KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR INSON QADRI VA ERKINLIKLARINI YUKSAKLIKKA KO‘TARADI

“O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi joriy yil 1 avgustda yakunlandi. Mazkur qonun loyihasi yuzasidan davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkil otlar, jamoat birlashmalarida keng ko‘lamli muhokamalar o‘tkazildi.

E’tiborlisi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga xorijiy ekspert va mutaxassislar ham befarq bo‘lmadi.

 

Hamdi TURSUJI, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot maslahatchisi:

— 1992 yilda, mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilingan va o‘tgan davrlarning ko‘plab mafkuraviy talablarini o‘zida mujassam etgan amaldagi O‘zbekiston Konstitutsiyasini jamiyat taraqqiyotining za­monaviy qarashlariga mos ravishda yangilashga ehtiyoj sezilayotgandi.

Qonunchilikka ko‘ra, Konstitusiyaga o‘zgartishlar kiritish mamlakat parlamenti orqali ham amalga oshirilishi mumkin edi. Biroq Prezident Shavkat Mirziyoyev oqil, uzoqni ko‘ra bilgan siyosatchi bo‘lgani tufayli umumxalq referendumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston xalqiga umumxalq muhokamasida ishtirok etib, konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha o‘z fikrini bildirish imkoniyatini berdi.

Konstitutsiya davlat boshqaruvi tizimini markazsizlashtirish, hududlarning mustaqilligini oshirish, jumladan, ichki va xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish sohasida ham mustahkam huquqiy asos yaratadi. Yangi O‘zbekistonning barpo etilishida hal qiluvchi omillardan biri uning dunyoga ochiqligidir. Keyingi yillarda mamlakatning yangilangan tashqi siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasida salmoqli ishlar qilindi.

Ayni paytda mintaqada va butun dunyoda vaziyat tez o‘zgarmoqda, bu esa O‘zbekiston tashqi siyosatini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Mintaqadagi mavjud ijobiy tendensiyalarni, Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonchni mustahkamlash va hamkorlikning uzluksiz rivojlanishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Bu boradagi asosiy vazifa mintaqani xavfsiz, barqaror rivojlanish, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik xududiga aylantirishdan iborat.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartishlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning borishini o‘zida aks ettiradi, shuningdek, ular islohotlarning yangi yo‘nalishlari mustahkamlanishini ham nazarda tutadi.

O‘zgartishlarda asosiy e’tibor “inson huquqlari”, “ijtimoiy siyosat” va “fuqarolik jamiyati” kabi tushunchalarni huquqiy tomondan yanada mustahkamlash hamda O‘zbekiston yetakchisining islohotchilik siyosatini davom ettirishga qaratilgan, deb o‘ylayman. Ishonchim komilki, bu islohotlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini yanada mustahkamlash, mamlakat ichkarisida insonning huquq va erkinliklari kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Mushfig JAFAROV,

Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati:

— Ozarbayjonda qardosh O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar bilan bog‘liq jarayonni kat­ta qiziqish bilan kuzatishmoqda. Mamlakatda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tgani, unda fuqarolarning faol ishtirok etganining o‘zi e’tiborga molik. Maqsad — fuqarolik jamiyati sari odimlash. Bu O‘zbekistonda fuqarolar va xalq manfaatlari hamma narsadan ustun ekanidan dalolat beradi. Bunday yondashuv barchamiz uchun yaxshi voqea, yaxshi yangilikdir.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan takliflar faoliyatning eng muhim yo‘nalishlari — tadbirkorlik, xususiy mulk, inson huquqlari, shuningdek, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarini rivojlantirishni optimallashtirishga qaratilgan. Buni juda to‘g‘ri yo‘nalish, deb hisoblayman.

Umid qilamanki, ushbu sa’y-harakatlarning barchasi istiqbolda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona va qardoshlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Ayni paytda hamkorligimiz uchun umumiy asos, mustahkam poydevor mavjud.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartishlar kelgusida shaxs va fuqaro mavqeini mustahkamlashga qaratilgan. Chindan ham, inson manfaatlari hamma narsadan ustun turadi. Mazkur tamoyil biz, ozarbayjonliklar uchun ham g‘oyat muhim hisoblanadi.

Nishant BAJAJ, Hindistonning «Pratiksha» shifoxonasi ta’sischisi:

— O‘zbekiston Konstitutsiyasi 30 yoshga to‘lmoqda. O‘tgan yillar ichida mamlakatda zamona­viy texnologiyalar, fuqarolarning turmush darajasini oshirish va milliy iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi.

E’tiborlisi shundaki, O‘zbekiston Prezidenti hukumat vakolatlarini kengaytirish, Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar, oilani qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’uliyatini Konstitutsiyada belgilash lozimligini ta’kidlamoqda. O‘zbekiston xalqining ham Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar mamlakat suverenitetini, davlatning ijtimoiy mohiyatini tobora mustahkamlab borishiga ishonchi komil. Binobarin, muhokamaga qo‘yilgan ko‘plab tuzatishlar insonparvarlik tamoyillariga asoslangan, hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Ruslan IZREKOV, Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi a’zosi:

— O‘zbekiston rahbariyati mamlakat­ning yanada rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lgan dunyoviy demokratik jami­yat barpo etish yo‘lida pragmatik qadamlar tashlamoqda. Qirg‘iziston o‘zining eng yaqin qo‘shnisi sifatida so‘nggi yil­larda, jumladan, koronavirus pandemiyasining og‘ir davrida qirg‘iz xalqiga katta yordam ko‘rsatgan kuchli O‘zbekistonni ko‘rishni istaydi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar, birinchi navbatda, mamlakat aholisining huquq va manfaatlarini ta’minlashga

qaratilgan. Ko‘pgina demokratik mamlakatlarda ham kuzatilmaydigan davlat organlari faoliyatining shaffofligi omili bunda muhim ahamiyat

kasb etadi. Ushbu o‘zgartishlarning Konstitutsiyada mustahkamlanishi ijro hokimiyati organlari faoliyatining yana­da ijtimoiy yo‘naltirilishiga hamda mamlakat aholisi uchun qulayliklar yaratilishiga imkon beradi.

Shavkat Mirziyoyevning birinchi prezidentlik muddatida O‘zbekiston butun dunyoga ochildi. Bu esa mamlakat­ning xorij sarmoyasi va turizmi uchun yanada jozibador bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanmoqda, ko‘plab sanoat va uy- joy ob’ektlari qad rostladi. Qirg‘izistonlik ekspertlar bunday konstruk­tiv siyosat kelajakda ham davom etishiga ishonadi.

Almaz ABILDAEV, ekspert (Qozog‘iston):

— O‘zbekistonda muhokama qilinayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Qozog‘iston jamoatchiligi faollarida ham qiziqish uyg‘otmoqda. Darhaqiqat, mamlakat taraqqiyotini yuqori sur’atlarda davom ettirish, ijtimoiy himoyalangan va erkin fikrlovchi zamonaviy avlodni tarbiyalash uchun mustahkam qonuniy poydevor qo‘yish zamon talabiga aylanmoqda.

E’tiborlisi, O‘zbekiston Bosh qomusining yangi loyihasida asosiy urg‘u aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va fuqarolik jamiyati bar­po etishga qaratilgan. Ushbu loyihada “Inson qadri” tushunchasi va uni Asosiy Qonunga muhrlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Qayd etilganidek, insonni qadrlovchi ijtimoiy davlatda aholi turmushi uchun zarur bo‘lgan ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasi bilan ta’­minlash, majburiy mehnatga chek qo‘yish muhim rol o‘ynaydi. Shu maqsadda O‘zbekiston yetakchisi aholi uy-joylarining noqonuniy buzilishi holatlariga butunlay barham berish uchun fuqarolarning mulk huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining bar­cha qatlamini uy bilan ta’minlash bo‘yicha davlat majburiyatlarini mustahkamlashni taklif etmoqda.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan chet elda yashayotgan va ishlayotgan fuqarolar hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida davlat g‘amxo‘rlik qilishiga oid alohida nor­ma kiritish taklif etildi. Bu kabi konstitutsiyaviy me’yorning qabul qilinishi chet eldagi O‘zbekiston fuqarolarini, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga huquqiy asos bo‘ladi.

Ma’lumki, Qozog‘iston va O‘zbekistonni ko‘plab umumiy jihatlar bog‘lab turadi. Yurtingizda yangi O‘zbekiston barpo etilayotgan bo‘lsa, Qozog‘istonda ham yangi Respublika shiori ostida islohotlar olib borilmoqda. Ikki davlat rahbarlari ham aholini ijtimoiy himoya qilish, yosh avlodni tarbiyalash va yetuk kadrlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shak-shubhasiz, O‘zbekistonda kutilayotgan konstitutsiyaviy o‘zgartishlar xalq manfaatlariga xizmat qiladi.

Go‘zal MAITDINOVA, Tojikiston Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori:

— Tojik va o‘zbek xalqlari birgalikda, bir-birini qo‘llab-quvvatlab, ming yillar davomida tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan abadiy qardoshlardir. Biz yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga munosib bo‘lib, mamlakatlarimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi jarayonlarni diqqat va katta qiziqish bilan kuzatib boramiz.

O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlarning asosiy maqsadi fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati, xalq manfaatini har qanday tajovuzlardan himoya qilishni ta’minlashdan ibo­rat, deb o‘ylayman. Bunday amaliyot barcha mamlakatlarda mavjud va ma’lum bir jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, harbiy-texnik va boshqa qator hayotiy holatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Konstitutsiya oddiy xujjat emas, aksincha, u davlatning eng oliy huquqiy qonuni bo‘lib, jamiyat taraqqiyoti bilan unga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish zarurati yuzaga keladi. O‘zbekiston Prezidenti 1992 yilda amaldagi Asosiy Qonunni ishlab chiqishda ish­tirok etgan komissiya a’zosi sifatida Konstitutsiya mustaqillik yillarida erishilgan barcha yutuqlar uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilganini ta’kidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga va qardosh o‘zbek xalqiga o‘z maqsadlariga erishishda muvaffaqiyat tilayman.

Jumamirat GURBANGELDIEV, Turkmaniston Xalqaro munosabatlar instituti rektori:

— O‘zbekiston nafaqat yosh suveren davlat, balki yoshlar davlati hamdir. Chunki mamlakat aholisining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Albatta, bu katta boylik. Biroq bunday salohiyatni faqat rivojlangan ta’lim tizimi bilan amalga oshirish mumkin, u hozirgi paytda sezilarli o‘zgartishlarni boshdan kechirmoqda, ushbu muammo bo‘yicha keng ko‘lamli munozaralar olib borilmoqda, globallashuvning zamonaviy muammolari sharoitida milliy ta’lim tizimlarini rivojlantirishning yangi ssenariylari va ularni dunyoviylashtirish strategiyalari izlanmoqda.

Shu bois mamlakatning Asosiy Qonunida yangi O‘zbekiston yaratuvchilari bo‘lgan yoshlarning huquq va erkin­liklari, shuningdek, qonuniy manfaatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning dolzarbligi alohida ta’kidlangan. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi oilaviy qadriyatlar, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim sohalari, shuningdek, ilmiy va madaniy muassasalar uchinchi Renessans davrining eng muhim bo‘g‘inlari, mustahkam ustunlari hisoblanadi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartishlarda iqtidorli yoshlarni doimiy tarzda davlat tomoni­dan qo‘llab-quvvatlash zarurligini mustahkamlash bo‘yicha taklif etilayotgan “Davlat iste’dodli yoshlarga moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, o‘qishni davom ettirishga kafolat beradi”, degan normani alohida ta’kidlamoqchiman. Bu noyob innovatsion konstitutsiyaviy norma, albatta, davlatning intellektual elitasini shakllantirishga, samarali inson resurslariga va davlatning barqaror, dinamik, innovatsion rivojlanishiga hamda milliy xavfsizlikni ta’minlashga hissa qo‘shadi.

Ron LEDBETTER, Tennesi universiteta yuristi:

— O‘zbekiston Asosiy Qonunga yangi o‘zgartishlar kiritish jarayonida katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Konstitutsiya xalqning intilishlari, istaklari va umidlarini aks ettiruvchi hujjatdir. Konstitutsiyaviy komissiya faoliyat yuritmoqda, keng jamoatchilik minglab takliflar kiritdi. Bu Prezidentga va uning O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi zamonaviy davlatga aylantirish borasidagi uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosatiga mamlakat xalqining katta qiziqishi va ishonchidan dalolat beradi. Bunga Konstitutsiyaga kerakli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali erishish mumkin. Prezident ta’kidlaganidek, konstitutsiyaviy o‘zgartishlar barcha huquq va erkinliklarni, jumladan, munosib hayot, uy-joy, ish joyi va boshqalarni ta’minlash orqali O‘zbekiston xalqining farovonligini oshirishga qaratilishi lozim.

O‘lim jazosini taqiqlash zamonaviy sivilizatsiya va insonparvarlik standartidir. Davlat rahbari tomo­nidan ilgari surilgan tegishli taklif juda dolzarbdir, chunki yashash huquqi har bir insonning eng oliy rutbasi hisoblanadi.

O‘ylaymanki, xalq bu taklifni bo‘lajak referendumda qo‘llab-quvvatlaydi.

Hukumat va hokimliklarning xalq oldidagi mas’uliyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ularning faoliyatidagi ochiqlik va oshkoralikni ta’minlaydi. Konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekistonni haqiqiy ij­timoiy davlatga aylantiradi, unda barcha toifadagi fuqarolar, shu jumla­dan, bolalar va nogironligi borlar manfaatlari hisobga olinadi. Atrof- muhitni muhofaza qilish sohasida taklif etilayot­gan o‘zgartishlar global iqlim o‘zgarishi, jumladan, Orol inqirozi fonida juda zarur.

Ishonchim komilki, ilga­ri surilgan takliflar O‘zbekiston xalqi tomonidan referendumda qo‘llab- quvvatlanadi.

Maks SEY, «Kingsley Strategic Institute» ijrochi direktori:

— O‘zbekistonda so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilib, Markaziy Osiyoda,qkolaversa, rivojlanayotgan davlatlar orasida yangi porloq yulduz bo‘lib dunyoga dong tarata boshladi. Ushbu islohotlar natijasida O‘zbekiston qanchalik jadal sur’atlarda o‘zgarib, yangilanib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Nafaqat mar­kaziy shaharlar va ko‘hna kadamjolar, balki kichik shahar va tuman markazlarida ham sezilarli o‘zgarishlar shiddat bilan hayotga tatbiq qilinayotganini e’tirof etmoqchiman.

Eng muhimi, o‘zbekistonliklar o‘z kelajagiga yuksak ishonch bilan qaramoqda, tinch- osoyishta hayot kechirmoqda, fuqarolarning huquq va erkin­liklari tobora mustahkamlanib bormoqda. Bularning barchasi fuqarolik jamiyatining asosi hisoblanadi.

O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida “Inson qadri uchun” tushunchasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Xalq kabulxonalari, “Yagona darcha” tizimlari joriy etilganining o‘zi qanchadan-qancha fuqarolarning og‘irini yengil qildi. Endi esa ushbu islohotlar mamlakat Konstitutsiyasi darajasida ham o‘z ifodasini topish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Har bir davlat Bosh qomusini imkon qadar qisqa va lo‘nda, shu o‘rinda xalq hayotining muhim ahkomlarini o‘z ichiga qamrab oladigan darajada yaratishga harakat qiladi. O‘zbekiston ham shu yo‘ldan borib, xalq irodasiga quloq solgan holda o‘z Konstitutsiyasiga tegishli o‘zgartishlar kiritish jarayonini bosh­ladi. Demak, xalq bunga tayyor va o‘z irodasi o‘laroq yangiliklarni xohlamoqda. Buni O‘zbekiston jamiyati fuqaro­lik va xalq demokratiyasidan keng foydalana boshlaganining alomati, deb bilaman. Bag‘rikeng va mehmondo‘st O‘zbekiston xalqiga ushbu tub islohotlarni samarali amalga oshirishida omad tilab qolaman.

SOYIBNAZAROV («Xalq so‘zi») yozib oldi.

 

Powered by GSpeech