JAHON KONSTITUTSIYALARI”NING CHOP ETILISHI O‘Z VAQTIDA AMALGA OSHIRILGAN XAYRLI ISH

Tarixga nazar solsak, har bir xalqning asrlar davomida shakllangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlari va insonning tabiiy huquqlari sivilizatsiya jarayonlari natijasi Konstitutsiya shakliga kelganini ko‘ramiz. Uzoq asrlar davomida bashariyat ming-minglab qoidalar va nizomlardan jamiyat uchun asosiylarini va o‘ta muhimlarini tanlab oldi. Aynan ana shu tanlab olingan qoidalar muayyan mamlakatning Konstitutsiyasi yaratilishiga poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Har bir davlatning o‘z Konstitutsiyasida bayon etilgan tushunchalar shu qadar ahamiyatliki, uning hech bir fuqarosi ularsiz yashay olmaydi, negaki insonning har kuni duch keladigan muammolarni hal etishga qaratilgan faoliyati mamlakat asosiy qonuniga kiritilgan bosh g‘oyalar, qoidalar va moddalarga bog‘lyqdir. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimdagi nutqida "... Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda”, deb Konstitutsiyaning mamlakatimiz taraqqiyotidagi ahamiyatini alohida e’tirof etgan edi. Darhaqiqat, jamiyatdagi barcha ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning negizi har bir davlatning bosh qomusi bo‘lmish Konstitutsiyaga borib taqaladi. Shu ma’noda, davlatlarning Konstitutsiyasini o‘qish, o‘rganish barobarida ularning davlat organlari va milliy huquq tizimi, mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy munosabatlarni tartibga soluvchi asos va tayanch normalar haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Atoqli olimlarning Konstitutsiya haqidagi falsafiy iboralari va hikmatli iqtiboslari bizni har bir davlatning asosiy qonuni bo‘lmish Konstitutsiya haqida yanada kengroq fikr yuritishga, ularni yanada chuqurroq o‘rganishga undaydi.

Taniqli fizik olim Albert Eynshteyn “Konstitutsiyaning kuchi butunlay har bir fuqaroning uni himoya qilishga qat’iyat bilan intilishidadir. Konstitutsiyaviy huquqlar har bir fuqaro ushbu himoyaga hissa qo‘shishni o‘z burchi deb bilsagina himoya qilinadi”, deb Konstitutsiya kuchi haqida o‘z fikrlarini bildirgan. Amerikalik huquqshunos, AQSh Oliy sudining uzoq yillar a’zosi bo‘lgan Oliver Vendell Xolms “Konstitutsiyalar nazariyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun emas, balki amaliy va moddiy huquqparni saqlash uchun mo‘ljallangan*, deb ta’kidlaydi. Amerikalik huquqshunos va siyosatchi Edvard Mur Kennedi esa “Konstitutsiya nafaqat biz bilan hamohang bo‘lgan qarashlarni himoya qiladi, u shuningdek, biz norozi bo‘lgan qarashlarni ham himoya qiladi”, deya qiziqarli fikrlarini aytib o‘tgan. Akademik, yuridik fanlar doktori, professor A. Saidov “Konstitutsiya muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida kishilik sivilizatsiyasining yutug‘i, umuminsoniy qadriyat va demokratik taraqqiyotning yuridik asosidir”, “Konstitutsiya bu dogma emas, u harakat uchun dastur bo‘lishi kerak”, “Konstitutsiya huquqiy bilimlarning alifbosidir”, degan chuqur huquqiy-falsafiy fikrlarni bayon etgan holda, mamlakatimiz Konstitutsiyasini o‘rganish va bilish, unga rioya qilish va Asosiy qonunimiz bilan faxrlanishni albatta zarur, deb hisoblaydi.

Shu o‘rinda, “Jahon konstitutsiyalari” deb nomlangan ushbu to‘plam o‘z mohiyati jihatidan bugungi kundagi dunyoning konstitutsiyaviy xaritasidan o‘rin olgan turli mamlakatlarning konstitutsiyalari bilan tanishishda biz uchun beminnat dastyor bo‘lib xizmat qiladi.

E’tiborli jihati, “Jahon konstitutsiyalari” to‘plamining muqaddimasidan o‘rin olgan “Jahon konstitutsiyalari laboratoriyasi”dan lavhalar deb nomlangan qismida dunyoda amalga oshirilayotgan zamonaviy konstitutsiyaviy islohotlar, yangi O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohoti, konstitutsiya tushunchasi va rivojlanishi, konstitutsiyaning yuridik ta’rifi va funksiyalari, konstitutsiyaviy nazorat, konstitutsiya— bevosita amal qiluvchi huquq ekanligi, uning hajmi va tuzilishi, siyosiy partiyalar, kam sonli millatlarning huquqlari, hokimiyat vakolatlarining bo‘linishi, konstitutsiyaning samaradorligiga oid muhim bilimlar kitobxonlarga taqdim etilgan.

Bundan tashqari, ushbu to‘plamda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Iordaniya, Italiya, Polsha, Saudiya Arabistoni, Slovakiya, Fransiya, Chexiya, Yaponiya kabi dunyoning rivojlangan mamlakatlari konstitutsiyalarining yuqori saviyada, keng ommaga tushunarli, ravon tilda amalga oshirilgan tarjimasidan tashqari, har bir davlatning konstitutsiyasi tarixi, konstitutsiyaviy tuzumi, davlat tuzilish shakli, boshqaruv shakli, davlat hokimiyati organlari tizimi, huquqtizimi, sud tizimi haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.

O‘z mohiyati jihatidan muhim bo‘lgan “Jahon konstitutsiyalari” to‘plami nafaqat talaba, huquqshunos, tadqiqotchi, professor-o‘qituvchilar uchun, balki jahon konstitutsiyalari bilan qiziquvchi kitobxonlarga o‘ziga xos manba bo‘lib xizmat qiladi.

I.KARIMOVA.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, yuridik fanlari doktori

Powered by GSpeech