2003 yil 28 aprel – “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” deb e’lon qilingan.
Kundalik hayotimizda har jabhada, jumladan, ommaviy axborot vositalarida mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida ko‘p eshitamiz. Mehnatni muhofaza qilish degani o‘zi nimani anglatadi?
Buning uchun 2016 yil 22 sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga murojaat qilamiz. Qonunning 4-moddasiga muvofiq:
Mehnatni muhofaza qilish — mehnat jarayonida insonning xavfsizligini, hayoti va sog‘lig‘i, ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga doir huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiena, davolash-profilaktika, reabilitatsiya tadbirlari hamda vositalari tizimidir.
Mazkur qonun talablariga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnatni muhofaza qilishni davlat tomonidan boshqarish Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari va mehnatni muhofaza qilish sohasida qonunchilikka muvofiq ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Dunyoda mehnat qonunlari va mehnat sharoitlarini yaxshilash masalalari bo‘yicha konvensiya va tegishli tavsiyalarni ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan muassasasi sifatida 1919 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tashkil etilgan. U dastlab Xalqaro komissiya deb yuritilgan.
Ushbu tashkilot barcha uchun ma’lum bo‘lgan 8 soatlik ish kuni, onalikni himoya qilish, bolalar mehnatiga oid qonunlar, ish joylarida xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan xalqaro normalar ishlab chiqilishi, ish bilan bandlik dasturlarini tayyorlashda katta hissa qo‘shgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda XMTga 187 ta davlat ishtirokchi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi 1992 yilda XMTga a’zo davlatlar tarkibiga kirgan bo‘lib, ushbu Xalqaro mehnat tashkilotining 14 ta konvensiyasini ratifitsikatsiya qilgan. Bular:
- Majburiy mehnat to‘g‘risidagi konvensiya (S29) - 13.07.1992;
- Qirq soatlik ish haftasi haqidagi konvensiya (S47)-13.07.1992;
- Bayram kunlariga haq to‘lash haqidagi konvensiya (S52)- 13.07.1992;
- Birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya (S87) - 17.06.1948;
- Birlashish erkinligi haqidagi konvensiya (S98) - 13.07.1992;
- Bajarilgan mehnat uchun bir xil maosh to‘lovi haqidagi konvensiya (S100) - 13.07.1992;
- Onalikni himoya qilish haqidagi konvensiya (S103) - 13.07.1992;
- Majburiy mehnatni yo‘qotish to‘g‘risidagi konvensiya (S105)15.12.1997;
- Diskriminatsiya haqidagi konvensiya (S111) - 13.07.1992;
- Bandlik siyosati haqidagi konvensiya (S122) - 13.07.1992;
- Mehnatkashlarning vakillari haqidagi konvensiya (S135) - 15.12.1997;
- Kollektiv shartnomalar haqidagi konvensiya (S154)- 15.12.1997;
- Ishga olishda minimal yosh haqidagi konvensiya (S138) – 03.2008;
- Bolalar mehnatini eng yomon formalarini taqiqlash va zudlik bilan choralar ko‘rish haqidagi konvensiya (S182) – 03.2008.
Keyingi yillarda O‘zbekistonning XMT bilan aloqalari sezilarli darajada oshib bormoqda. Mamlakatimizda halqaro tuzilmalar, nodavlat tashkilotlarning e’tiborini qaratgan paxta yig‘im-terimiga bolalar va ayollarning majburiy ravishda jalb qilinishi holatining tugatilishini buning yaqqol tasdiqlarido‘an biri sifatida keltirish mumkin.
Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish hamda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berganini ma’lum qildi. Xususan, 2021 yilda terimchilarning 99 foizi ushbu jarayonga ixtiyoriy jalb etilganini ma’lum qilgan. Terimchilarning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil etgan.
Bu haqda XMT O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi monitoringi bo‘yicha qariyb o‘n bir ming terimchi bilan o‘tkazgan suhbatlari natijalariga va uchinchi tomonning 2021 yilgi hisoboti xulosalariga asoslanib ma’lum qilgan.
Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili paxta yig‘im-terimiga qariyb ikki million kishi jalb qilinadi.
Mamlakatda paxta yetishtirish sohasini isloh qilish jarayoni boshlanganidan buyon o‘tgan yetti yil mobaynida ikki millionga yaqin bola – bolalar mehnatidan, yarim million katta yoshdagilar majburiy mehnatdan ozod qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxsning mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi kafolatlab qo‘yilgan.
Mazkur konstitutsiyaviy norma O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa bir qator qonun hujjatlarida ham aks ettirilgan. Bu yurtimizda faoliyat yurituvchi mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxona, tashkilot, muassasalar uchun asosiy qonun talabi hisoblanadi.
Zero, sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitida mehnat qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining eng asosiy ijtimoiy-iqtisodiy huquqlaridan biridir.
Korxona, tashkilot va muassasalarning mehnat muhofazasiga oid talablar va standartlar Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilab beriladi.
Ish beruvchi korxona, tashkilot va muassasalar o‘z xodimlari uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishi, texnika, ishlab chiqarish va boshqa xavfsizlik choralarini ko‘rishi, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mas’ullarni belgilab qo‘yishi va shu ishlar bilan bog‘liq boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishi shart.
Ko‘pgina rivojlangan davlatlarning tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, mehnat muhofazasini ta’minlashda kasaba uyushmalari tashkilotlari, sug‘urta kompaniyalarining roli juda yuqori ekanini ko‘ramiz.
Mehnatni muhofaza qilishning eng asosiy talablaridan biri –sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishdir. Agar tegishli korxona, tashkilot yoki muassasada ish beruvchi tomonidan ana shu zarur shart-sharoit yaratilmasa, xodimlar ko‘pgina kasb kasalliklariga duchor bo‘lishlari, bu esa boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
XMT ma’lumotlariga qaraganda, butun dunyo bo‘yicha har yili mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan sabablarga ko‘ra qariyb 2 million kishi vafot etmoqda, 160 millionga yaqin kishi kasb kasalliklariga duchor bo‘lgan. Dunyoda jami ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning umumiy soni taxminan 270 million nafar ekani ma’lum.
Jahon miqyosida mehnat faoliyati bilan bog‘liq o‘limlarning asosiy qismini quyidagilar tashkil etmoqda:
32 % – rak kasalliklari;
23 % – yurak, qon tomiri kasalliklari;
19% – ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar;
17% – yuqumli kasalliklar.
Bir qarashda oddiygina ko‘ringan shu salmoqli raqamlarning o‘zi ham mehnatni muhofaza qilish masalasi qanchalik jiddiy va muhim ekanini yaqqol tasdiqlab turibdi.
Otabek Norboev,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
Kuch-adolatda Gazetasi 19-son
- Qo'shildi: 28.04.2022
- Ko'rishlar: 3304
- Chop etish