SHARH
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Suriya va Iroqdagi qurolli mojarolar boshlanganidan beri o‘tgan davr mobaynida 60 dan ortiq mamlakatning 50 mingga yaqin aholisi “Islom davlati” va boshqa xalqaro terrorchilik guruhlariga qo‘shilish uchun jalb qilingan.
Hozirgi vaqtga kelib mazkur terrorchilik kuchlarining harbiy va siyosiy ildizlari qirqilgan, faol qurolli to‘qnashuvlarga barham berilgan bo‘lsada, ayrim hududlarida o‘n minglab xorij davlatlari fuqarolari qolib ketmoqda. Gumanitar vaziyat o‘ta murakkab bo‘lgan bunday joylarda qolishga majbur bo‘lganlarning ko‘pchiligi ayollar va bolalar ekanligi juda achinarlidir. BMT ekspertlarining ta’kidlashicha, ular muttasil ravishda “majburiy mehnatga jalb qilingan, zo‘ravonlikka, shafqatsiz muomalaga uchrashgan”.
Shu sababli ham, xalqaro hamjamiyat tomonidan mazkur masalaga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida BMTning bu yo‘nalishda bir nechta maxsus Rezolyutsiyalari qabul qilingan. Bu hujjatlarda, jumladan, ishtirokchi-davlatlar tomonidan terrorchilik guruhlari faoliyatida ishtirok etgan xorijlik jangarilar va ularning oila a’zolarini huquqiy ta’qib qilish, o‘z yurtiga qaytarish, reabilitatsiya qilish va qayta jamiyatga qo‘shishga qaratilgan xalqaro huquq normalariga mos maxsus kompleks strategiyalar, harakat dasturlarini ishlab chiqish tavsiya qilingan.
Markaziy osiyo davlatlari bunday vaziyatlarga duchor bo‘lgan o‘z fuqarolarini qaytarib kelish, ularni jamiyatga qo‘shish va oilalarni tiklash sohasida sezilarli ijobiy natijalarga erishgan. 2024 yil mart holatiga 2100 dan ortiq mintaqamiz fuqarolari maxsus insonparvarlik amaliyotlari natijasida o‘z yurtlariga qaytarilgan bo‘lib, ularning 754 nafari Qozog‘iston, 511 nafari Qirg‘iziston, 334 nafari Tojikiston fuqarolaridir.
O‘zbekiston o‘z fuqarolarini Suriya, Iroq va Afg‘onistondan repatriatsiya qilishga jiddiy kirishgan davlatlardan biri hisoblanadi. 2019 yildan beri 5 bosqichda bajarilgan “Mehr” insonparvarlik amaliyoti doirasidagi ishlar natijasida asosan ayollar va bolalardan iborat 531 fuqaro qaytarib kelingan.
Asosiy qismi ayollar va bolalardan iborat bo‘lgan bunday shaxslar BMT hujjatlarida tavsiya qilingan tartibda ko‘chirilganidan so‘ng, tegishli reabilitatsiya jarayonini o‘tashgan. Shundan so‘ng ularni oila bag‘irga va jamiyatga qayta qo‘shilishiga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ko‘rilgan. Ularning tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi, bolalarning bog‘chaga joylanishi va maktabga qatnashi uchun imkoniyatlari yaratilgan. Shu bilan birga, ko‘plab qaytarib kelingan shaxslarga manzilli ijtimoiy ko‘mak berilgan, shaxsiy tadbirkorlikni boshlash uchun mablag‘lar ajratilgan, oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi uchun ta’lim kreditlari ajratilgan.
Xalqaro huquqda har bir davlat o‘z fuqarolarining qayerda bo‘lishi, sodir etgan huquqbuzarligi yoki jinoyatidan qat’iy nazar, ularning huquqlarini himoya qilish majburiyati belgilangan. O‘zbekiston qurolli mojarolar hududlariga borib qolgan o‘z fuqarolariga birinchi navbatda jabrlanuvchi va qurbonlar sifatida qarashi, “Mehr” amaliyoti doirasidagi chora-tadbirlar insonparvarlik namunasi sifatida ifodalanishi, matbuot vositalarida ham shu tarzda yoritilishi qaytarilgan shaxslarning jamiyatda qaytadan o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashmoqda.
Ma’lumki, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining 2021 yil iyuldagi 47-sessiyasida O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini qurolli mojarolar hududidan qaytarish dasturi va bu sohadagi ijobiy ishlar fuqarolari hozirgacha Suriya, Iroq singari hududlarda qochqin maqomida bo‘lgan boshqa davlatlar uchun ham namuna sifatida xizmat qilishi mumkinligi e’tirof etilgan edi.
BMTning maxsus ma’ruzachisi Fionnuala ni Aolayn ham 2021 yil noyabr-dekabr oylarida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida yuqoridagi fikrlarga qo‘shilgan. U O‘zbekistonda yuzlab ayollar va bolalarni Suriya hamda Iroq va Afg‘onistondagi jang maydonlaridan olib chiqish va Reintegratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan “Mehr” amaliyotiga yuqori baho bergan. Xalqaro mutaxassis “Oila birligi va jamiyatni qo‘llab-quvvatlashiga asoslangan o‘zbek modeli repatriatsiya qilish, bola manfaatlarini himoya qilish, qaytarilgan ayollarni samarali Reintegratsiya qilish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotning namunasi” deb ta’kidlagan.
Shu ma’noda, 14 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Qurolli mojarolar hududlaridan qaytarilganlarni reabilitatsiya va Reintegratsiya masalalari bo‘yicha Markaziy osiyo Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi ko‘pchilikning diqqatini tortmoqda. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi singari nufuzli xalqaro tashkilotlar ishtirokida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur Mintaqaviy kengash Markaziy Osiyo davlatlari uchun umumiy bo‘lgan dolzarb muammolarni hal etishda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlanishiga xizmat qiladigan o‘ziga xos tahliliy markaz va amaliy harakatlar maydoni bo‘lib qoladi.
Anvar Eminov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish
Markazi eksperti
- Qo'shildi: 14.05.2024
- Ko'rishlar: 1862
- Chop etish