:
- konsullik xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish;
- chet ellarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam berish;
- xorijda o‘zbek tilini, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash;
- O‘zbekistonning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish borasida fikr almashindi.
Tadbirda ishtirokchilar davlat va jamiyat qurilishini yanada isloh qilish, iqtisodiyot, sud-huquq tizimini, ijtimoiy sohani liberallashtirish, pragmatik tashqi siyosat yuritish bo‘yicha ham o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Bundan tashqari, xorij investorlari ekologik va ijtimoiy masalalarga e’tiborli ekanini inobatga olib, xayriya faoliyati uchun soliq imtiyozlari, biznesda korporativ ijtimoiy mas’uliyat tamoyillarini joriy etish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si va imijini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.01.2022
- Ko'rishlar: 4655
- Chop etish