Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun ma’muriy sudga murojaat qilishga haqli. Xo‘sh, ma’muriy sudlarga murojaat qilish tartibi qanday?
Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i Aziz Obidov javob berdi:
– Ma’muriy sudga ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar taalluqli hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, ma’muriy organlar, deganda, Prezidentimizning 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan respublika davlat boshqaruvi organlari (vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar) va ularning hududiy organlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, ma’muriy-boshqaruv vakolati berilgan boshqa organlar, tashkilotlar va maxsus tashkil etilgan komissiyalar tushuniladi.
Jumladan, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, Majburiy ijro byurosi, notariuslar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan ma’muriy hujjatlar, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (yoki harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga shikoyat qilinishi mumkin.
Ma’muriy hujjat ma’muriy vakolatga ega organ (mansabdor shaxs) tomonidan qabul qilinishi, tashqi subyektlarga (jismoniy va yuridik shaxslarga) qaratilgan bo‘lishi, muayyan huquqiy oqibat keltirib chiqarishi bilan umummajburiy xususiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlardan farq qiladi.
Ikkala toifadagi hujjatning asosiy farqi shundaki, umummajburiy xususiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilish mumkin emas, bundan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar mustasno. Umumiy qoida bo‘yicha ma’muriy organning qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran olti oy ichida sudga berilishi mumkin.
Arizachiga o‘zining huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilganligi yoki huquq va erkinliklarini amalga oshirishga to‘siqlar vujudga keltirilganligi, arizachining zimmasiga biror-bir majburiyat yuklanganligi ma’lum bo‘lgan kunning ertasidan sudga murojaat qilish muddati boshlanadi. Shikoyat ma’muriy hujjatni haqiqiy emas, harakat (harakatsizlik)ni qonunga xilof, deb topish to‘g‘risida bo‘lib, ma’muriy organ joylashgan yoxud mansabdor shaxs ishlaydigan joydagi tumanlararo ma’muriy sudga beriladi.
Ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda jismoniy shaxslardan davlat boji undirilmaydi. Davlat boji ishning natijasi bo‘yicha qanoatlantirilgan talabga mutanosib ravishda taraflardan undiriladi. Bordi-yu ariza rad qilinsa, jismoniy shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
N.Abduraimova,O‘zA
- Qo'shildi: 13.03.2024
- Ko'rishlar: 2858
- Chop etish