Ma’lumki, korrupsiya keltiradigan zarar siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Jumladan, prezidentlik lavozimiga kirishganidan keyin davlatimiz rahbari tomonidan dastlabki imzolangan hujjat bu “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni hisoblanadi.
Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, huquqiy qonunchilikning takomillashtirilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida davlat organining tashkil etilishi, vazirlik va idoralar faoliyatining raqamlashtirilishi natijasida so‘nggi 7-8 yillik vaqt oralig‘ida muayyan ijobiy natijalarga erishildi.
Xususan, Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2024 yil natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz 32 ball to‘plab, 2017 yilgi 157 o‘rindan 121 o‘ringa ko‘tarildi. Qolaversa, korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlar natijadorligini oshirishda ijtimoiy masalalarga oid ochiq ma’lumotlar ko‘lami yanada kengayganligi, ulardan to‘siqlarsiz foydalanish imkoniyatlari yaratilganligi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, yurtimizda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tizim yaratilib, parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash va alohida Agentlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Eng muhimi, Prezidentimizning siyosiy irodalari bilan jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi faoliyati jonlanib, ilgari yopiq bo‘lgan korrupsiya mavzusi jurnalistlar tomonidan baralla fikr bildirib yoritiladigan bo‘ldi.
Albatta, erishilgan natijalar o‘zimizniki, ammo bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek yuksak g‘oyani amalga oshirishda bu borada hali qilinishi zarur bo‘lgan vazifalar borligi ham hech kimga sir emas. Eng muhimi, bu masala doimiy ravishda davlatimiz rahbari e’tiborida bo‘lib kelayotganligidir.
Hech shubhasiz, kuni kecha Prezidentimizning xalq vakillari bilan birgalikda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etganligi bu O‘zbekiston tarixida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida katta bir tarixiy voqelik bo‘ldi. Sababi, yig‘ilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga tanqidiy baho berilib, Prezidentimiz tomonidan kelgusida hal etilishi lozim bo‘lgan eng muhim vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, davlat rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi to‘liq yangilanib, ularga oldingidek viloyat hokimlari emas, xalq deputatlari viloyat Kengashi raislari rahbarlik qilishi belgilandi.
Endilikda, ushbu hududiy kengashlar pastki bo‘g‘ingacha tushib, korrupsiyani keltirib chiqaradigan omillarni aniqlaydi, ularga qanday barham berish kerak, qaysi qonunni o‘zgartirish zarur degan savollarga javob topib, har chorakda kamida bitta sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritib boradi.
Shuningdek, joriy yilda barcha xizmatlar bo‘yicha davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni tuman kesimida baholaydigan tizim ishga tushiriladi. Natijada, ko‘rsatilgan servis sifatiga aholining o‘zi baho beradi, eng yomon deb topilgan idora rahbarlari xulosa chiqaradi. Aholi tomonidan eng ko‘p murojaat bildiriladigan suv, gaz, elektrga ulanish, subsidiya, pensiya va moddiy yordam olish kabi yo‘nalishlarda onlayn javob oladigan tizim ishga tushiriladi. Bu esa fuqarolarni idorama-idora yurishdek ortiqcha ovoragarchiliklardan qutqaradi.
Prezidentimiz tomonidan bildirilgan yana bir muhim yangilik, bundan buyon sektorlar faoliyati bilan prokuror, ichki ishlar va soliq organlari shug‘ullanmasligidir. Ularning o‘rniga endilikda Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli sohalar bilan o‘z kuchi va tizimi bilan shug‘ullanishi belgilandi.
Hech shubhasiz aytish mumkinki, ushbu tashabbus ham o‘z o‘rnida amalga oshirilmoqda. Boisi, davlatimiz rahbari aytib o‘tganidek, prokuror, ichki ishlar va soliq organlari xodimlari asosiy ish vaqtlarini sektorlarda o‘tkazishi, ushbu tizim bilan bog‘liq ayrim masalalar o‘z vaqtida yechilmaslik holatlarini ham yuzaga keltirayotgan edi.
Ammo aytib o‘tish kerakki, sakkiz yil oldin ushbu idoralarning sektorlar kesimida biriktirilishi, hududlar infratuzilmasini yaxshilash, aholi muammolarini hal etish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish, eng muhimi, bir vaqtlar kayfiyatiga qarab fuqarolar murojaatini qabul qiladigan prokuror, ichki ishlar xodimi va soliqchilarni pastga xalq ichiga kirib ishlashga o‘rgatdi.
Sakkiz yil bu kichik muddat emas, bu vaqt oralig‘ida prokuror, ichki ishlar va soliqchilar mahallama-mahalla, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, fuqarolar bilan qanday muloqot qilish kerakligi, o‘z tizimida pastki bo‘g‘inda qanday muammolar mavjud ekanligini o‘rganishdi. Qolaversa, endilikda har bir mahallada yangi tizim “mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yettilik orasida ham bu tizim xodimlarining borligi boshlangan islohotlar izchil davom ettirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, yil yakunigacha sun’iy intellekt yordamida davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha elektron tizimning ishga tushirilishi, kiber korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy bazaning yaratilishi bularning barchasi yaqin vaqt ichida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida samarali natijalarga erishish imkonini beradi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA
- Qo'shildi: 07.03.2025
- Ko'rishlar: 196
- Chop etish