XALQARO HUQUQ IJODKORLIGI: O‘zbekiston tashabbusi e’tirofi

2022 yil 11 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyusiya ko‘rib chiqildi va bir ovozdan ma’qullandi. Rezolyusiya loyihasi O‘zbekiston tomonidan 40 ta mamlakat, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston hammuallifligida ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan BMT Bosh Assambleyasining ushbu rezolyusiyasi va bu boradagi Prezidentimiz tashabbusining mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida suhbatlashdik.

– Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi – to‘satdan xayolga kelib qolgan shunchaki bir tasodifiy g‘oya emas, – dedi akademik A.Saidov. – Aksincha, bu tashabbus O‘zbekiston keyingi 5-6 yil davomida izchillik bilan ilgari surayotgan va jahon hamjamiyati keng qo‘llab-quvvatlayotgan, yanada muhimi, amaliyotga teran tatbiq etilayotgan xalqaro huquq ijodkorligi sohasidagi tashabbuslarining uzviy davomidir.

Bu tashabbus – Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirishga qaratilgan tarixiy va ma’rifiy,  ilmiy va amaliy, izchil va mantiqiy, istiqbolli va samarali, sodda qilib aytganda, har tomonlama mag‘zi to‘q dasturilamal hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoev mintaqamizning jadal rivojlanish istiqbollari va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini strategik jihatdan teran ko‘ra bilgani tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy-sivilizatsiyaviy aloqalarni tiklash tashabbusini ilgari surdi.

Shu nuqtai nazardan, ushbu geosiyosiy yondashuv tashqi aloqalarning istiqbolli yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali mintaqamizning ulkan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun vujudga kelayotgan yangi imkoniyatlarni tushunishga asoslangani bilan alohida e’tiborni tortadi.

 

– Bu O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi qo‘llab-quvvatlagan birinchi tashabbusi emas, shundaymi?

 

– Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari bilan BMT Bosh Assambleyasining 5 ta rezolyusiyasi qabul qilingan.

Bu o‘rinda BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 22 iyundagi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyusiyasi, 2018 yil 12 dekabrdagi “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi, 2019 yil 19 dekabrdagi “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” maxsus rezolyusiyasi, 2018 yil 27 noyabrdagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solishga oid qarori hamda 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyusiyasi haqida so‘z bormoqda.

O‘zbekiston Prezidentining navbatdagi tashabbusi asosida qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash g‘oyasi 2021 yil iyul oyida o‘tkazilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi Toshkent konferensiyasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan edi.

BMT Bosh Assambleyasining ushbu rezolyusiyasida ikki mintaqa – Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyo muloqotining umumiy yondashuvlari, asosiy prinsiplari va yo‘nalishlari mustahkamlangan. Hujjatda, shuningdek, Prezidentimizning 2022 yilni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida "O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili" deb e’lon qilish taklifi yuqori baholangan.

Shunday qilib, BMT Bosh Assambleyasining O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyusiyalaridan to‘rttasi – Markaziy Osiyo mintaqasiga bevosita taalluqli bo‘lsa, bittasi Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan.

 

– BMT Bosh Assambleyasi tomonidan mazkur rezolyusiya qabul qilinishiga turtki bergan Toshkent konferensiyasi bo‘lib o‘tganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi. Ushbu xalqaro anjuman haqida muxtasar so‘zlab bersangiz.

– «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya mamlakatimiz poytaxtida 2021 yil 15-16 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan. O‘shanda, murakkab pandemiya sharoitiga qaramasdan, anjumanda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalaridagi davlatlar hamda hukumatlar rahbarlari, Rossiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Turkiya va Bangladesh tashqi ishlar vazirlari – jami 44 ta mamlakatning yuqori martabali vakillari ishtirok etgan.

Xalqaro konferensiyada, shuningdek BMT, MDH, ShHT, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi 30 ga yaqin xalqaro va mintaqaviy xalqaro tashkilot delegatsiyalari, jahonning yetakchi moliya institutlari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari qatnashgan.

Ishtirokchilarning soni qariyb 600 nafarga yetgan. Davlatimiz boshlig‘ining Toshkent anjumanining mo‘tabar mehmonlari bilan yuzma-yuz muloqoti uchun 14 ta rasmiy qabul marosimi tashkil etilgan.

 

– Xalqaro konferensiyaning asosiy xususiyatlari nimalardan iborat, deb hisoblaysiz?

 

– Avvalo, pandemiya davriga qaramasdan, mazkur konferensiya o‘z vaqtida o‘tkazildi. Natijada jahon ahlini o‘ylantirayotgan qizg‘in muammolar chuqur muhokama qilindi, o‘zaro atroflicha fikr almashildi. 

Anjuman mavzusi yuzasidan uch darajada: milliy, mintaqviy va global miqyoslarda fikrlar bildirildi. Jon Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi va raisi Frederik Starr ta’kidlaganidek, “biz yangi biron narsa boshlayotganimiz yo‘q, bu qadimiy va haqiqiy mintaqaning qayta kashf qilinishi, Janubga yo‘lning qayta qurilishidir”.

Xalqaro anjumanda yuqori martabali mo‘tabar mehmonlar ishtirok etdi. Bu omil, bir tomondan, Prezident Shavkat Mirziyoevning xalqaro obro‘-e’tibori yuksakligidan dalolat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, jahon hamjamiyati O‘zbekistonga katta ishonch bilan qarashi va davlatimiz rahbari tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlashining amaliy misolidir.

Yangi O‘zbekiston va uning Prezidentining tashabbuskor, tinchliksevar, insoniy tashqi siyosati dunyo afkor ommasi diqqat markazida turgani yana bir bor yorqin namoyon bo‘ldi. Konferensiya Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining yana bir ulkan yutug‘i sifatida tan olindi.

Toshkent xalqaro konferensiyasi umumjahon miqyosidagi muammolarni dadil ko‘tarib chiqishga hamisha eng yetuk davlat rahbarlari qodirligini yanada yaqqol ko‘rsatdi. Xalqaro anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoev shunday salohiyatga ega davlat rahbarlaridan biri sifatida e’tirof etildi.

Eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu konferensiyadagi nutqida ko‘tarilgan barcha tashabbuslar to‘la qo‘llab-quvvatlandi va bu bejiz emas.

Chunki ayni tashabbuslar hozirgi zamon jahon siyosatining kun tartibida turgan va Toshkent xalqaro anjumanida atroflicha muhokama qilingan dolzarb masalalar, xususan, Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyo muloqotining umumiy yondashuvlari, asosiy prinsiplari va yo‘nalishlarini mustahkamlash mavzusi bilan chambarchas bog‘liqdir. Mazkur xalqaro konferensiya:

birinchidan, xalqaro maydonda yana Toshkent ruhini tiklagani;

ikkinchidan, Yangi O‘zbekiston dadil intilayotgan Uchinchi Renessansning tashqi siyosat bosqichi – Milliy Uyg‘onishning xalqaro yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarini belgilab bergani;

uchinchidan, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarida tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shgani;

to‘rtinchidan, ushbu ulkan makonda o‘zaro manfaatdor hamkorlikning rivojlanishi, ochiq va amaliy siyosat yo‘lga qo‘yilishidan har ikki mintaqa mamlakatlari manfaatdor ekanini amalda namoyon etgani;

beshinchidan, xalqaro hamjamiyatning tinchlik, farovonlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini yalpi qo‘llab-quvvatlagani bilan tarix zarvaraqlariga mangu muhrlandi.

 

– Toshkent konferensiyasida Prezidentimiz so‘zlagan nutqning tarixiy ahamiyati nimalarda ko‘rinadi?

 

– Yurtboshimizning xalqaro konferensiyadagi nutqi nufuzli anjuman ahlida, mamlakatimiz va butun dunyo jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu e’tibor va e’tiroflarning muayyan sabablari bor.

Birinchi sababi: matni o‘zbek, ingliz va rus tillarida keng tarqatilgan ushbu nutqda nima uchun bunday anjuman tashkil etilganining sabablari aniq ko‘rsatildi. Eng asosiysi, Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari birgalikda farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamin yaratishi har tomonlama asoslab berildi. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston Prezidentining nutqi ayni yo‘nalishdagi Harakat dasturidir.

Ikkinchi sababi: Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligining tarixiy-nazariy omillari chuqur tahlil qilindi. O‘zbekiston Prezidentining fikricha, “Bugungi kunda dunyo turli tahdidlar, shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan gloabal geosiyosiy o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ydi. Shunday murakkab sharoitda qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda”.

Prezidentimiz mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning tarixiy, ilmiy, adabiy, diniy, sivilizatsiyaviy mezonlari bo‘yicha o‘ziga xos konsepsiyasini ilgari surdi. Konsepsiya Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning yangi geosiyosiy, geoiqtisodiy va geotsivilizatsiyaviy yondashuvi – kvintessensiyasini o‘zida mujassam etdi.

Uchinchi sababi: nutqda Markaziy va Janubiy Osiyo makonida tarixiy yagona savdo-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy, madaniy-ma’naviy, diniy-sivilizatsiyaviy bog‘liqlikni yangi tarixiy sharoitda tiklash g‘oyasi ana shu yo‘nalish bo‘yicha chuqur asoslab berildi. Ya’ni:

  • geosiyosiy yo‘nalish – asosan, Afg‘oniston muammosi bilan bog‘liq;
  • geoiqtisodiy yo‘nalish – transport va savdo-sotiq, innnovatsiya va investitsiyalar makonini yaratish;
  • geotsivilizatsiyaviy yo‘nalish – madaniyat, ma’naviyat, sayyohlik, ilmiy izlanishlar uchun yagona makon yaratishni ko‘zda tutadi.

To‘rtinchi sababi: metodologiya nuqtai nazaridan, Prezident nutqi tarixiylik, ilmiylik, tizimlilik (sinergetik yondashuv), pragmatik yondashuv va amaliy natijalarga erishishga yo‘naltirilgani bilan alohida e’tiborga molikdir.

Beshinchi sababi: nutqning ko‘rgazmalilik jihati ham diqqatni tortadi. Ya’ni, davlatimiz rahbari o‘z fikrlarini xarita, turli chizmalar va rasmlar orqali keng ommaga shoyon yetkazib berishga muvaffaq bo‘ldi.

Oltinchi sababi: Prezidentimiz nutqida 10 ta yo‘nalishda: siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy, turistik sohalar bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlayman: O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Toshkent konferensiyasi yakunlari bo‘yicha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida, umuman, Yevroosiyo makonida doimiy va barqaror rivojlanishning muhim omili sifatida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasi loyihasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Prezidenti ushbu nutqida BMT Bosh Assambleyasining tegishli Rezolyusiyasi zarurligini to‘la asoslab berdi. Shu asosda Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mamlakatlarining Tashqi ishlar vazirlari tomonidan Qo‘shma bayonot qabul qilingani ham Yurtboshimizning nutqi qanday dolzarb ahamiyatga egaligini yaqqol tasdiqlaydi.

 

– BMT Bosh Assambleyasining tegishli Rezolyusiyasida aynan nimalar ko‘zda tutilgan?

 

«Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyusiyada, xususan: 

  • 2021 yil iyulida o‘tkazilgan Toshkent xalqaro konferensiyasi e’tirof etilgan;
  • Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mamlakatlarining Tashqi ishlar vazirlari tomonidan qabul qilingan Qo‘shma bayonot e’tiborga olingan;
  • Vena Deklaratsiyasi va Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun 2014-2024 yillarga mo‘ljallangan Vena Harakatlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan;
  • iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar, ularning noyob transport, tranzit va sarmoyaviy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda transport va tranzit yo‘llari yuksak ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratilgan;
  • har ikki mintaqa davlatlari barqaror rivojlanish, toza energiya hosil qilish, ekologiya muammolarini hal etish, shu kabi muhim sohalarda o‘zaro tajriba almashishni kuchaytirishga da’vat etilgan.

BMT Rezolyusiyasi, shubhasiz, har ikki mintaqaning inson va iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solish, mavjud transport-tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda, istiqbolli yagona bozor yaratish imkonini tubdan oshiradi.

Buning natijasida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining yalpi hududi investitsiya, texnologiya va innovsiyalar, faol gumanitar va turistik almashinuvlar makoniga aylanishi tayin.

 

– BMT Bosh Assambleyasining yangi Rezolyusiyasi qanday ahamiyatga ega?

 

– Mazkur Rezolyusiya milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar tomonidan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangicha tashqi siyosatning yutug‘i va mantiqiy davomi sifatida e’tirof etilmoqda. Bu to‘g‘ri va har tomonama asosli fikr, deb hisoblayman.

Chunki, agar “Rezolyusiya talablarining hayotga tatbiq etilishi shu ikki mintaqa hududida yashaydigan oddiy odamlarga nima beradi?” degan oddiy, ammo jo‘yali mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, avvalambor, Buyuk ipak yo‘li kabi azaliy xalqaro savdo yo‘llarining tiklanishi bozorlarimizdagi to‘kinlikni ta’minlaydi. Bu esa mahsulotlarning turi tubdan ortishi, turfa tovarlar sifati yanada yaxshilanishi va narx-navo arzonlashishiga olib keladi.

Shuningdek, madaniyatlararo rang-baranglik kuchayadi. Bu, o‘z navbatida, har xil madaniyat, til va dinga mansub necha millionlab insonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va samimiy muloqot, bag‘rikenglik va birdamlik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini tubdan mustahkamlaydi.

Qolaversa, olis tarixda – Birinchi Sharq Uyg‘onishi va Ikkinchi Temuriylar Renessansi davrlarida bo‘lganidek, tijorat va savdo-sotiq, sayohat va ziyorat, bilim olish va ilm o‘rganish maqsadini ko‘ngliga tugkan har bir insonning ana shu keng makonda emin-erkin harakatlanishiga yo‘l ochiladi.

Shu bilan birga, Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan makonida yagona innovatsion muhit yaratish yo‘lida amaliy qadamlar qo‘yiladi. Bunda, ayniqsa, transport-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan bog‘liq ko‘p tomonlama loyihalarning tatbiq etilishi juda muhimligiga e’tibor qaratish lozim.

BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyusiyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekiston Prezidentining mintaqalararo uzviy bog‘liqlik konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan olamshumul qadamdir.

Bu zalvorli qadam, albatta, xalqaro hamjamiyat Prezident Shavkat Mirziyoev ilgari surgan ulkan birdamlik g‘oyasiga uzoqni ko‘ra bilish va to‘g‘ri prognoz qilish qobiliyatining hosilasi sifatida yuksak baho berganini anglatadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bevosita tashabbusi asosida qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining ushbu yangi rezolyusiyasi nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari, balki butun Yevroosiyo makonida doimiy va barqaror rivojlanishga erishish yo‘lida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi.

Ikki mintaqa tez rivojlanayotgan makon hisoblanadi. Shunday ekan, O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi mazkur mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha strategik loyihadir. Prezidentimiz mintaqada strategik muvozanatni ta’minlashga intilmoqda. Binobarin, xalqaro munosabatlarga yangi ruh, yangicha iqlim baxsh etildi. Regionalizmning yangi ruhi yaratildi.

BMT Bosh Assambleyasining ushbu rezolyusiyasi esa Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha yangi xalqaro-huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Zero, mintaqalararo bog‘liqlik doirasidagi o‘zaro hamkorlikdan barcha mamlakatlar manfaatdor.

Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari birgalikda farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamin yaratadi”.

 

G‘ulom MIRZO suhbatlashdi

QMPTI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

Powered by GSpeech