Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va milliy qonunchilik: uyg‘unlik va muvofiqlik tahlili

2022 yil 11 avgust kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi BMTning Iqtisodiyot va ijtimoiy masalalar departamenti hamda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda “Milliy qonunchilikning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalariga muvofiqligi tahlili” mavzusida seminar o‘tkazdi.

Mazkur tadbir xalqaro ekspertlarBMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamentining Inklyuziv va ijtimoiy rivojlanish bo‘limi rahbari Oleg Seryojin, Rossiya Federatsiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining “Sankt-Peterburg ekspert-shifokorlar malakasini oshirish instituti” Federal davlat byudjeti qo‘shimcha kasbiy ta’lim muassasasi rektori Oksana Vladimirova, Armanistonning “Urartu” amaliy psixologiya va sotsiologiya universiteti kafedra mudiri Jemma Bagdasaryanning O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida tashkil etildi.

Xalqaro ekspertlarning tashrifidan ko‘zlangan maqsad – nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish hamda ularni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish va tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha kadrlar tayyorlash milliy tizimini ishlab chiqish va joriy etishning milliy mexanizmi bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish va tavsiyalar berishdan iborat.

Seminarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Roli Astxana, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova,  O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Erkin Muhitdinov, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isakov, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi Komil Abdullaev, Sirakuza universiteti doktoranti Mirjahon Turdiev  so‘zga chiqdi.

Seminarda “O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash”, “Nogironlik ijtimoiy modelining huquqiy asoslari” “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish uchun shart-sharoitlar yaratish” kabi mavzular muhokama qilindi.

Mamlakatimizda «Inson qadri uchun» g‘oyasi hamda hozirgi islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan «Inson – jamiyat – davlat» degan yondashuvni barcha sohalardagi yangilanishlarning mazmun-mohiyatiga chuqur singdirilayotgani seminar ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi. Bunda, jumladan, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish jarayonida ijtimoiy sohada xorijiy mamlakatlar tajribasini joriy qilish masalasiga e’tibor qaratilayotgani alohida qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev tasdiqlagan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan va mantiqiy ketma-ketlikda amalga oshirilayotgan islohotlar birinchi navbatda inson qadrini ulug‘lashga, inson manfaatlariga, shu jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, kam ta’minlanganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar, xotin-qizlar va keksalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani katta ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalari izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlar BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyiliga hamohangdir.

Xalqaro ekspertlar BMT Konvensiyasini amalga oshirish jarayonida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza va nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishda zamonaviy tendensiyalarni joriy etish, ijtimoiy sohadagi islohotlarni ro‘yobga chiqarish jarayonlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni keng jalb qilish hamda jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Seminar amaliy bahs-munozaralar ruhida o‘tdi. Tadbir yakunida, xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini O‘zbekiston milliy qonunchiligiga implementatsiya qilish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

 

Powered by GSpeech