Milliy markazga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 10 noyabr kuni bo'lib o'tgan navbatdagi majlisida deputatlar «O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o'qishda ko'rib chiqdilar, deyiladi parliament.gov.uz xabarida.

Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida ko'zda tutilgan.

Qonun loyihasida fuqarolar va yuridik shaxslarga, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat kilish huquqi berilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiluvchi sub'ektlar doirasi kengaytirilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish va murojaatni dastlabki tarzda ko'rib chiqish va o'rganish masalalari aniq qilib belgilanmoqda.

Ma'lumot uchun: Hozirgi vaqtda Konstitutsiyaviy sudning faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan tartibga solinadi. Ammo, Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning o'zi tomonidan tasdiqlangan Reglament bilan belgilab berilgan.

Aksariyat mamlakatlar Konstitutsiyaviy sudlari to'g'risidagi qonun hujjatlarida bunday qoidalarni Konstitutsiyaviy sud tomonidan emas, balki qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan. Chunki, ish yuritishning protsessual qoidalari bevosita inson huquqlarini amalga oshirish bilan bog'liq va shuning uchun ham ular qonun bilan belgilanishi lozim.

Bundan tashqari konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotining tahlili mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda hal etilishi lozim bo'lgan yana bir qator dolzarb muammolar hamda huquqiy jihatdan tartibga solinishni taqozo etadigan masalalar mavjudligini ko'rsatmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech